O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 80-sessiyasidagi nutqi bo‘yicha Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi Bahrom Abdullayev o‘z fikrlarini bildirdi:
– Davlatimiz rahbarining BMT Bosh Assambleyasidagi muntazam chiqishlari mamlakat tashqi siyosatining asosiy vektoriga aylandi.
2017 yildan buyon ilgari surilgan tashabbuslar nutq darajasidan amaliy qaror va rezolyutsiyalarga ko‘chib, inson huquqlari, diniy bag‘rikenglik, Orolbo‘yi ekologiyasi, transport-kommunikatsiya bog‘liqligi, yoshlar siyosati va iqlim xavfsizligi kabi yo‘nalishlar bugun O‘zbekiston tashqi siyosiy “portfeli”ning o‘zagini tashkil etmoqda.

2017-2023 yilgacha bo‘lgan davrda davlatimizda inson va jamiyat masalalari doirasida yoshlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha hujjatlar ishlab chiqishga chaqiriq yangragan va “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” rezolyutsiyasi orqali murosasizlikka qarshi global kun tartibi shakllangan edi.
Mintaqaviy hamkorlik borasida Markaziy Osiyo rahbarlarining maslahat uchrashuvlari yo‘lga qo‘yildi, Afg‘oniston bo‘yicha Toshkent konferensiyasi o‘tkazildi va mintaqaviy hamkorlik haqida rezolyutsiya qabul qilindi.
Ekologiya va iqlim yo‘nalishida Orolbo‘yi ekologik innovatsiyalar hududi sifatida e’tirof etildi va dengiz tubini yashillashtirish orqali global ekologik muammoga amaliy yechim taklif etildi.
Infratuzilma va aloqadorlik sohasida esa 2021 yilda transport-kommunikatsiya bog‘liqligini kuchaytirish tashabbusi ilgari surilib, Yevroosiyo keng fazosini bog‘laydigan yo‘laklarga qo‘shilish manfaati yanada oydinlashdi. Umuman, ushbu bosqich O‘zbekistonning deklarativ bayonotlardan amaliy ijroga qat’iy o‘tganini ko‘rsatdi.
Endilikda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev zamonaviy global xavf-xatarlarga javob beradigan yangilangan yondashuvlarni taklif etdi. Ichki islohotlar va inklyuziv o‘sish yo‘nalishida kambag‘allikni keskin qisqartirish, ta’lim qamrovini oshirish, o‘qituvchi nufuzini yuksaltirish va sog‘liqni saqlashni modernizatsiya qilish vazifalari belgilandi.
Yoshlar va gender masalalarida Osiyo xotin-qizlar forumini doimiy platformaga aylantirish hamda yoshlarni tinchlik, do‘stlik va gumanizm ruhida tarbiyalashga qaratilgan “Jahon yoshlarining tinchlik sari harakati” tashabbusi ilgari surildi.
Suv, iqlim va migratsiya mavzularida Suvni tejash bo‘yicha Butunjahon forumini o‘tkazish, Orolbo‘yini tiklash ishlarini izchil davom ettirish va iqlim migratsiyasiga oid global pakt zaruratini kun tartibiga qo‘yish taklif etildi.
Xavfsizlik va diplomatiya masalalarida Afg‘onistonning yakkalanib qolmasligi zarurligi qayd etildi. Ushbu mamlakat orqali xalqaro transport-energetika yo‘laklarini rivojlantirish bo‘yicha alohida rezolyutsiya qabul qilish maqsadga muvofiq ekani aytildi. Shuningdek, terrorizmdan jabrlanganlarni reabilitatsiya qilish bo‘yicha mintaqaviy markazni xalqaro kompetensiyalar xabi darajasiga olib chiqish taklifi bildirildi.
Bu O‘zbekistonning ichki islohotlari bilan tashqi tashabbuslari o‘zaro uzviy bog‘liqligini ko‘rsatish bilan birga kelgusida amaliy natijalari bilan nafaqat mamlakatimiz yoki mintaqamiz, balki jahon miqyosida o‘z samarasi beradi.
N.Abduraimova, O‘zA