Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prezidentlikka nomzod Abdushukur Xamzayev buxorolik saylovchilar bilan uchrashdi
17:08 / 2023-06-15

O‘zbekiston Ekologik partiyasidan Prezidentlikka nomzod Abdushukur Xamzayev buxorolik saylovchilar bilan uchrashdi. Unda viloyat faollari, yoshlar va partiyaning viloyat Kengashi a’zolari, deputatlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Ishonchli vakil Sadoqat Siddiqova nomzodning tarjimai holi haqida ma’lumot berdi. Shundan so‘ng, Abdushukur Xamzayev o‘zining saylovoldi dasturida belgilangan ustuvor vazifa va maqsadlarga atroflicha to‘xtalib o‘tdi.

Nomzodning saylovoldi dasturida mamlakatning rivojlanishi va ertangi kuni bilan bog‘liq bo‘lgan muhim tashabbuslar ilgari surilgan. Dasturda birinchi navbatda ekologik holatni yaxshilash, xalqimizning hayot darajasi va sifatini oshirish hamda ijtimoiy muammolarni hal etish uchun yangi imkoniyatlardan foydalanish yo‘lida ustuvor vazifalar belgilab qo‘yilgan.

Shuningdek, Prezidentlikka nomzod mamlakatimizda ekologik xavfsizlikni ta’minlash, yuzaga kelayotgan ekologik muammolarni hal etish va iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlashda jamiyatning barcha kuchlarini birlashtirishga qaratilgan muhim ahamiyatga ega yo‘nalishlardan iborat taklif hamda g‘oyalari xususida so‘z yuritdi.

[gallery-12354]

Nomzod ta’kidlaganidek, O‘zbekiston Ekologik partiyasi “yashil taraqqiyot” hamda “yashil iqtisodiyot” ga o‘tishni jadallashtirish tarafdori. Partiya kelajakda yashil iqtisodiyot taraqqiy topgan, qayta tiklanuvchi energiya hamda resurs tejamkor texnologiyalar joriy etilgan, zamonaviy va raqobatbardosh iqtisodiyotni barpo etishni asosiy maqsad qilgan. Buxoro viloyatining ayrim tumanlarida dolzarb bo‘lgan toza ichimlik suvi, cho‘llanish muammolari haqida ham alohida to‘xtalib, bu masalalarni hal qilishga qaratilgan qator takliflar saylovoldi dasturidan o‘rin olgani ham aytib o‘tildi.

Uchrashuv davomida nomzodning saylovoldi dasturi bo‘yicha munosabatlar bildirildi. So‘zga chiqqanlar viloyatning ekologik muammolari va bu muammolarning yechimi bo‘yicha nomzodning saylovoldi dasturida qator taklif va tashabbuslar ilgari surilayotganini ta’kidladi.

– Prezidentlikka nomzodning saylovoldi dasturida shaharsozlik faoliyati hamda loyiha qurilish hujjatlari ishlab chiqilishida jamoatchilik nazorati kuchaytirilishi belgilangan, – deydi Buxoro Davlat tibbiyot instituti huzuridagi akademik litsey direktori Ra’no Ismatova. – Men partiya faoli sifatida ushbu vazifani muhim deb hisoblayman. Chunki har bir fuqaro qulay atrof-muhitda yashash huquqiga ega.

Uchrashuvda ishtirokchilarni qiziqtirgan savollariga nomzod va uning ishonchli vakili batafsil javob berdi. Saylovchilar nomzodning dasturini qo‘llab-quvvatlash va saylovda unga ovoz berishga chorlandi.

Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA