Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining yubiley anjumani – 80-sessiyasida chiqish qilib, nutq so‘zlagani tarixiy ahamiyat kasb etdi.
Chunki, unda global muammolar tilga olinishi bilan bir qatorda ularning yechimlari ko‘rsatib berilgani nafaqat siyosiy doiralarda, balki dunyodagi barcha xalqlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Davlatimiz rahbari zamonaviy xavf-xatarlarga qarshi samarali kurashish, rivojlanayotgan davlatlarning manfaatlarini himoya qilish maqsadida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik kengashini transformatsiya qilish va uning tarkibini kengaytirish masalasiga to‘xtaldi.
Haqiqatan, kuchayib borayotgan zamonaviy xavf-xatlarlar bugungi kunda barcha davlatlarni xavotirga solmoqda. Shu bois, dunyo mamlakatlarini birlashtirib turuvchi yirik tuzilma – BMT doirasida xavfsizlik choralarini kuchaytirish, samarali mexanizmlar yaratish juda dolzarb ahamiyatga ega.
Prezidentimiz Bosh Assambleyaning Markaziy Osiyo mamlakatlarining mintaqaviy sheriklik va iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirishga qaratilgan harakatlarini qo‘llab-quvvatlashga doir rezolyutsiyasini qabul qilishni taklif etdi.
Bu tashabbusning amalga oshishi jahon siyosiy sahnasida o‘z o‘rnini tobora mustahkamlayotgan, barqaror rivojlanish, tinchlik va hamjihatlikda bunga erishayotgan mintaqa mamlakatlari taraqqiyotiga muhim zamin yaratishi shubhasiz.
Aytib o‘tish kerakki, mintaqadagi bugungi ijobiy o‘zgarishlar O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ushbu yo‘nalishda amalga oshirgan sa’y-harakatlari, tashabbuslari mevasidir. Iliq qo‘shnichilik munosabatlari, madaniy, iqtisodiy va boshqa sohalardagi do‘stona hamkorlik yo‘lga qo‘yilishida shaxsan Davlatimiz rahbarining ochiq va pragmatik siyosati alohida o‘rin tutmoqda.
Bu Prezidentimizning bundan 8 yil muqaddam BMT minbaridan turib, Markaziy Osiyoni tinchlik, yaxshi qo‘shnichilik va sheriklik makoniga aylantirishga qaratilgan so‘zlarining amaldagi ifodasidir.
Davlatimiz rahbari haqli ravishda ta’kidlaganidek: “Bugun chuqur mamnuniyat bilan ta’kidlash mumkin: biz bu strategik maqsadga erishdik. Yopiq chegaralar, hal etilmagan bahs va nizolar davri tarixda qoldi”. “Shuni qat’iy ishonch bilan aytishim mumkinki, bugungi kunda Yangi Markaziy Osiyoni shakllantirish jarayoni boshlandi”.
Bu boradagi maqsadlarimizga erishishda xorijiy sheriklar bilan o‘zaro manfaatli aloqalarni kengaytirish, BMT tuzilmalari bilan mintaqamizda qator yangi loyiha va dasturlarni amalga oshirish taklif etilgani ham kelgusida Markaziy Osiyo yanada taraqqiy etishidan darak bermoqda.
Bu, albatta, Barqaror rivojlanish maqsadlariga hamohang holda, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy Yangi O‘zbekistonni barpo etish siyosatini olib borayotgan mamlakatimiz hayotida ham muhim o‘rin tutadi.
E’tirof etish kerakki, mamlakatimizda yashayotgan har bir oilaning, har bir fuqaroning hayotini tubdan o‘zgartirish, inson qadri va farovonligini oshirishga ustuvor ahamiyat berilmoqda. So‘nggi yillarda O‘zbekistonda kambag‘allik darajasini 35 foizdan 6,6 foizgacha qisqardi. Bunga, avvalo, ta’lim va ilm-fan sohasini o‘zgartirish, innovatsion tarmoqlar va texnologik sanoat korxonalarini barpo etish, “yashil” energetika va transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, kichik biznesni har tomonlama rivojlantirish va natijada millionlab ish o‘rinlari yaratish orqali erishilmoqda.
Prezidentimiz yuksak minbarda turib O‘zbekistonning ushbu yo‘nalishdagi intilishi, tashabbuslari va tajribasi haqida jahon hamjamiyatiga ma’lum qildi. Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lida olgan majburiyatlarimizga sodiq ekanligimiz, 2030 yilga borib “daromadi o‘rtadan yuqori” bo‘lgan mamlakatlar qatoriga kirishni niyat qilingani qayd etildi.
