So‘nggi kunlarda xalqaro ommaviy axborot vositalari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Amerika Qo‘shma Shtatlariga bo‘lgan amaliy tashrifini diqqat bilan kuzatmoqda.
Ekspertlar fikricha, mazkur tashrif O‘zbekistonning ochiq va pragmatik tashqi siyosatini namoyon etib, mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.
“Trend.az”: Maqolada yozilishicha, ayni paytda davlatimiz rahbari AQSH yetakchisi Donald Trampning taklifiga binoan Tinchlik kengashining dastlabki yig‘ilishida ishtirok etish uchun amaliy tashrif bilan Vashington shahrida bo‘lib turibdi.
Ta’kidlanishicha, Kengashning birinchi sammiti AQSH Tinchlik institutida bo‘lib o‘tadi hamda G‘azo sektorini tiklash, unga gumanitar yordam ko‘rsatish, ushbu mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlash masalalariga bag‘ishlanadi.
“The Gulf Observer”: Mazkur nashr maqolasida O‘zbekiston Prezidentining Vashingtonda amerikalik tadbirkorlar, investorlar va siyosatchilar bilan olib borgan muzokaralari ochiq, konstruktiv ruhda bo‘lib o‘tganligi qayd etilgan.
Muallifning yozishicha, ushbu uchrashuvlar natijasida ikki tomonlama kelishuvlar imzolangan, investitsiya loyihalari bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishilgan.
Turkic World: Xalqaro kuzatuvchilar tahlillariga ko‘ra, bu tashrif ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklikni yangi darajaga olib chiqdi va Markaziy Osiyodagi iqtisodiy taraqqiyot hamda siyosiy barqarorlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bilan birga, nashr ushbu safarni mamlakatning xalqaro maydondagi obro‘si va ishonchini oshiradigan voqea sifatida ham talqin qilmoqda.
Umuman olganda, oliy darajadagi muloqotlar siyosiy ishonchni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, xavfsizlik va barqaror taraqqiyot masalalarida o‘zaro muvofiqlashuvni kuchaytirish uchun mustahkam zamin yaratmoqda.
Eng muhimi, mazkur muloqotlar o‘zaro manfaatli sheriklikni mustahkamlash orqali xalqlar farovonligi va mintaqaviy barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan uzoq muddatli maqsadlarga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
F.Yaxshiboyeva tayyorladi,
O‘zA