English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prezidentimizning Farg‘onadagi sektor rahbarlarini ishdan bo‘shatishiga nima sabab bo‘ldi
19:19 / 2021-02-08

Xalq dardi bilan yashash, ularning muammolarini hal etish bugun har bir rahbarni kundalik vazifasidir. Yo‘lboshchi, hokim bo‘lish har kimga ham nasib qilmaydi. Bu katta ishonch. Sektor rahbarlari bahamjihat bo‘lib ishlasa, albatta, aholi hayotdan rozi bo‘ladi. Afsuski, joylarda ayrim rahbarlar o‘z vazifasiga sovuqqonlik bilan qarashi natijasida oddiy odamlar jabr ko‘rayotgani tashvishlanarlidir.

Farg‘ona viloyatidagi 123 ta mahalla fuqarolar yig‘inida holat achinarlidir. Ichki yo‘llar abgor, ichimlik suvi yo‘q, aholining turmush darajasi talab darajasida emas. Sektor rahbarlari o‘zlarining hududlarida “mahallabay” ishlamaganligi bois yillar davomida yig‘ilib qolgan muammolar o‘z yechimini topmayapti. Ish uslubini o‘zgartiradigan vaqt keldi aslida. Aholi muammolari bilan jiddiy shug‘ullanish, ularni hal etish, bir so‘z bilan aytganda, aholini hayotdan rozi qilishga erishish kerak.

Viloyatdagi sifatsiz kommunal xizmat, ishsizlik, narx-navo bilan bog‘liq masalalar, ayrim idoralarga bo‘lgan ishonchsizlik bugun dolzarb muammoga aylangan. Xususan, Quva tumanidagi “Bolalik”, “Turk”, “Kandabuloq”, “Madaniyat”, “Ittifoq”, O‘zbekiston tumanidagi “Hotamtoy”, “Kichik Oqmachit”, “Qumbosdi”, Yozyovon tumanidagi “Taraqqiyot”, “Toshhovuz” kabi mahalla fuqarolar yig‘inlarida ichimlik suvi, ichki yo‘llar, elektr-energiyasi bilan bog‘liq ko‘plab ijtimoiy masalalar yechimini topmayapti. Bu esa aholining haqli e’tiroziga sabab bo‘lmoqda. Shu sababli ishlarni tizimli tashkil etmagani hamda kamchiliklarga yo‘l qo‘yganligi uchun Prezidentimiz tomonidan Quva tumanining 4 ta sektor rahbari, O‘zbekiston tumani hokimi va prokurori, Yozyovon tumani hokimi vazifasidan ozod qilindi.

Quva tumanidagi 65 ta mahalla fuqarolar yig‘inida 261 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi. Bu yerning xalqi mirishkorligi, tadbirkorligi bilan mashhur. Ayniqsa, keyingi yillarda gilos, ko‘chat yetishtirish bo‘yicha bu yerda katta maktab yaratildi. Aholisi zich joylashgan hududning imkoniyati, salohiyati katta.

Tuman hokimi Ravshanjon Qurbonov shu yerning farzandi. U o‘zi va sektor rahbarlari bilan xalqning ishonchini oqlash uddasidan chiqa olmadi. To‘g‘risi, aravani tortish qo‘lidan kelmadi. Tartib-intizom, ishni to‘g‘ri tashkil etilmaganligi natijasida muammolar ko‘paydi. Achinarlisi, aholining yuqori idoralarga bo‘lgan murojaatlari keskin oshdi.

Tumanda “Yoshlar daftari”, “Ayollar daftari” hamda “Temir daftar” bo‘yicha ishlar tizimli tashkil etilmagan. Ichimlik suvi bilan 52 foiz ta’minlangan xolos. 47 ming 700 nafar yoshlar bilan anketa so‘rovnomalari o‘tkazilgan bo‘lib, 6 ming 693 nafari “Yoshlar daftari”ga kiritilgan. Ularni kasb-hunarga o‘qitish, bandligini ta’minlash masalalari sektor rahbarlari tomonidan o‘z holiga tashlab qo‘yilgan.