Darhaqiqat, Yangi O‘zbekistonda barcha islohotlar “Inson qadri uchun” degan tamoyil asosida amalga oshirilmoqda.
Yaqinda Namangan viloyatida "Kambag‘allikdan farovonlik sari" mavzusida o‘tkazilgan uchinchi xalqaro forumda ham mazkur tamoyilning amaldagi ifodasi bilan BMT, Yunesko, Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki kabi xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar ishbilarmon doiralari, keng jamoatchilik bevosita tanishish imkoniga ega bo‘ldi.
Keyingi sakkiz yilda odamlarning turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgan ulkan ishlarni amalga oshirilgani, bularning barchasi har bir inson, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlar o‘z salohiyatini to‘liq namoyon etishi uchun ekanligini aniq dalillar, bevosita misollar orqali keng namoyish etildi.
Eng ahamiyati jihati shundaki, mamlakatimizda murakkab davrda kambag‘allikka qarshi kurashish davlat siyosati darajasiga olib chiqilib, umummilliy harakatga aylantirildi. Izchil islohotlar tufayli 7,5 million aholi kambag‘allikdan chiqarildi.
Mamlakatimiz rahbari mazkur forumda aytib o‘tganidek, qisqa muddatda bunday natijalarga erishish o‘z-o‘zidan bo‘lgani yo‘q. O‘tgan davrda iqtisodiyotimiz 2 karra o‘sgani, yil yakuni bilan aholi jon boshiga daromad 3,5 ming dollarga yetishi bu borada muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda. Biz yangi tashabbus va tajribalarni sinovdan o‘tkazib, dunyodagi ijobiy yutuqlarni o‘rganib, kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha Yangi O‘zbekiston modelini yaratdik. Avvalo, o‘tish davrining muhim instrumenti bo‘lgan manzilli ijtimoiy daftarlarni joriy etib, barcha ehtiyojmand oilalarni qamrab oldik.
Haqiqatan, jamiyatning eng quyi bo‘g‘inigacha tushib, “mahallabay” ishlash tizimini yo‘lga qo‘yilgani o‘zini har tomonlama oqladi. Har bir xonadon, har bir oila bilan individual reja asosida ishlab, daromadni oshirish uchun yetarli resurs ajratildi.
Muhimi, aholini kambag‘allikdan chiqarish va daromadli qilishda har bir hududning o‘z tajribasi paydo bo‘ldi. Har bir mahallaga biznes muhiti, har bir oilaga farovonlik kirib borganini odamlar o‘z hayotida his etmoqda. Bunday keng ko‘lamli sa’y-harakatlar hisobiga O‘zbekiston 2030 yilga qadar kambag‘allikni 2 karra qisqartirish bo‘yicha olgan majburiyatini barvaqt bajarishga harakat qilmoqda.
Qo‘yilgan bu maqsadlarga erishish uchun yettita ustuvor yo‘nalishni o‘z ichiga olgan “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi amalga oshirilmoqda. Eng avvalo, kambag‘al aholini shunchaki ishga joylashtirish emas, balki doimiy ish o‘rinlarini ko‘paytirib, odamlar barqaror daromad manbasiga ega bo‘lishi uchun sharoit yaratilmoqda.
Bu borada mamlakatimizda tegishli tuzilmalar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Kambag‘allikni qisqartirish va mehnat sohasidagi loyihalarni boshqarish markazi davlatimiz tomonidan qo‘yilgan vazifalar ijrosi ustida samarali faoliyat olib bormoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, kambag‘allikni qisqartirishgina emas, unga barham berish bo‘yicha O‘zbekistonda ortga qaytmas samarali islohotlar davom etmoqda. Bu mamlakatimizning taraqqiyot yo‘lidagi sa’y-harakatlari yanada ildam bo‘lishida, muhimi, aholining farovonlik darajasi oshib borishiga xizmat qilayotir. Mana shunday ezgu va qat’iy maqsadlar O‘zbekistonning Barqaror rivojlanish maqsadlariga to‘liq erishishiga zamin yaratadi.
Sardor Rahmonov,
Kambag‘allikni qisqartirish va mehnat sohasidagi
loyihalarni boshqarish markazi direktori.