Sirdaryo viloyati Guliston shahrida O‘zbekiston Ekologik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Abdushukur Xudoyqulovich Hamzayev saylovchilar bilan uchrashdi.
Mahalliy Kengash deputatlari, ekolog olimlar, mahalla faollari, ta’lim, tibbiyot sohasi vakillari, yoshlar, partiya faollari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod A.Hamzayev saylovchilarni o‘z saylovoldi dasturi bilan tanishtirdi.


Nomzodning saylovoldi dasturida mamlakatimizda iqtisodiyotni isloh qilishga qaratilgan bir qator muhim tashabbuslar ilgari surilmoqda. Xususan, “Yashil viza” dasturini joriy etish, tarmoqlar va hududlarning “yashil iqtisodiyotga o‘tish indeksi”ni ishlab chiqish, yuk tashishni yirik mashinalardan temir yo‘llarga o‘zgartirishga qaratilgan choralar alohida e’tirof etildi.
Ijtimoiy sohada davlat stomatologik klinikalarini rivojlantirish, shaharlar Bosh rejalarini tuzishda kamida 30 foizli yashil maydonlar yaratish talabini mustahkamlash, shaharsozlik faoliyatida jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, normativ hujjatlarni qabul qilishda atrof-muhitga ta’sirini baholash tizimini joriy etish kabi e’tiborga molik tashabbuslar ilgari surildi.

Shuningdek, qonun ustuvorligini ta’minlash, sud-huquq sohasini isloh qilishga qaratilgan takliflarga alohida to‘xtalib o‘tildi. Xususan, ekologik qonunchilikni kodifikatsiya qilish orqali Ekologiya, Suv, O‘rmon kodekslarini qabul qilish, “Aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish to‘g‘risida” gi dasturni qabul qilish, ekologik sug‘urtalash tizimini rivojlantirish, malakali yuridik yordam va xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, ekolog-huquqshunoslarni tayyorlash tizimini takomillashtirish, ma’muriy organlar tomonidan jarima qo‘llashni qisqartirib, sudlarga kengroq vakolat berish, yo‘l harakati xavfsizligini faqat qonun asosida tartibga solishni yo‘lga qo‘yish va boshqalar.

Davlat va jamiyat qurilishi sohasidagi takliflar ham alohida e’tirof etildi. Jumladan, davlat ekologik siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini belgilashga qaratilgan “Barqaror ekologik rivojlanish Strategiyasi” ni qabul qilish, qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirish istiqbollarini belgilashga qaratilgan “Yashil energetika Strategiyasi” ni qabul qilish, suvdan samarali foydalanish va uning mahsuldorligini oshirishga qaratilgan milliy dasturni ishlab chiqish, qator xalqaro hujjatlarga a’zo bo‘lish kabi takliflar ilgari surildi.
Uchrashuvda Prezidentlikka nomzod Abdushukur Hamzayevning saylovoldi dasturidan hayotiy muhim masalalar o‘rin olgani, xalqimiz, jamiyatimiz, davlatimiz farovonligi bilan bog‘liq tashabbuslar ilgari surilayotgani, ushbu tashabbuslar bugungi kundagi dolzarb muammolar yechimiga yo‘naltirilgani ta’kidlandi. Shuningdek, saylovchilar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, jamiyatda ekologik madaniyatni yuksaltirish bilan bog‘liq o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldilar.
Shuhrat Suyarov, O‘zA