English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prezidentimiz ushbu haftada Jahon banki vitse-prezidenti Anna Berde bilan uchrashadi
10:49 / 2022-09-26

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov jurnalistlar uchun navbatdagi brifingni o‘tkazdi.

Tadbir avvalida davlatimiz rahbarining o‘tgan haftadagi faoliyati haqida qisqacha axborot berildi.

Prezidentimiz rahbarligida 19 sentyabr kuni mamlakatimizning ichki va tashqi turizm salohiyatini yanada oshirish chora-tadbirlari yuzasidan kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda turizm bo‘yicha hududlardagi ishlar holati tahlil qilindi. Bu boradagi ulkan imkoniyatlar va ulardan foydalanish bo‘yicha vazifalar ko‘rsatib o‘tildi.

Davlatimiz rahbari 20 sentyabr kuni islohotlarni yanada jadallashtirish va natijadorligini ta’minlash masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

[gallery-8917]

Shu kuni Prezidentimiz o‘zining iqtisodiy taraqqiyot, samarali boshqaruv va xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Suma Chakrabartini qabul qildi. Uchrashuvda mamlakatimizdagi iqtisodiyot va boshqaruvni isloh qilish doirasida erishilgan natijalar va bu boradagi kelgusi rejalar ko‘rib chiqildi.

21 sentyabr kuni davlat rahbari kimyo sanoatida erishilgan asosiy ko‘rsatkichlar va rejalashtirilgan loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.

22 sentyabr kuni Prezidentimiz Nurafshon shahrida xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasida ishtirok etdi va nutq so‘zladi. Sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi. Prezident Toshkent viloyati hokimi lavozimiga Zoyir Mirzayev nomzodini tavsiya etdi va u xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashi tomonidan tasdiqlandi.

Shuningdek, Prezidentimiz hafta davomida qurilish loyihalari taqdimoti bilan tanishdi.

Unda Olimpiya shaharchasi, “Yangi O‘zbekiston” universiteti, mahallalarda sport markazlarini hamda Toshkentda tibbiyot klasteri tashkil etish loyihalari ko‘rib chiqildi.

Olimpiya shaharchasi majmuasi 2025 yilda Toshkent shahrida o‘tkaziladigan Yoshlar o‘rtasidagi Osiyo o‘yinlarini qabul qiladi. Xalqaro talablarga muvofiq, shaharchada olimpiya stadioni, yopiq sport majmualari, suv sporti saroyi, mashg‘ulot maydonchalari, eshkak eshish havzasi barpo etiladi.

“Yangi O‘zbekiston” universiteti uchun poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanidan joy ajratilib, o‘quv binolari, ma’muriyat, o‘qituvchilar va talabalar uchun yotoqxonalar, oshxona, kutubxona, laboratoriya, sport majmuasi qurilishi loyihalashtirilgan. Hozir bu hududda Prezident maktabi bor. Kelgusida Prezident ta’lim muassasalari agentligi ham shu yerda joylashadi. Shu tariqa hudud ta’limga ixtisoslashgan yaxlit majmua bo‘ladi.

Toshkentda tibbiyot klasteri tashkil etish loyihasiga ko‘ra, Koreyaning Iqtisodiy taraqqiyot va hamkorlik fondi (EDCF) ko‘magida kattalar uchun tibbiyot markazi, onkologiya shifoxonasi va oliy o‘quv yurti qurilishi rejalashtirilgan.

Bu uchta majmua hozirgi Bolalar tibbiyot markazi bilan birga yaxlit klaster hosil qiladi. Unda o‘qitish va davolash bo‘yicha Koreya tajribasiga asoslangan ilg‘or tizim yo‘lga qo‘yiladi. Shifoxonalar jami 900 bemor o‘rniga ega bo‘ladi. Qurilish ishlari 2023 yilda boshlanadi.

Bundan tashqari, yakunlangan haftada Prezidentimizning Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon, Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov hamda Turmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovlar bilan telefon orqali muloqotlari bo‘lib o‘tdi.

Davlatimiz rahbari Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovni tavallud kuni bilan qutladi.

Boshlangan haftada davlat rahbari mamlakatimizni iqtisodiy va ijtimoiy rivojiga bag‘ishlangan qator yig‘ilishlarni o‘tkazishi rejalashtirilgan.

Jumladan, bugun elektrotexnika sanoatidagi istiqbolli yo‘nalishlar hamda kelgusidagi asosiy vazifalar yuzasidan soha rahbarlari va mas’ullarining Prezidentimizga hisobotlari taqdim etilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, davlatimiz rahbari ishtiroklarida respublikamizdagi arxitektura qurilish oliygohlari transformatsiyasini jadallashtirish chora-tadbirlari yuzasidan taqdimotlar o‘tkazish ham ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, hafta davomida Prezidentimizning Jahon banki vitse-prezidenti Anna Berde bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tadi.

 

O‘zA