Mamlakatimizda hududlarni jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholining yashash sharoitini tubdan yaxshilash va hayot darajasini yuksaltirishga ustuvor ahamiyat berilmoqda.
Prezidentimizning 2019 yil 8 yanvardagi “Hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori bilan davlat organlarining aholi bilan bevosita ishlashini nazarda tutuvchi yangi tizim joriy etildi.
Uchquduq tumani ikkinchi hududidagi mavjud 5 ta mahallada o‘tkazilgan xonadonbay o‘rganishlar natijasida 271 ta ehtiyojmand oilalar ro‘yxati shakllantirildi. “Temir daftar”ga kiritilgan ushbu oilalarning 144 nafar a’zosi doimiy ishga joylashtirilib, 119 nafar fuqaro haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qilindi. 17 ta oilaga o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘yishi uchun 138,5 million so‘mdan ortiq imtiyozli kredit ajratildi. Shuningdek, 2-sektor tomonidan “Temir daftar” ga kiritilgan oilalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 169 million 715 ming so‘m miqdorida turli moddiy yordam ko‘rsatildi. Shuningdek, sektor hududida ishsiz va boshqa muammolari mavjud 164 nafar yoshlar “Yoshlar daftari” ga kiritilib, 117 nafar ishsiz yoshlarning bandligi ta’minlandi.

Sektor hududida 173 nafar xotin-qizlar “Ayollar daftari” ga kiritilgan edi. Olib borilgan chora-tadbirlar natijasida ularning barchasi “Ayollar daftari”dan chiqarildi. Shuningdek, sektor hududida yashovchi 47 nafar xotin-qizlarga 52 million 860 ming so‘m moddiy yordam berildi.

Hududda tadbirkorlikni rivojlantirish orqali yangi ish o‘rinlari yaratilmoqda. Jumladan, tuman prokuraturasi va sektor shtabi tomonidan 92 ta tadbirkorlik sub’ektlariga turli amaliy yordamlar ko‘rsatilib, 183 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Shuningdek, 2-sektor tashabbusi bilan ishsiz xotin-qizlar bandligini ta’minlash maqsadida “Zulfiya Uchquduq” ishlab chiqarish kooperativi tashkil etildi. Tuman aholi bandligiga ko‘maklashish markazi mablag‘lari hisobidan 81 million so‘m subsidiya va homiylik hisobidan 200 million so‘m ajratilib, tikuv dastgohlari olib kelib o‘rnatildi. Buning natijasida 30 nafar ishsiz xotin-qizlar ishli bo‘ldi. Avtomashinalarga gaz balonlari o‘rnatish va ularni texnik ko‘rikdan o‘tkazish loyihasi bo‘yicha “Uchquduq Ravon yo’l ” MCHJ ga 245 million so‘m kredit mablag‘i ajratilib, 4 nafar ijtimoiy himoyaga muxtoj oila a’zolarining bandligi ta’minlandi.
Hozirda, sektor shtabi tomonidan aholi muammolarini aniqlash va ularni tizimli hal qilish borasidagi ishlar davom ettirilmoqda.
To‘xtamurod NASULLAEV,
Uchquduq tuman 2-sektor mas’ul kotibi
O‘zA.