Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prezidentimiz tashabbusi amalda: Tersak – zamonaviy turizm qishlog‘i
15:59 / 2022-05-12

Urgut tumanidagi Tersak mahallasi Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarini bog‘lovchi Taxtiqoracha dovoni bo‘yida, tog‘lar bag‘rida joylashgan.

Musaffo tabiati, zilol suvlari va samimiy insonlari bilan tilga tushgan bu hududda yilning to‘rt fasli o‘z ko‘rku tarovati bilan namoyon bo‘ladi. Shuning uchun ham Tersakka bir marta kelgan, uning go‘zal tabiatidan bahra olgan kishi yana kelishni orzu qiladi.

Bugun aksariyat qishloqlarda shahardagidek uy-joylar, transport vositalari ko‘payib, ishlab chiqarish korxonalari qurilayotgan, shovqin kuchayib borayotgan bir paytda bu yerda qishloqqa xos muhit yo‘qolmagan. To‘g‘ri, aholi uchun zamonaviy turmush sharoitlari yaratilgan. Maktab, bog‘cha, tibbiyot muassasalar bor. Transport ham muammo emas. Lekin aholi hayot tarzi, kasb-hunar va mashg‘ulotlarida milliylik, qadriyat va an’analar ustuvorligi aks etib turadi. Shu va boshqa jihatlar hisobga olinib, o‘tgan yili Tersakka turizm qishlog‘i maqomi berildi.

– Mahallamizga azaldan ko‘p mehmon keladi, yurtimizning turli hududlaridan qarindosh-urug‘, do‘stu qadrdonlarimiz kelib, hordiq chiqarishadi, go‘zal tabiatimizdan bahramand bo‘lishadi, – deydi “Tersak” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Bekzod Bekmurodov. – Buni biz mehmondorchilik deymiz, zamonaviy tilda esa turizm. Endi bunga rasmiy maqom berildi. Ya’ni, mahallamiz turizm qishlog‘iga aylantirilib, aholi ushbu yo‘nalishda tadbirkorlik qilishi, daromad topishi uchun imkoniyat yaratildi. Buning uchun davlat tomonidan juda katta imtiyozlar berilyapti. Mahallamizning M-39 yo‘lidan boshlanadigan qismidan oxirgi qishlog‘igacha – to‘rtinchi Tersakkacha qariyb 10 kilometr yo‘l asfalt qilindi, tuproq yo‘llarga tosh-shag‘al to‘kilib, tekislandi. Yo‘l bo‘ylab tungi yoritish chiroqlari, yo‘l ko‘rsatkich va belgilar o‘rnatildi. Aholimiz qisqa vaqt ichida 20 dan ortiq oilaviy mehmon uyi tashkil etdi. Endilikda hududda turizm yo‘nalishida tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lganlarga 50 million so‘mdan 300 million so‘mgacha kredit beriladi. Bundan foydalanib, yana o‘nga yaqin mahalladoshimiz oilaviy mehmon uyi tashkil etmoqchi. Oshxona, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish nuqtalari ochmoqchi bo‘lganlar ham ko‘paymoqda. Shu paytgacha aholimiz asosan, chorvachilik va bog‘dorchilik bilan shug‘ullangan bo‘lsa, endi turizm asosiy daromad manbaiga aylanmoqda.

Fransuz tili o‘qituvchisi Qo‘ysin Hasanov birinchilardan bo‘lib Tersakning turistik imkoniyatlaridan foydalanishni yo‘lga qo‘ygan, bu ishni tadbirkorlikka aylantirgan insonlardan biri.

