Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prezidentimiz takliflari yangi davr hamkorligiga keng yo‘l ochmoqda
10:43 / 2025-09-02

Munosabat

Dunyo haqida gap ketar ekan, kim nimani izlasa, undan o‘shani topishiga ishora qiladi shoir. U hikmat izlaganga bu dunyomiz hikmatlarga to‘laligini tushuntirishga harakat qiladi.

Bugungi zamon turli ziddiyatlar, nizo va beqarorliklar to‘lqini bilan kechmoqda. Bir joyda mojaro, boshqa joyda iqtisodiy tanazzul, yana bir nuqtada terrorizm va xavfsizlikka tahdid kuchaygan.

Shunday murakkab vaziyatda xalqlar va davlatlarni birlashtirish, ishonch va hamkorlikni kuchaytirish asrimizning siyosiy kun tartibida eng muhim vazifaga aylandi.

Shu jihatdan, Tyanszin shahrida o‘tgan “SHHT plyus” sammiti va undagi muhokamalar butun dunyo e’tiborida bo‘ldi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning undagi nutqi esa nafaqat O‘zbekiston, balki butun mintaqa uchun dolzarb g‘oya va takliflarga boy bo‘ldi.

Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, oldindan bashorat qilib bo‘lmaydigan xalqaro vaziyat hukm surayotgan sharoitda SHHT jahonda barqaror va adolatli tartibotni ta’minlashning mustahkam tayanchlaridan biridir. Buning o‘ziyoq tashkilotning strategik o‘rni va istiqbolini ko‘rsatadi.

Prezident birinchi navbatda xavfsizlikka oid tashabbuslarni ilgari surdi. SHHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi bazasida Xavfsizlikka tahdid va xavf-xatarlarga qarshi kurashish bo‘yicha universal markaz, shuningdek, Dushanbeda Narkotiklarga qarshi kurashish markazi tashkil etilganini olqishlashini bildirdi Shavkat Mirziyoyev.

Bu markazlar nafaqat terrorizm va narkotrafikka qarshi, balki transmilliy jinoyatchilik, kiberxavfsizlik va chegarabuzarlik kabi global tahdidlarga qarshi ham samarali platforma bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Davlatlar tajriba almashib, birgalikda harakat qilsa, hech bir xavf chetda qolmaydi.

Prezident shuningdek, kelgusi yili Toshkentda mamlakatlarimizning vakolatli organlari rahbarlari, yetakchi ekspert va tadqiqotchilar ishtirokida birinchi “Xavfsizlik masalalari bo‘yicha SHHT plyus muloqoti”ni o‘tkazishni taklif qildi. Bu tashabbus orqali Toshkent yana bir bor xalqaro muzokaralar markaziga aylanadi.

Prezidentimizning yana bir muhim taklifi iqtisodiy yo‘nalishda bo‘ldi. Davlatimiz rahbari biznes sohasidagi muloqotlar uchun samarali maydonni ishga tushirish maqsadida, barcha manfaatdor sheriklarimizni jalb etgan holda, har yili “SHHT Invest” investitsiya forumini o‘tkazish taklifini bildirdi. Birinchi forumni kelgusi yili O‘zbekistonda o‘tkazishga tayyor ekanligini aytdi.

Bugun dunyoda iqtisodiy uzilishlar, sanksiyalar va savdo to‘siqlari avj olgan bir paytda bunday platforma mintaqadagi mamlakatlar uchun yangi imkoniyat eshigini ochadi. Investitsiya va savdo yo‘nalishidagi hamkorlik nafaqat iqtisodiy o‘sishni, balki barqaror rivojlanishni ham ta’minlaydi.

Davlatimiz rahbari yana bir jihatga alohida to‘xtaldi. SHHT mamlakatlari sun’iy intellekt, katta ma’lumotlar bazalari, robototexnika, biomuhandislik, muqobil energetika kabi ilg‘or yo‘nalishlarda katta sakrashni ta’minlashga qodir ulkan ilmiy-texnik salohiyatga ega ekanligini ta’kidladi. Yangi g‘oyalarni generatsiya qilish, ilg‘or tashabbuslarni ishlab chiqish va texnologiyalar transferi uchun SHHT innovatsion-texnologik xablar tarmog‘ini yaratishni amaliy qadam sifatida taklif etdi Shavkat Mirziyoyev.

Bu taklif ham kelajakni ko‘zlagan, strategik tashabbusdir. Chunki sun’iy intellekt va “yashil” texnologiyalar XXI asr taraqqiyotining asosiy harakatlantiruvchi kuchlari hisoblanadi. Agar SHHT mamlakatlari bu sohada birlashsa, ular dunyodagi texnologik markazlardan biriga aylanishi mumkin.

Prezident yana bir muhim sohani unutmadi. Madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish umumiy manfaatlarimizga javob beradi va do‘st xalqlarimizni yaqinlashtirishga xizmat qilishini qayd etdi. “SHHT oilasi” madaniy rang-barangligi va boy qadriyatlarini ilgari surishga ko‘maklashish bilan shug‘ullanadigan Buyuk ipak yo‘li madaniy muloqotini ta’sis etishni taklif qildi Prezident.

Bu tashabbus xalqlarning qalbi va madaniyatini yaqinlashtiradi. Chunki siyosat va iqtisod davlatlar o‘rtasida ko‘prik qursa, madaniy aloqalar ham undan kam vazifa bajarmaydi.

“SHHT plyus” formati doirasida ilgari surilgan tashabbuslar xavfsizlikdan tortib, iqtisod, innovatsiya va madaniyatgacha bo‘lgan hayotiy muhim sohalarni qamrab olmoqda. 

Prezident Mirziyoyevning nutqi O‘zbekiston mintaqaviy va global hamkorlikda faol tashabbuskor davlat sifatida o‘z so‘zi va nufuziga ega ekanini yana bir bor ko‘rsatdi. Bu tashabbuslar amalda hayotga tatbiq etilsa, SHHT xavfsizlik, barqaror rivojlanish va adolatli hamkorlikning  ishonchli tayanchiga aylanib boraveradi.

Ikrom AVVALBOEV,
O‘zA sharhlovchisi