Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prezidentimiz tashabbusi ma’naviy-ma’rifiy ishlarni yangi bosqichga ko‘taradi
11:59 / 2023-12-28

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi tomonidan Madaniyat vazirligining mamlakatimizda milliy madaniyatni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarning holati to‘g‘risidagi axboroti eshitildi.

Eshituvda madaniyat sohasidagi davlat siyosati, bu borada olib borilayotgan ishlar alohida e’tirof etildi. Prezidentimiz raisligida shu yilning 22 dekabr kuni o‘tkazilgan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishi haqida to‘xtalib o‘tilib, unda ma’naviyat, madaniyat, san’at sohasida oldimizda turgan vazifalar belgilab berilgani ta’kidlandi.  

Deputatlar mazkur muhim yig‘ilishda belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlashda vazirlik oldida turgan masalalarga e’tibor qaratdi. Prezidentimiz nutqida ilgari surilgan tashabbuslar va soha rivojiga qaratilgan aniq rejalar ma’naviy-ma’rifiy ishlarni sifat va mazmun jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qilishi ta’kidlandi.  

— Bugungi shiddatli, tahlikali davr ma’naviyat, madaniyat sohasi vakillaridan yanada faollikni talab etadi, — dedi qo‘mita raisi E.Zohidov. — Shu ma’noda bugun ma’naviy hayotimizda yangi islohotlar davri boshlandi. Bu esa Madaniyat vazirligi oldiga ham dolzarb vazifalarni qo‘yadi. Madaniy hayotimizga oid vazifalarning o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlashda vazirlik munosib hissa qo‘shishi lozim.  

Eshituvda madaniyat sohasini rivojlantirishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, tarixiy va madaniy merosning but saqlanishini ta’minlash, aholining madaniy ehtiyojlarini qanoatlantirish va madaniy xizmatlar ko‘rsatish sifatini yaxshilash, yoshlarning ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun shart-sharoitlarni yaratish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar tahlil qilindi. Madaniyat vazirligi tomonidan bu borada ko‘rilayotgan chora-tadbirlar, qilinayotgan amaliy ishlar atroflicha muhokama etildi.  

Shu bilan birga, qo‘mita a’zolari tomonidan madaniy faoliyat sohasini tartibga soluvchi qonunchilikni yanada takomillashtirish zarurligiga, sohadagi huquqni qo‘llash amaliyotida ayrim kamchiliklarni bartaraf etish lozimligiga e’tibor qaratildi. Sohaga oid masalalar, joylarda madaniyat yo‘nalishida hal qilinishi lozim bo‘lgan muammolar  o‘rtaga tashlandi va kelgusidagi vazifalar belgilab olindi.  

Muhtarama Komilova, O‘zA