"Milliy tiklanish" demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Alisher Qodirovning namanganlik saylovchilar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
"Qadriyatlarga tayangan taraqqiyot!" shiori ostida viloyat madaniyat markazida o‘tgan uchrashuvda partiya vakillari, deputatlar, o‘qituvchi va murabbiylar, mahalla faollari, partiyaga xayrixoh yoshlar ishtirok etdi.
Nomzod Alisher Qodirov boshqa uchrashuvlarda bo‘lgani kabi namanganlik saylovchilar bilan uchrashuvda ham asosan ta’lim va tarbiya tizimini isloh qilish, o‘qituvchilar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, pedagogikani o‘z hayotining mazmuni, deb bilgan mutaxassislarni tayyorlash haqida gapirdi.
– Tarbiya va ta’lim, ma’naviyat va ma’rifat partiyaning eng ustuvor vazifalaridan biri bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qoladi, – dedi Alisher Qodirov. – Chunki tarbiya va ta’limsiz hech bir millat, hech bir mamlakat taraqqiyotga erisha olmagan. Shunday ekan, maktabgacha ta’lim sohasida tarbiya tizimi qayta ko‘rib chiqilishi zarur. Sohadagi oliy ma’lumotli tarbiyachi pedagoglar atigi 20 foizga teng. Bog‘chalar – bolalarni vaqtincha saqlab turish joyi emas, chin ma’noda tarbiya maskaniga aylanishi zarur.
Prezidentlikka nomzod Alisher Qodirovning saylovoldi dasturida ilgari surilgan ustuvor yo‘nalishlar yuzasidan saylovchilar o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA