Bugun O‘zLiDeP fraksiyasining yig‘ilishida dastlab davlatimiz rahbarining Qatar davlati Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyning taklifiga binoan “Ijtimoiy rivojlanish” bo‘yicha ikkinchi Jahon sammitidagi ishtiroki haqida so‘z yuritildi.
Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda “Inson qadri uchun” degan tamoyil ustuvor bo‘lgan, ijtimoiy adolat ta’minlangan, aholining ehtiyojmand qatlamlari samarali himoya qilingan ijtimoiy davlat barpo etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, oxirgi yillarda kambag‘allik darajasi 35 foizdan 6,6 foizgacha qisqartirildi. Aholining turmush farovonligini oshirish yo‘lidagi islohotlar jadallik bilan davom ettirilmoqda.

Deputatlar Prezidentimizning kambag‘allikni qisqartirish va ijtimoiy tengsizlikni kamaytirishga amaliy ko‘mak beradigan Global ijtimoiy adolat fondini ta’sis etish to‘g‘risidagi taklifi dunyo xalqlarining turmush farovonligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

Shuningdek, Prezidentimizning “Ijtimoiy mas’uliyat va munosib mehnat bo‘yicha global tashabbus”ni ishlab chiqish bo‘yicha taklifi ham qo‘llab-quvvatlandi. Ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish esa ijtimoiy muammolarni hal qilishning eng samarali yo‘li ekani yana bir karra e’tirof etildi.

Deputatlar xalqaro sammitda Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan barcha taklif-tashabbuslar partiya saylovoldi dasturidagi vazifalarga uyg‘un va hamohang ekanini alohida qayd etdi.
Shuningdek, yig‘ilishda deputatlar Prezidentimizning joriy yil 5-6 noyabr kunlari “C5+1” sammitida ishtiroki haqida ham to‘xtalib, uning doirasida ilgari surilgan tashabbuslar va erishilgan kelishuvlarni yuqori baholadi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA