O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Pokiston Islom Respublikasiga amalga oshirgan davlat tashrifi Pokiston ommaviy axborot vositalari diqqat markazida bo‘ldi.
Xususan, axborot hamkorimiz – “Associated Press Of Pakistan” – APP davlatimiz rahbarining Pokistonga tashrifi doirasida Islomoboddagi ko‘chalardan biriga Toshkent va yangidan barpo etiladigan boqqa Zahiriddin Muhammad Bobur nomini berish marosimi bo‘lib o‘tganini keng yoritdi.
Ta’kidlanishicha, Islomobodning F-10 sektoridagi yo‘lga “Toshkent ko‘chasi” nomi berilgan, shuningdek, F-7 sektorida “Bobur bog‘i” qurilishi rejalashtirilgan.
Maqolada ushbu ikki muhim yangilik xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va mehr-oqibat rishtasini yanada mustahkamlashga o‘zaro intilish qat’iyligining yaqqol ramziga aylanishi alohida tilga olingan.
“Pakistan Today” nashri yozishicha, federal savdo vaziri Jam Kamol Xon Islomobodda O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov bilan uchrashib, so‘nggi ikki yilda mamlakatlarimiz iqtisodiy aloqalari jadallashgani, endilikda asosiy vazifa mavjud imkoniyatni amaliy natijaga aylantirishdan iboratligini ta’kidlagan.
Qayd etilishicha, oxirgi ikki yilda taxminan 10 foiz o‘sgan o‘zaro savdo hajmini tomonlar istiqbolda 2 milliard dollarga yetkazish maqsadini qo‘ygan.
Muzokaralarda imtiyozli savdo doirasida mahsulotlar ro‘yxatini kengaytirish, sanoat kooperatsiyasi, tog‘-kon sohasi, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik va farmatsevtika yo‘nalishlarida hamkorlikni chuqurlashtirish, shuningdek transport-logistika aloqalarini diversifikatsiya qilish masalalari ham muhokama qilingan.
“Centreline” jurnalining yurtimizga bag‘ishlangan soni bosh muharrir qalamiga mansub O‘zbekiston – Pokiston munosabatlariga bag‘ishlangan maqola bilan boshlangan. Nashr sahifalarida davlatimiz rahbarining Murojaatnomasi to‘liq e’lon qilingan. Shuningdek, diyorimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, mahalla institutini takomillashtirish, turizm mahallalari tashkil etish, sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish, o‘zbek milliy taomlarini targ‘ib qilish kabi mavzular o‘rin olgan.
“Daily Times” nashri Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif va O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo hajmini kelgusi besh yilda 2 milliard dollarga yetkazish nazarda tutilgan protokol imzolaganini yozib chiqdi.
Maqolada bayon etilganidek, tomonlar imzolagan 28 kelishuv va anglashuv memorandumi mudofaa, qishloq xo‘jaligi, ekologiya va iqlim o‘zgarishi, tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish, konchilik, giyohvandlikka qarshi kurash kabi sohalarni qamrab olgan.
E’tiborlisi, Bosh vazir Shahboz Sharif ikki do‘st o‘lkani tarixiy va madaniy aloqalar birlashtirib turishini qayd etib, O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston temir yo‘l loyihasi mintaqaviy hamkorlik uchun muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidlagan.
Umuman, O‘zbekiston yetakchisining navbatdagi davlat tashrifi Pokiston OAV tomonidan ikki tomonlama munosabatlarning yangi bosqichini boshlab bergan muhim siyosiy voqea sifatida baholandi. Shuningdek, boshqa qator xorijiy nashrlar ham tashrif doirasida erishilgan kelishuvlar, savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish rejalari hamda mintaqaviy bog‘liqlikka qaratilgan tashabbuslar ikki mamlakat strategik sherikligini mustahkamlashga xizmat qilishini qayd etgan.
O‘tkir Alimov, O‘zA