French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prezidentimizning “Markaziy Osiyo yangi davr ostonasida” maqolasi o‘rganilmoqda
09:50 / 2025-11-24

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix institutida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi oldidan e’lon qilingan “Markaziy Osiyo yangi davr ostonasida” maqolasining mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka tushuntirish ishlari bo‘yicha tadbir bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda Tarix instituti direktorining ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, professor Dilnoza Jamolova ushbu Maslahat uchrashuvining tarixiy ahamiyati, uning Markaziy Osiyoda mintaqaviy birdamlik, o‘zaro ishonch va hamkorlikni mustahkamlashdagi o‘rniga e’tibor qaratdi.  

Bugun mintaqa davlatlari o‘rtasida yaratilayotgan konstruktiv muloqot, umumiy taraqqiyot va farovonlik sari yo‘naltirilgan strategik tashabbuslar Prezident Shavkat Mirziyoyev siyosati natijasi ekanini ta’kidladi.  

–  Maqolada e’tirof etilganidek, asta-sekin Markaziy Osiyoning yangi mintaqaviy o‘ziga xosligi vujudga kelmoqda, – dedi Dilnoza Jamolova. – Bu farqli jihatlarimizni e’tirof etish va ayni paytda xalqlarimizning umumiy tarixi, mushtarak madaniyati, taqdirlarimiz o‘zaro bog‘liq ekanini chuqur anglashga asoslanadi. Qo‘shnichilik — xavf emas, imkoniyat, bir tarafning muvaffaqiyati — barchaning yutug‘i, degan yagona mintaqaviy makonga mansublik hissi shakllanmoqda. Davlatimiz rahbari bu jarayonlarni bugungi shiddatli davr nuqtai nazaridan batafsil tahlil etgani diqqatga sazovor.  

Tadbirda davlatimiz rahbarining “Markaziy Osiyo yangi davr ostonasida” nomli maqolasida keltirilgan muhim jihatlarga to‘xtalib o‘tilib, mintaqaviy hamkorlik, xavfsizlik, ichki mintaqaviy savdoni rivojlantirish, gumanitar hamkorlik, tashqi siyosat, suv resurslaridan oqilona foydalanish, transport logistikasini rivojlantirish, ekologik muammolar, yashil iqtisodiyot kabi masalalar bugungi kunda birgalikda hal etilayotgani ta’kidlandi.  

Shuningdek, Toshkent sammiti, Mintaqaviy muloqot maslahatlashuvi “Markaziy Osiyo hamjamiyati” formatiga aylantirilgani, Ozarbayjonning bu formatga qabul qilingani borasida batafsil ma’lumotlar berildi.  

Bundan tashqari, “Markaziy Osiyo plyus” hamkorlik shakli doirasida, “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi”, “Markaziy Osiyo – Xitoy”, “Markaziy Osiyo – Rossiya” va “Markaziy Osiyo – AQSH” sammitlarining strategik ahamiyati, uning mohiyati bo‘yicha fikr almashildi.

N.Usmonova,

O‘zA