BMT Bosh Assambleyasi O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning yana bir muhim tashabbusini qo‘llab-quvvatladi. Davlatimiz rahbari taklifi bilan ishlab chiqilgan “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni jadallashtirishda parlamentlarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida”gi rezolyutsiya bir ovozdan ma’qullandi.
Markaziy Osiyo mamlakatlari qatorida jahonning barcha qit’alaridan 80 ta davlat rezolyutsiyaning hammualliflari bo‘ldi.
Hujjatda COVID-19 pandemiyasidan keyingi davrda hech kimni e’tibordan chetda qoldirmaslikni ta’minlagan holda keng ko‘lamli, barqaror va izchil tiklanishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida hamjihatlik, birdamlik va har tomonlama hamkorlikka sodiqlikni mustahkamlashda parlamentlarning muhim o‘rni qayd etiladi.
BMT Bosh Assambleyasi a’zo davlatlarni milliy parlamentlarni qo‘llab-quvvatlashga, ularni Barqaror rivojlanish maqsadlariga (BRM) erishish yo‘lidagi faoliyat va buni nazorat qilish jarayonlariga, ayniqsa, ixtiyoriy milliy ma’ruzalarni tayyorlashga jalb qilish, shuningdek, hisobdorlikni ta’minlash va kuchaytirish uchun ularga yordam berishga chaqiradi.
Xotin-qizlarning qonun chiqaruvchi organlar ishida va parlament jarayonlarida to‘liq, teng huquqli va ta’sirchan ishtirokiga ko‘maklashish orqali BRMga erishishni jadallashtirishga qaratilgan sa’y-harakatlarning markaziy omili sifatida gender tenglikni ta’minlashga alohida e’tibor qaratilgan.
2030 yilga qadar bo‘lgan davrdagi BRM kun tartibining muvaffaqiyatli amalga oshirilishida yoshlarning o‘rni va hissasi muhimligi, yoshlarning parlament jarayonlarida to‘liq, teng huquqli va ta’sirchan ishtirokini ta’minlash zarurligi e’tirof etilgan.
BMT tuzilmalari va boshqa xalqaro tashkilotlar hujjatni olqishladilar. Rezolyutsiya parlamentlar uchun o‘ziga xos dasturilamal bo‘lishi, BRMni jadal amalga oshirish bo‘yicha sa’y-harakatlarni faollashtirishi qayd etildi.
Parlamentlararo ittifoq Bosh kotibi Martin Chungong ushbu munosabat bilan mamlakatimiz xalqi va davlatimiz rahbarini rezolyutsiya qabul qilingani bilan samimiy tabriklab, Prezidentimizga o‘rinli taklif uchun minnatdorlik bildirdi.
Odiljon TOJIEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari
O‘zA