Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prezidentimiz maqolasiga butun dunyo qiziqish bildirmoqda
14:15 / 2022-09-13

Kuni kecha Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti: O‘zaro bog‘liqlikdagi dunyoda muloqot va hamkorlik” sarlavhali maqolasi e’lon qilindi. Jahon hamjamiyati tomonidan yuksak darajada e’tirof etilayotgan ushbu tahliliy maqolaga ko‘plab xorijiy nashrlar munosabat bildirmoqda.

Xususan, Quvaytning yetakchi "Al-Anba", “Al-Nahor”, “Tayms Kuveyt”  gazetalari va ommabop “Q8 Press” elektron nashri veb-sahifasida davlatimiz rahbarining fikrlariga oid konseptual maqola e’lon qilindi.

Material SHHTning Samarqandda o‘tadigan sammiti, tashkilotning tarixi, ahamiyati va salohiyati, maqsad va vazifalari, shuningdek, anjuman doirasidagi hamkorlikning asosiy tamoyillari tafsilotiga bag‘ishlangan.

Qayd etish lozim, O‘zbekistonning SHHT ishtirokchisi va amaldagi raisi sifatidagi ustuvor jihatlarga alohida e’tibor qaratilgan.

“Bizning asosiy shiorimiz – “Har birimiz kuchli bo‘lsakkina, SHHT kuchli bo‘ladi”. Uni amalda ro‘yobga chiqarish yo‘lida Tashkilotni yanada kuchli va xalqaro hamkorlarimiz uchun yanada jozibador bo‘lishiga erishish uchun jiddiy harakat qildik”, deb yozadi nashr davlatimiz rahbari bildirgan fikrlardan iqtibos keltirarkan.

O‘zbekiston yetakchisining maqolasi  Rossiya, Malayziya, Pokiston, Eron, Turkmaniston, shuningdek Yevropa qit’asidagi qator davlatlar ommaviy axborot vositalarining ham diqqat markazida.

«Diplomat Magazine»«EU Reporter»,  «bne Intellinews», Fransiyaning “Le Spectacle du monde”“L’Opinion”, Italiyaning «Il Gornale» nashrlari, “Bryussel-O‘zbekiston” do‘stlik guruhi hamda “Diplomatic World Institute” veb-sahifasi shular jumlasidan.

Mualliflar davlatimiz rahbari dunyodagi mavjud siyosiy vaziyat, SHHTning xalqaro munosabatlar tizimidagi o‘rni, mintaqaviy va global xavfsizlik hamda barqaror iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlashdagi ahamiyati haqida o‘z qarashlarini bayon etganini ta’kidlagan.

“bugungi kunga kelib SHHT hamjamiyati – ulkan geografik makonni qamrab olgan va sayyoramiz aholisining qariyb yarmini birlashtirgan dunyodagi eng yirik mintaqaviy tashkilotdir.

SHHTning xalqaro tashkilot sifatidagi jozibadorligi faoliyati asosini tashkil etadigan quyidagi tamoyillarda namoyon bo‘lmoqda: Shanxay hamkorlik tashkilotining turli bloklardan xoli maqomga ega ekani, ochiqlik, uchinchi mamlakatlar yoki xalqaro tashkilotlarga qarshi qaratilmagani, barcha ishtirokchi tomonlarning tengligi va suverenitetini hurmat qilish, ichki ishlarga aralashmaslik, siyosiy qarama-qarshilik va ixtilofli raqiblikka yo‘l qo‘ymaslik.

Shanxay hamkorlik tashkilotining muvaffaqiyat garovi – mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash orqali ko‘p tomonlama hamkorlikni ilgari surishda”, deb yozadi Yevropa OAV davlatimiz rahbari bildirgan fikrlardan iqtisob keltirib.

Prezident maqolasi Janubiy Koreya, Hindiston va Xitoyning yetakchi axborot resurslarida ham e’lon qilindi. Jumladan, Janubiy Koreyaning ommabop «The Korea Times» gazetasi, Hindistonning «International Affairs» tahliliy portali va “The Diplomat» jurnali, Indoneziyaning «Jakarta Globe» portali, Xitoyning  «China Pictorial”, “CGTN” va “People’s Daily online” yetakchi ommaviy axborot vositalari sahifalarida e’lon qilindi.

Ushbu nashrlar SHHTning Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan sammiti, zamonaviy dunyoda tutgan o‘rni va ahamiyati, shuningdek, O‘zbekistonning tashkilotga raisligi yakuni va o‘zaro hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari haqida so‘z yuritadi. Sammit o‘tkaziladigan joy - Samarqand shahriga alohida e’tibor qaratiladi.

“Azal-azaldan Samarqand turli g‘oya va bilimlar “qaynagan” makon bo‘lib, bu maskanda insoniyatning tinch va farovon yashash, o‘z kuchi va imkoniyatini ro‘yobga chiqarish, baxtli hayot kechirish kabi mushtarak maqsadlari mujassam. Bu tabarruk zaminda yashaydigan har bir odam, yaxshi qo‘shni – bu Xudo insonga ato etgan baxtning bir bo‘lagi, tinch-totuv qo‘shnichilik esa barakot manbai ekanini chuqur anglagan. Zero, hamkorlik, savdo, ijod, ilm-fan va san’at, insoniy g‘oyalar ustuvor joyda ezgulik ko‘payadi, xalqlar farovon va o‘zaro ahil yashaydi.

Bugun zamonaviy va jadal rivojlanayotgan infratuzilmaga ega Samarqandning bunday noyob jihatlari shaharni mintaqaviy va global xatarlarni birgalikda muhokama qilish, bu borada zarur yechimlarni izlab topish uchun eng qulay va maqbul maydonga aylantirmoqda”, deb yozadi xorijiy nashrlar maqolada bildirilgan fikrlardan misol keltirarkan.

 

Go‘zal Sattorova, O‘zA