Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prezidentlar Toshkent shahrida Koreys madaniyat va sanʼat uyi ochilishi marosimida ishtirok etdi
14:38 / 2019-04-20

Toshkent shahrida 20 aprel kuni Koreys madaniyat va sanʼat uyining tantanali ochilish marosimi oʻtkazildi.


Toshkent shahrida 20 aprel kuni Koreys madaniyat va sanʼat uyining tantanali ochilish marosimi oʻtkazildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje In rafiqalari bilan birgalikda ushbu doʻstlik va madaniyat saroyini ochdi.

d6e665e6-89eb-2c56-2463-8d60a941798c.jpg

– Poytaxtimiz koʻrkiga-koʻrk qoʻshib turgan ushbu muhtasham inshoot qiyofasida zamonaviy arxitektura yutuqlari anʼanaviy koreys madaniyati uygʻunlashgan. Bu maskan xalqlarimizning mustahkam doʻstligi va mamlakatlarimiz oʻrtasidagi munosabatlar yuqori bosqichga chiqqanining yorqin tasdigʻidir, – dedi davlatimiz rahbari.

1f194361-8e94-7391-0034-f4df50b3a98b.jpg

– Bu markaz doʻstlik, ahillik va mushtaraklik maydonidir. Oʻylaymanki, u Oʻzbekistondagi koreys diasporasi, shu yerda ishlayotgan koreyaliklar va barcha oʻzbekistonliklar uchun umumiy uy boʻladi. Koʻp jihatdan oʻxshash xalqlarimiz va birodarlashgan davlatlarimizni bogʻlab turadi, – dedi Mun Chje In.

eb605a89-fe35-15ca-aa03-d55dd8919ff0.jpg

Sahnada koreyslarning yurtimizga koʻchirib kelinishi, xalqimiz bilan ahil yashashi haqida badiiy kompozitsiya namoyish etildi.

6560d8ec-74b0-8542-d7f8-c79aad79b57a.jpg

Maʼlumki, 1937 yilda Uzoq Sharqdan oʻn minglab koreyslar mamlakatimizga koʻchirilgan. Oʻsha paytdagi qiyinchiliklarga qaramay, oʻzbek xalqi ularni ochiq qalb bilan qabul qilgan, ularga boshpana berib, mehr koʻrsatgan. Oʻzining mehnatsevarligi va qatʼiy irodasi, xalqlarimizning mentaliteti oʻxshashligi tufayli koreyslar yurtimizda ikkinchi Vatanini topdi. Ular Oʻzbekistonning teng huquqli fuqarosiga, jamiyatimizning faol aʼzolariga aylandi.

22cb89f0-5991-f0b2-9553-df34278974b0.jpg

Koreys diasporasi koʻp millatli Oʻzbekiston xalqining ajralmas boʻlagi boʻlib, anʼanaviy tarzda respublika miqyosida oʻtkaziladigan barcha ommaviy va madaniy tadbirlarda faol ishtirok etadi.

aae28f79-0853-895f-cb30-d770fec7c573.jpg

28de4701-5bc9-bf9f-f080-baa0fac3e3c7.jpg

Poytaxtimizdagi ”Doʻstlik bogʻi”da koreys diasporasi tomonidan saxovatli oʻzbek zaminidagi bagʻrikenglik, samimiylik va gʻamxoʻrlik, tinch va osoyishta hayot uchun minnatdorlik belgisi sifatida yodgorlik monumenti barpo etilgan.

Bugungi kunda mamlakatimizda 180 mingdan ziyod koreys millatiga mansub yurtdoshlarimiz yashaydi. Ularning uch yuzga yaqini davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlangan.

Mamlakatimizda barcha millat va elat vakillari qatori koreys millatiga mansub yurtdoshlarimiz uchun ham oʻz milliy madaniyati, tili, urf-odat va anʼanalarini asrab-avaylashi va rivojlantirishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Oʻnlab koreys madaniyat markazlari faoliyat yuritmoqda. Bundan tashqari, 12 ta oliy taʼlim muassasasi, 48 ta maktab va litseyda koreys filologiyasi oʻqitilmoqda.

Koreys tilida kitob va gazetalar chop etilmoqda, koʻrgazmalar, konsert va festivallar, sport musobaqalari oʻtkazilmoqda.

Davlat rahbarlari oʻzbekistonlik koreys rassomlari asarlari koʻrgazmasi bilan ham tanishdi.

Bugun poytaxtimizga oʻzgacha koʻrk bagʻishlab turgan Koreys madaniyat va sanʼat uyi qurilishi bundan uch yil muqaddam boshlangan. Shavkat Mirziyoyev ushbu inshootga ramziy tamal toshi qoʻyish marosimida qatnashgan edi.

Koreys madaniyat va sanʼat uyi 478 oʻrinli kinokonsert zali, konferensiyalar zali, kutubxona, badiiy galereya, restoran va xizmat xonalarni oʻz ichiga olgan. U jamoatchilik va yoshlar intiladigan, mushtarak madaniyatimizni boyitadigan yana bir maskanga aylanadi. Bu kun alohida strategik sherik davlatlar – Oʻzbekiston va Janubiy Koreya munosabatlari tarixida yana bir yorqin sahifa boʻlib qoladi.

8c22f49b-ad02-8ea6-cff6-cc0264784375.jpg

78622c9f-05b8-17eb-6cb3-004c28e93cd6.jpg

5ff91f02-e146-7dca-684c-b1f8c63ca3d1.jpg