– 50 yilga yaqin vaqt davomida maktabda o‘quvchilarga saboq berdim, rahbarlik vazifalarida ishlab pensiyaga chiqdim, – deydi Qo‘ysin Hasanov. – Yoshligimdan sayyohlik firmasi ochish orzuim bor edi, ammo bunga imkoniyat bo‘lmagandi. Keyinchalik ustozlarim va do‘stlarimning taklifi bilan Samarqandga kelgan mehmonlarni go‘zal tabiat qo‘ynida dam olishlari uchun qishlog‘imga olib kela boshladim. Bilasiz, qishloqda shahardagidek imkoniyat yo‘q. Shunday bo‘lsa-da mehmonlarga o‘z uyimda imkon qadar qulaylik yaratib berishga harakat qildim. Xorijliklarga ham bu manzur bo‘ldi. Biz bilan bir uyda turib, bir dasturxondan non-tuz yeyishadi, milliy taomlarimizni birgalikda tayyorlab ko‘rishadi, toqqa yoki soy bo‘ylab sayohat qilishadi. Shu tarzda 2017 yilda qishloqda birinchi bo‘lib mehmon uyi ochdim. Dastlab to‘rt-besh nafar sayyohni qabul qilib, xizmat ko‘rsatgan bo‘lsak, hozir mehmon uyimiz 20 o‘rinli bo‘ldi. Endi yana qo‘shimcha binolar quryapmiz. Farzandlarim, qo‘ni-qo‘shnilar shu ish bilan shug‘ullanishni o‘rganib oldi. Hozir mahallamizda bir vaqtning o‘zida 200-250 nafar mehmonni qabul qilish imkoniyati bor. Yil boshidan buyon birgina bizning uyimiga yuzga yaqin sayyoh keldi. Ko‘proq Fransiya, Italiya, Daniya, Kanada, Rossiyadan kelishyapti. Bu yil Belgiya va Ispaniyadan ham sayyohlar kelmoqchi. Yaqinda Qirg‘izistondan 60 nafar sayyoh kelib qoldi. Ularni o‘zimiz va qo‘ni-qo‘shnilarning mehmon uylarida joylashtirib, xizmat ko‘rsatdik. Bundan tashqari, ichki turizm yo‘nalishida o‘zimizning yurtdoshlarimiz ham ko‘p keladi. Tersakning turizm qishlog‘i bo‘lgani qishloqdoshlarimiz uchun katta imkoniyatlar ochdi.

Qo‘ysin akaning oilaviy mehmon uyida turgan fransiyalik sayyohlar tongda toqqa sayr qilib kelib, xonadon bekasi bilan birga tushlik uchun palov tayyorlayotgan ekan.

[gallery-7063]

– O‘zbek taomlari bizga juda yoqdi, – deydi Anik Zuvele. – Ayniqsa, bir haftadan buyon palovni bir necha marta tatib ko‘rgan bo‘lsak ham bugun uy bekasidan shu taomni tayyorlab berishni so‘radik. O‘zimiz ham palov pishirishni o‘rganib oldik. Bu joyning tabiati juda toza, chiroyli ekan, bizga yoqdi.

Turistlarni qishloq xonadonlarida milliy taomlarini tayyorlash jarayonlari, sigir, echki sut-qatig‘idan tatib ko‘rish, urf-odatlar bilan tanishish va albatta, tog‘ bo‘ylab sayr qiziqtiradi. Har bir mehmon uyida buning uchun sharoit yaratilgan. To‘rt nafar gid-ekskursovod tog‘ turizmi yo‘nalishida sayyohlarga xizmat ko‘rsatadi. Sayyohlarni piyoda, ot va boshqa ulovlarda sayr qildirish, qishloqning o‘ziga xos tabiati bilan tanishtirish imkoniyati bor.

– Mahallamizda oilaviy mehmon uylari tashkil etilib, aholi tadbirkorlik qila boshlagach, o‘tgan yil biz ham shu ishga qo‘l urib, uyimizdan ikkita xona ajratdik, – deydi yana bir oilaviy mehmon uyi bekasi Ofiyat Xudoyberdiyeva. – Hovlimizdan oqib o‘tadigan soy bo‘yida yozda dam olish uchun joylar tayyorladik. Mehmonlar kelyapti. Qishda kam bo‘ladi, lekin yoz paytlarida chetdan ham, o‘zimizdan ham ko‘p sayyohlar kelib dam olib ketadi. Biznikiga kelgan mehmonlar tomorqamizdagi ko‘l, uzumzor va bog‘imizga qiziqadi.

Tersakning eng baland tog‘ etagida yashovchi Ilhom Qaysarov o‘z uyidan uchta xonani oilaviy mehmon uyi sifatida ajratgan.

– 2019 yilda shu ish bilan shug‘ullanishni boshlagandik, – deydi I.Qaysarov. – O‘zimizga yarasha mijozlarimiz bor, oldindan buyurtma berib qo‘yib, kelib dam olib ketishadi. Internetga ma’lumotlarni joylashtirib qo‘yganman. Fransiya va Rossiyadan ko‘p murojaat bo‘ladi. Ularning talabiga qarab imkoniyat yaratib beramiz. Ikki-uch kun, bir haftagacha shu yerda qolib, biz bilan birga yashashadi. Bugun Tersak har qachongidan ham go‘zal va maftunkor ko‘rinish olgan. Qishloqdagi soydan oqib turgan zilol suv, bog‘lardagi qushlar ovozi, musaffo havo har qanday kishiga zavq beradi.

G‘olib Hasanov,

Alisher Isroilov (surat), O‘zA