Ayni paytda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tmoqda. Majlis avvalida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov o‘tgan haftada mamlakatimiz tashqi siyosiy hayotidagi muhim voqealarga to‘xtalib o‘tdi.
— Italiya Respublikasi iqtisodiy va texnologik salohiyatga ega mamlakat sifatida O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqidagi muhim hamkorlaridan biri sanaladi. So‘nggi yillarda ikki davlat yetakchilarining siyosiy irodasi va amaliy sa’y-harakatlari natijasida O‘zbekiston va Italiya o‘rtasidagi hamkorlik izchil kengayib bormoqda. Oliy darajadagi muntazam muloqotlar o‘zaro ishonch va barqaror hamkorlik muhitini yaratmoqda.
Ma’lumki, shu yil 28–29 may kunlari davlatimiz rahbarining taklifiga binoan, Italiya Respublikasi Bosh vaziri Jorja Meloni rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘ldi. Mazkur tashrif ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va manfaatdorlikka asoslangan aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qildi, desak to‘g‘ri bo‘ladi.
Oliy darajadagi muzokaralarda O‘zbekiston — Italiya munosabatlarining barcha yo‘nalishlari batafsil muhokama qilindi, o‘zaro hamkorlikning yangi istiqbollari belgilab olindi. Ikki davlat o‘rtasida Strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiya qabul qilindi.
Siyosiy muloqot, savdo-iqtisodiy, investitsion va madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalarni kengaytirish hamda yangi imkoniyatlar yaratishga qaratilgan qator muhim hujjatlar imzolandi.
Bir so‘z bilan aytganda, Samarqand shahrida do‘stona ruhda bo‘lib o‘tgan muzokaralar davomida erishilgan har bir kelishuv uzoq muddatli va barqaror aloqalarni ta’minlashga xizmat qilishi, shubhasiz.
Shuningdek, 30 may kuni Qozog‘istonning Ostona shahrida “Markaziy Osiyo – Italiya” formatidagi sammit bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakatimiz Prezidenti ishtirok etib, nutq so‘zladi. Unda O‘zbekiston tashqi siyosati ochiqlik va konstruktiv muloqot orqali mamlakatimiz hamda mintaqamiz manfaatlarini ta’minlashga qaratilganini namoyon etdi, desak to‘g‘ri bo‘ladi.
Davlatimiz rahbari nutqida bugungi global va mintaqaviy aloqalardagi tendensiyalardan kelib chiqib, ko‘p qirrali munosabatlarni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlariga alohida e’tibor qaratildi. “Markaziy Osiyo — Italiya” ishbilarmonlar klubini tashkil etish, Sanoat va texnologik hamkorlik dasturini qabul qilish, Italiya yetakchi brendlari ishtirokida dizayn markazlari tashkil etish, “Markaziy Osiyo — Italiya” ilmiy-ta’lim konsorsiumi tashkil qilish kabi muhim taklif va tashabbuslar ilgari surildi.
[gallery-23735]
Prezidentimiz tashabbuslarining mazmun-mohiyati va ahamiyatini joylarda targ‘ib qilish hamda qonunchilik sohasida qo‘llab-quvvatlash yuzasidan siyosiy partiyalar fraksiyalari, qo‘mitalar va komissiyalar o‘z ishlarini faollashtirishi kerak, — dedi Spiker.
Muhtarama Komilova,
O‘zA