English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prezidentlik davrida Trampning boyligi ko‘paygan
19:27 / 2026-01-24

Oq uyga qaytgach, bir yil ichida AQSH Prezidenti Donald Trampning sof boyligi 6,6 milliard dollarga yetdi, deya ta’kidlamoqda “RIA Novosti”.

Darvoqe, uning otasi Fred Tramp ham  millioner bo‘lib, boyligini Nyu-Yorkda ko‘chmas mulk biznesidan orttirgan.

Donald esa o‘z loyihalari orqali milliarderga aylandi. Ilk bor 1988 yil “Forbes” jurnali ro‘yxatida paydo bo‘lganda, hali uning mavqei noaniq edi, chunki matbuot haqiqiy aktivi milliard dollarga yetganiga shubha bilan qaragan. Bu gumon 2024 yil sudda isbotlangan va o‘shanda Tramp oilasi bilan qulayroq kredit olish uchun qiymatni oshirib ko‘rsatgani bois qariyb yarim milliard dollar jarimaga tortilgan.

1990 yilga kelib, biznesidagi muammolar hamda bir necha loyihasi muvaffaqiyatsizlikka uchrashi ortidan Donald “Forbes” ro‘yxatidan chiqarildi va faqat 1997 yilga kelibgina, 1,4 milliard dollar bilan milliarderlar safiga qaytdi. Shundan keyin uning sof boyligi barqaror ravishda o‘sib, prezident lavozimiga kirishgunga qadar 4,5 milliard dollarga yetdi.

Birinchi muddatdagi notinchlik, ko‘plab sud jarayoni hamda 2020 yil saylovidagi mag‘lubiyat va tarafdorlari Kapitoliyga bostirib kirishi uning biznesi va obro‘siga jiddiy zarar yetkazdi. Natijada muddati tugashiga kelib, Trampning boyligi 2 milliard dollar kamayib ketdi.

2024 yil saylovdagi g‘alabadan so‘ng butun dunyo bo‘ylab qurilish loyihalari va mehmonxonalarda foydalanish uchun “Trump” brendi ostida litsenziyalash huquqiga talab oshdi va tabiiyki, uning daromadi ortdi. So‘ngra shaxsiy brend ostida O‘mon, BAA, Saudiya Arabistoni kabi qator mamlakatlarda loyihalar ishga tushirilishi rejasi e’lon qilindi. Uning mahsulotlariga talab kuchaydi: masalan, kepka, soat (2025 yil deklaratsiyasiga ko‘ra, savdo daromadi 2,8 million dollar), atir va “oltin” krossovka (2,5 million dollar foyda) va hatto Injil nashri (3 million dollar yig‘im) ham Oq uy rahbarining boyligiga boylik qo‘shgan.

S.Rahimov, O‘zA