Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Andijon viloyatidagi tashrifining birinchi kunidan fotoreportaj
14:26 / 2021-06-18

Avval xabar qilinganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hududlardagi o‘zgarishlar, aholi hayoti bilan yaqindan tanishish, istiqboldagi rejalarni belgilash maqsadida 17 iyun kuni ikki kunlik amaliy tashrif bilan Andijon viloyatiga keldi.

Davlatimiz rahbari dastlab Izboskan tumanining Qoʻgʻay mahallasida “Sohib omad barakasi” klasteri tomonidan yaqinda ishga tushirilgan “And gold” tikuv-trikotaj korxonasi faoliyati bilan tanishdi.

Qiymati 2 million 500 ming AQSH dollari boʻlgan loyiha doirasida yangi bino qurilib, zamonaviy uskunalar keltirib oʻrnatilgan. Korxona yiliga 3 million 500 ming dona tayyor trikotaj ishlab chiqarish quvvatiga ega. Mahsulotlarni 100 foiz eksportga yoʻnaltirish rejalashtirilgan. Bu boradagi yillik imkoniyat 5 million dollardan ziyod. Halitdanoq kalava ip yetkazib berish boʻyicha Xitoy va Rossiya bilan shartnoma tuzilgan.

Korxonada hozircha 830 nafar xotin-qiz ishli boʻldi. Prezidentimiz ular bilan suhbatlashdi.

[gallery-2836]

Soʻng Prezidentimiz Paxtaobod tumanidagi innovatsion issiqxonani koʻzdan kechirdi.

Innovatsionligi shundaki, bu joy ilgari tosh-shagʻal karyeri boʻlgan. Yerdan unumli foydalanish siyosati natijasida u ekinzorga aylantirildi. “Mega agro” masʼuliyati cheklangan jamiyati bu yerda Ispaniya texnologiyasi asosida issiqxona barpo etdi.

Bu texnologiyada ekin polietilen quvurchalar orqali sugʻoriladi. Eng muhimi, suv isrof boʻlmaydi, doimiy aylanib turadi.

Tadbirkor uchun 16 gektar yer ajratilgan. Shundan 6 gektarida ochiq va yopiq issiqxona tashkil etilgan. Yana 2 gektarda Turkiya va Ispaniyadan olib kelingan zamonaviy uskunalar oʻrnatilmoqda.

Issiqxonalarda “Aysberg” karami, pomidor, bodring, ularning koʻchatlari va har xil koʻkatlar yetishtiriladi. Ularni yurtimiz bozorlariga yetkazib berish, shuningdek, yiliga 1 million 500 ming dollarlik eksport qilish rejalashtirilgan. Korxonada 100 ta ish oʻrni yaratilgan.

[gallery-2837]

Prezident Shavkat Mirziyoyev Izboskan tumanidagi “Rustamjon Zamin rivoji” fermer xoʻjaligi dalasida gʻalla hosilini koʻrdi.

Xoʻjalikda 55 gektardan ziyod yerga bugʻdoy ekilgan. Uning har gektaridan 72 sentnerdan ziyod hosil olish kutilmoqda. Shundan 177 tonna davlat resurslari uchun sotiladi, 225 tonna oʻz ixtiyorida qoladi.

13 gektarda yomgʻirlatib sugʻorish joriy qilingan. Gʻalladan boʻshagan maydon takroriy ekin ekish uchun 200 nafar aholiga ajratib berilmoqda.

[gallery-2838]

Davlatimiz rahbari Izboskan tumanidagi Urganji mahallasida boʻlib, aholi hayoti bilan tanishdi. Shavkat Mirziyoyev shu yerlik Qurbonali Oʻrinboyev xonadonida boʻlib, yashash sharoitlari, parrandachiligini koʻzdan kechirdi. Mahalla vakillari bilan dildan suhbat boʻldi.

Mahallada 3 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi. Bu yil 915 oʻrinli umumtaʼlim maktabi taʼmirdan chiqarildi. Barcha koʻchalar obod boʻlyapti. Oʻnlab kichik biznes subyektlari aholi bandligini taʼminlashda muhim omil boʻlmoqda.