Tadbirkorlikni rivojlantirish, sanoat salohiyatini yuksaltirish hamda eksport hajmini oshirish uchun bu yerda katta imkoniyat bor. Afsuski, bu borada tuman hokimi birorta yangilikka qo‘l urmadi. Mahallalarning “o‘sish nuqtalari” ga umuman e’tibor berilmadi. Jumladan, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 2020 yilda 721 milliard so‘mni bo‘lib, aholi jon boshiga 2 million 782 ming so‘mni tashkil etgan. Viloyatdagi ulushi 3,3 foiz.

O‘tgan yilda huquq tartibot organlari va keng jamoatchilik vakillari bilan olib borilgan profilaktik tadbirlarga qaramay tumanda umumiy jinoyatlar 385 ta sodir etilib, (2019 yil 12 oyda 257 ta), o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 128 taga yoki 49,81 foizga oshgan. Tumandagi 65 ta mahalla fuqarolar yig‘inlaridan 45 tasida jinoyat sodir etilgan. Og‘ir turdagi jinoyatlar 20 taga ya’ni 35 foizga oshgan.

– Bu kabi kamchiliklarda biz faollar va deputatlarning ham aybimiz bor, – deydi tumandagi “Farg‘ona anorzori” agrofirmasi rahbari, viloyat kengashi deputati Masturaxon Sayfiddinova. – Quva tumani uchun bu juda og‘riqli. Bu yerdan Musajon Sherbo‘tayev, Muhammadjon Nosirov kabi taniqli rahbarlar chiqqan. Bir paytlar obodonlashtirishda ham Quva tajribasi ommalashgan. Albatta, bundan xulosa chiqarib, tumanimiz rivoji uchun ko‘makchi bo‘lamiz.

Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni reyting baholash tizimiga ko‘ra o‘tgan yilning 9 oyi yakuni bilan Yozyovon tumani “qoniqarsiz” xududlar toifasiga kiritildi. Shuningdek, tumani hokimi Yo‘lchiboy Boyyigitov 2020 yilning birinchi yarim yilligida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmining o‘tgan yilga nisbatan o‘sish sur’atlari ta’minlanmaganligi uchun ogohlantirilgan ham edi. Hududning asosiy iqtisodiy ko‘rsatkichlari juda past, ishsizlik, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish kabi yo‘nalishlarda oqsoqlik bor.

O‘zbekiston tumani hokimi Qahramon Jo‘rayev hamda tuman prokurori Mirvohid Otaboyev aholi bilan muloqotni yo‘lga qo‘ya olmadi. Uyma-uy yurib, aholining dardu tashvishini eshitish, muammolarini hal etish ishlariga loqaydlik bilan munosabatda bo‘ldi. Natijada hududda kambag‘allikni qisqartirish, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasidagi belgilangan vazifalar to‘laqonli bajarilmadi. Aholining e’tirozlari ortdi.

Davlatimiz rahbari viloyatga tashrifi chog‘ida kutilmaganda Farg‘ona shahridagi Shodiyona mahallasiga bordi. U yerda aholi bilan suhbatlashdi, haqiqiy holatni ko‘rdi. Mazkur mahallada ichki yo‘llarning ahvoli juda yomon, obodonlashtirish ishlari yaxshi emas. Mahalla fuqarolar yig‘ini binosida sharoitlar yo‘q. Muammolar sektor rahbarlarining e’tiboridan chetda qolgan. Farg‘ona shahrining “to‘rtligi” mazkur kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani sababli vazifasidan ozod qilindi.

Quva, Yozyovon va O‘zbekiston tumanlariga yangi hokimlar tayinlanib, ish boshladi. Albatta, ularning zimmasida vazifalar juda ko‘p. Sektor rahbarlari “mahallabay” ish tashkil etsa, xalqning dardu tashvishi bilan yashab, sadoqat bilan xizmat qilsa, natija bo‘ladi. Asosiysi, el mehrini qozona oladi.

Ma’sudjon Sulaymonov, Muqimjon Qodirov (surat), O‘zA