French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prezidentimiz tabrigi biz, yoshlarga motivatsiya berdi
10:42 / 2022-05-25

Buxoro shahridagi 1-umumta’lim maktabida “so‘nggi qo‘ng‘iroq” jaranglab, qadrdon maktab, mehribon ustozlar bilan xayrlashuv tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Unda umumta’lim maktabining o‘qituvchilari, faxriy ustozlar, ota-onalar hamda bitiruvchilar qatnashdi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangradi. Tadbirda Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov Prezidentimizning maktablar bitiruvchi o‘g‘il-qizlariga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi.

–Mana bugun barchamiz uchun hayajonli damlarda bir-birimiz bilan yana bir bor yuz ko‘rishib turibmiz,  – deydi viloyat hokimi. – So‘nggi qo‘ng‘iroq. Bu oddiygina qo‘ng‘iroq jarangi emas, balki barchamizni bir manzilni yakunlab, yangi bir manzilga qadam qo‘yayotganimizdan ogohlantiruvchi sadodir. Bugun birinchi sinf bolajonlari ilk ta’lim yilini tamomlagan bo‘lsa, bitiruvchilarimiz yetuklik shahodatnomasini qo‘lga tutgan holda yangi marralar, yangi zafar cho‘qqilarini zabt etishga hozirlik ko‘rmoqda. 35 yil oldin men ham o‘z hayotimda Siz kabi ana shu qo‘ng‘iroq jarangiga mahliyo bo‘lganman. O‘sha paytda o‘z orzularimni zabt etish uchun yo‘lga chiqqanman. O‘tgan davr mobaynida ularning aksariyati ro‘yobini topdi. Albatta erishilmaganlari ham bo‘ldi. Ammo bir haqiqat borki, inson bir maqsad yo‘lida qat’iy harakat qildimi, u albatta muvaffaqiyatga erishadi.

– Davlat rahbarining biz maktab bitiruvchilariga yo‘llagan tabrigini o‘qib, kelajakdagi rejalarimni belgilab oldim, – deydi 1-umumta’lim maktabi bitiruvchisi Shahnoza Rustamova. – Biz yoshlarga yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalangan holda yetuk mutaxassis bo‘lib yurtimiz ravnaqiga xizmat qilishga va’da beraman. Prezidentimiz tabrigi biz, yoshlarga motivatsiya berdi.   

[gallery-7258]

– Bugun Buxoro viloyatidagi 538 ta umumta’lim maktabida “so‘nggi qo‘ng‘iroq” sadolari jaranglaydi, – deydi viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Dilfuza Mustafoyeva. – Mazkur umumta’lim maktablarini 23 mingga yaqin o‘g‘il-qizlar bitiradi.
–Maktabimizda 1 ming 252 nafar o‘g‘il-qiz tahsil oladi, – deydi shahardagi 1-umumta’lim maktabi direktori Sabohat Haydarova. – Ularga 120 nafar pedagoglar bilim berishadi. O‘quvchilarmizning 127 nafari bitiruvchilar. Bitiruvchilarimizning 34 tasi ingliz tilidan IELTS sertifikatini qo‘lga kiritgan. 3 nafar bitiruvchilar ya’ni Laziz Qorayev Toshkent shahridagi Inxa universitetiga, Said Rahmonov Toshkent shahridagi Turin Politexnika universitetiga, Shahruz Husenov AQSHning Arizona universitetiga muddatidan oldin talabalik baxtiga musharraf bo‘ldi.

Tadbirda muddatidan oldin talaba bo‘lgan hamda namunali xulqi, a’lo baholari bilan do‘stlariga o‘rnak ko‘rsatgan bir guruh bitiruvchilar viloyat hokimining esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Tadbir yakunida o‘quvchilar "Xayr , maktabim" qo‘shig‘ini jo‘rlikda ijro etdi.

“So‘nggi qo‘ng‘iroq” sadolari jarangladi.

Zarif Komilov,O‘zA