Odamlarning oʻzi ham hunarmand, mirishkor. Jumladan, dehqonchilik bilan shugʻullanish istagida boʻlgan yoshlarga 10 sotixdan yer ajratilyapti. Mahalladagi 150 ta xonadonga 50 boshdan parranda berilib, oʻzini oʻzi band qilishi taʼminlangan.

[gallery-2839]

Prezidentimiz Andijon viloyatiga avvalgi tashrifi chogʻida Andijon tumanidagi adirliklarda yangi shahar qurish tashabbusini ilgari surgan edi. 17-iyun kuni ushbu yangi shahar qurilishiga tamal toshi qoʻyish marosimi boʻldi. Prezidentimiz yangi shahar qurilishiga tamal toshi qoʻydi.

Davlatimiz rahbari Andijon shahridagi “Dinar group” masʼuliyati cheklangan jamiyati va “Diromm” fabrikasi faoliyati bilan tanishdi.

Umumiy qiymati 10 million AQSH dollari boʻlgan ushbu loyiha uchun qarovsiz bino “nol” qiymatda berilgan edi. Atigi yetti oyda bu yerda zamonaviy korxona paydo boʻldi.

Yangi korxonaga Italiya, Avstriya va Turkiya kabi davlatlardan mato boʻyash va tikuv uskunalari keltirib oʻrnatildi. 1000 ta ish oʻrni yaratildi. Korxona yiliga 3,5 million dona tayyor trikotaj va 5 ming tonna yarim tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish quvvatiga ega.

Oʻzbekiston Yevropa Ittifoqining GSP+ dasturiga aʼzo boʻlishi bilan bu korxona uchun ham keng yoʻl ochildi. Mahsulotlar 100 foiz eksportga yoʻnaltirilmoqda. Bugungi kunda xorijiy davlatlar buyurtmalari asosida 50 dan ortiq turdagi yarim tayyor va 100 xildan ortiq tayyor trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Yillik eksportni 40 million dollarga yetkazish maqsad qilingan.

Boʻsh turgan inshootlardan samarali foydalanishga qaratilgan iqtisodiy siyosat natijasiga Andijon shahridagi “Diromm” fabrikasi ham misol boʻla oladi. Uning binosi 1980-yillarda qurilgan, uzoq vaqt ishlamasdan, tashlandiq holga kelib qolgandi.

“Bobur XBK” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan 33 million 500 ming dollar miqdorida investitsiya kiritilgach, bino qiyofasi tamoman oʻzgardi. U mukammal taʼmirlanib, Fransiya, Germaniya, Italiya, Yaponiya va Turkiyaning zamonaviy texnologiyalari oʻrnatildi. Hozir bu yerda 1 ming 500 kishi mehnat qilmoqda. Toʻliq quvvatda 2 ming 700 ta doimiy ish oʻrni boʻladi.

Bugungi kunda korxonada 200 turdagi jinsi mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Matoni boʻyashdan tortib, tayyor mahsulotgacha boʻlgan jarayon zamonaviy texnologiyalar yordamida amalga oshirilmoqda.

Bu fabrikada ham mahsulotlar toʻliq eksport qilinadi. Moʻljal - yiliga 25 million dollarlik mahsulotni xorijga yetkazib berish.

[gallery-2840]

Shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyati Bosh jome masjidini borib koʻrdi.

Bu joyda ilk masjid 1870-yilda tiklangan. Hozirgi masjid qurilishi 2018-yilda boshlanib, shu yil may oyida yakunlandi.

Yangi bino qadimiy chor ayvon va chor darvoza uslubida barpo etilgan. Uning ikki chetida balandligi 54 metrlik minoralar, asosiy binoning tepa qismida diametri 18 metrli gumbaz qurilgan.

Ilgari masjid sigʻimi 5 ming kishini tashkil qilgan boʻlsa, endi bino 15 mingdan ortiq namozxonni oʻz ichiga sigʻdira oladi.

Qurʼon oyatlaridan tilovat etilib, duo qilindi.

[gallery-2841]

Tashrif davom etmoqda.

Temur MAMADAMINOV(surat), OʻzA