Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prezidentimizning har bir taklifi biz uchun dasturilamaldir
17:11 / 2020-12-28

bugungi kunda mamlakatimiz aholisining 31 foizini 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etadi.

  Ular yurt kelajagi, deya e’tirof etiladi. Yurtimizda esa yoshlarning baxtli yashashi, ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi uchun barcha shart-sharoit va imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Ana shunday yoshlar safida men ham borligimdan baxtiyorman.

    Kuni kecha Prezidentimiz poytaxtimiz markazidagi “Xumo” arenada yoshlar vakillari bilan uchrashdi. Unda Yurtboshimiz yoshlarning intellektual va ijodiy salohiyatini mustahkamlash, ularning mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorligini oshirish borasida barcha imkoniyatlar ishga solinayotganligi, bundan keyin ham ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, yurt taqdirini o‘z taqdiri, deb biladigan, o‘z oldiga qo‘ygan maqsadiga intiluvchan va serg‘ayrat yoshlarni tarbiyalashga alohida e’tibor qaratilishini yana bir bor ta’kidladi.  

    Bu ishonch va e’tibor barcha yoshlar singari meni ham to‘lqinlantirib yubordi. Albatta, bugun ishlayman, o‘z tadbirkorligimni yo‘lga qo‘yaman va yangi ish o‘rinlari yarataman, degan yoshlarga hamma eshiklar ochiq. Men ham 2014 yilda “Abduqodir Orzusi” mas’uliyati cheklangan jamiyatini tashkil etgan edim. Korxonamiz xorijiy mamlakatlar bilan ekspor-import yo‘nalishida samarali faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Qisqa muddatda mamlakatimizning milliy mahsulotlarini dunyoning 15 dan ortiq davlatlariga eksport qilib, jahon bozorida o‘z o‘rnini topdi.

    “Abduqodir Orzusi” MCHJ tomonidan 2017 yildan shu kunga qadar Malayziya, Birlashgan Arab Amirligi, Turkiya, Eron, Pokiston, Afg‘oniston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Turkmaniston Respubliklari o‘rtasida tuzilgan shartnomalar asosida 2 million AQSH dollariga yaqin qishloq xo‘jaligi va sanoat mahsulotlari eksporti amalga oshirilib, respublikamizning eksport reja ko‘rsatkichlari bajarilishida o‘zining munosib hissasini qo‘shib kelmoqda.  

   Ayni paytda korxonamiz tomonidan oltingugurtni qayta ishlab, uning kukunini eksport qilish va bu orqali mahsulotning tannarxini 5-6 barobarga oshirish hamda eksport hajmini yanada ko‘paytirish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda.

Inson istasa sahroni bo‘stonga aylantiradi. Odamzotning qadri ham, jamiyatdagi mavqei ham ezgulikka yo‘g‘rilgan ana shu faoliyati, sa’y-harakati bilan belgilanadi. Har bir bunyodkorlik ishlari zamirida esa aholi uchun munosib shart-sharoitlar yaratish va bu orqali davlatimizning, xalqimizning ishonchini oqlash g‘oyasi mujassam.

    Yoshlar bilan uchrashuvda Yurtboshimiz tomonidan “Yoshlar: “1+1” dasturi doirasida ishsiz va uyushmagan yoshlarni kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitishni hamda “Har bir tadbirkor – yoshlarga madadkor” tamoyili asosida 1 nafar tadbirkorga 1 nafardan ishsiz yoshni biriktirish tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi.  

    – Bugun o‘g‘il-qizlarimizni qiynayotgan jiddiy muammolardan biri – o‘qishni tamomlagan yoshlar bandligi, – deya ta’kidladi Prezidentimiz. – Ko‘plab maktab va kollej bitiruvchilari, ba’zan oliy ma’lumotli yigit-qizlar ham, ish topishda qiyinchilikka uchramoqda.

    Men ayni paytda Karmana tumanining cho‘l hududi hisoblangan “Malikrabot” qo‘rg‘onida ajratilgan 5 gektar yer maydonida 7-8 turdagi mevali daraxt ko‘chatlarini o‘tqazish ustida ish olib bormoqdaman. Natijada 10 dan ziyod ish o‘rni yaratiladi. Bu esa 10 nafardan ziyod tengdoshim ish bilan ta’minlanadi, deganidir.  

   Men ham yosh tadbirkor, xalq deputatlari Navoiy shahar Kengashi deputati, Yoshlar parlamenti a’zosi sifatida Prezidentimizning yoshlar masalasida bildirgan har bir taklif va murojaatini o‘zimga dasturilamal bilib, bugundan ularning ijrosini ta’minlashni maqsad qilib oldim va shu ezgu niyat yo‘lida harakat qilaman.

Sardor G‘AFFOROV,

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi  

Senati huzurida tashkil etilgan Yoshlar parlamenti a’zosi