Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prezidentimiz ishonchini oqlaymiz
15:22 / 2026-01-04

Munosabat

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasi Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidagi keng ko‘lamli islohotlar davomiyligining yana bir namunasi bo‘ldi. Murojaatnomada mamlakatimiz taraqqiyotini yanada yuksaltirish, inson qadrini ulug‘lash, yoshlar salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishga qaratilgan qator yo‘nalishlardagi ustuvor vazifalar belgilab berildi.

Davlatimiz rahbari O‘zbekiston yoshlarining ilm-fan, ta’lim, sport, madaniyat va san’at, axborot texnologiyalari sohalarida erishayotgan yutuqlarini alohida e’tirof etdi. Xususan, Prezidentimiz yoshlarimizning xalqaro fan olimpiadalari, xalqaro tanlovlar, nufuzli sport musobaqalarda yuqori natijalarni qayd etib, Vatanimiz bayrog‘ini yuksaklarga ko‘tarayotganini alohida ta’kidlab, ularning salohiyatiga yuksak baho berdi. Shu bilan birga, yoshlarimizning dunyo yoshlaridan kam bo‘lmasdan, balki bir pog‘ona ustun bo‘lib kamol topishlari uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolishini qayd etdi.

Murojaatnomada Prezidentimiz tashabbusi bilan 2026 yil yurtimizda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilinishi mahallaning jamiyat hayotidagi o‘rni va ahamiyatini yanada oshirishga qaratilgan muhim va tarixiy tashabbus bo‘ldi. Mahalla – jamiyatimizning tayanchi, ijtimoiy barqarorlik, totuvlikni ta’minlovchi o‘ziga xos an’ana va tajribalarga ega institut bo‘lib, bevosita mahalla faoliyati bilan bog‘liq har bir jarayon avvalo, inson manfaatlariga xizmat qiladi.

Davlatimiz rahbari tomonidan mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish, yoshlarning muammolarini bevosita joyida hal etish maqsadida tashkil etilgan yoshlar yetakchilari tizimi bugungi kunda yoshlar siyosatini amalga oshirishdagi muhim va samarali bo‘g‘iniga aylanib bormoqda. Bir so‘z bilan aytganda, mahallalarda faoliyat olib borayotgan yoshlar yetakchilari yoshlarning muammolarini hal etish, bandligini ta’minlash, ularni kasb-hunarga, tadbirkorlikka yo‘naltirish hamda ijtimoiy faolligini oshirishda muhim vazifalarni amalga oshirmoqda.

Andijon viloyati Yoshlar ishlari boshqarmasi davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlab, joriy yilda mahalla tizimida yoshlar bilan ishlashni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni izchil amalga oshiradi. Xususan, yoshlar yetakchilarining kasbiy salohiyatini oshirish, ularni zamonaviy bilim va ko‘nikmalar bilan qurollantirish, shuningdek, mahallalarda yoshlarning bandligini ta’minlash, ma’naviyatini yuksaltirish, bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlar bilan manzilli ishlash masalalariga alohida e’tibor qaratadi.

Ishonch bilan ta’kidlash mumkinki, viloyat yoshlari mahallalarda amalga oshirilayotgan islohotlarda faol ishtirok etib, Prezidentimiz bildirgan ishonchni oqlash, mahalla tizimini rivojlantirish hamda jamiyat taraqqiyotiga salmoqli hissa qo‘shmoqda. Yoshlar ishlari boshqarmasi esa yoshlarning tashabbus va g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faolligini yanada oshirish maqsadida mavjud barcha imkoniyatlardan samarali foydalanib ish olib bormoqda.

Akmaljon Tangirqulov,
Yoshlar ishlari agentligi
Andijon viloyat boshqarmasi boshlig‘i.
O‘zA