Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prezidentimiz Murojaatnomasining mazmun-mohiyati keng targ‘ib qilinmoqda
18:35 / 2026-01-08

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasi mazmun-mohiyatini aholi o‘rtasida keng targ‘ib qilish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasida izchil targ‘ibot-tashviqot tadbirlari tashkil etilmoqda.

Shunday uchrashuvlardan biri Kegeyli tumanidagi Yoshlar markazida bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan saylangan deputatlar, partiya faollari, yoshlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar tomonidan Prezident Murojaatnomasida belgilangan asosiy g‘oyalar, ustuvor yo‘nalishlar va ularning amaliy ahamiyati yuzasidan atroflicha tushunchalar berildi.

Qayd etilganidek, davlatimiz rahbari Murojaatnomada so‘nggi yillarda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida mamlakat iqtisodiyoti barqaror o‘sish yo‘liga chiqqanini, aholi daromadlari va turmush darajasi sezilarli oshganini alohida ta’kidladi. Kambag‘allik darajasining qisqarishi, millionlab fuqarolarning daromadli mehnat bilan ta’minlanishi, ijtimoiy himoya tizimining mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarilishi bu islohotlarning eng muhim natijalaridandir.

Murojaatnomada 2026 yilda mamlakat taraqqiyotini ta’minlashga qaratilgan ustuvor yo‘nalishlar belgilab berildi. Jumladan, mahallaning jamiyatdagi o‘rnini yanada mustahkamlash, uni aholini birlashtiruvchi, ijtimoiy masalalarni joyida hal etadigan muhim institutga aylantirish orqali fuqarolarning hayot sifati yanada yaxshilanishi ta’kidlandi. Shu bilan birga, iqtisodiyotni texnologik va innovatsion rivojlantirish, yangi sanoat quvvatlarini ishga tushirish, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarni joriy etish orqali  qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish va yangi ish o‘rinlari yaratish ko‘zda tutilmoqda.

Ichki bozorda talabni rag‘batlantirish, ipoteka va xizmatlar sohasini rivojlantirish, transport va turizm infratuzilmasini yaxshilash orqali aholining xarid qobiliyatini oshirish ham ustuvor vazifalar qatorida belgilandi. Shuningdek, zamonaviy kasblar va yangi mehnat bozori arxitekturasini shakllantirish orqali yoshlarning bilim va ko‘nikmalarini zamon talablariga mos ravishda rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.

Ekologik barqarorlikni ta’minlash, “yashil” energetika, suv va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, havo ifloslanishini kamaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar aholi salomatligi va atrof-muhit muhofazasini ta’minlashga xizmat qilishi qayd etildi.  

Shu bilan birga, zamonaviy davlat boshqaruvi va adolatli sud-huquq tizimini shakllantirish, elektron hukumatni rivojlantirish, korrupsiyaga qarshi keskin kurashish orqali jamiyatda adolat va ishonch muhitini mustahkamlash maqsad qilingani ta’kidlandi.

Tadbir ishtirokchilari Murojaatnomada belgilangan vazifalar har bir fuqaroning kundalik hayoti bilan bevosita bog‘liq ekanini, ushbu islohotlar aholi farovonligi, yoshlar kelajagi va mamlakat taraqqiyoti uchun mustahkam zamin yaratishini alohida qayd etdilar. 

 Ishtirokchilar ta’lim, kasbga yo‘naltirish, tadbirkorlik va mahalla tizimiga oid tashabbuslarni ijobiy baholab, ularni hayotga tatbiq etishda faol ishtirok etishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Uchrashuv yakunida  Murojaatnoma Yangi O‘zbekistonni barpo etishda muhim dasturilamal ekani, unda belgilangan ustuvor vazifalar ijrosida deputatlar, partiya faollari va keng jamoatchilikning hamjihatlikdagi sa’y-harakatlari hal qiluvchi ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi. Murojaatnoma g‘oyalarini aholi o‘rtasida keng targ‘ib qilish va amaliy hayotga tatbiq etish barchamizning umumiy vazifamiz ekani qayd etildi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri