Milliy gvardiya Harbiy musiqa akademik litseyi bitiruvchisi, ayni paytda Milliy gvardiya Jamoat xavfsizligi universitetining ikkinchi bosqich kursanti Lobarxon Xo‘jamberdiyeva yurtimizda yaratilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanib kelayotgan yoshlardan.
Lobarxon nafaqat harbiy sohada, balki san’at va sportda ham yuksak natijalarni qo‘lga kiritgan. U besh turdagi musiqa cholg‘u asbobini professional darajada chala oladi. Shu bilan birga, WTKF karate-do yo‘nalishi bo‘yicha sport ustasi, qora belbog‘ sohibasi, xalqaro darajadagi hakam va jahon chempioni hisoblanadi. U Hindiston, Misr, Braziliya, Saudiya Arabistoni, Amerika Qo‘shma Shtatlari kabi davlatlarda bo‘lib o‘tadigan xalqaro musobaqalarda muntazam ishtirok etib keladi.
Yaqinda Prezidentimizning yoshlar bilan ochiq muloqoti chog‘ida Lobarxon ham ishtirok etdi. U Milliy gvardiya ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan ko‘p sonli yoshlar nomidan so‘zga chiqib, davlatimiz rahbari tomonidan yoshlarga yaratilayotgan beqiyos imkoniyatlar uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.
Albatta, Lobarxonning bugungi muvaffaqiyatlari zamirida ota-onasining mehri, yaqinlarining qo‘llab-quvvatlashi va ustozlarining beqiyos hissasi mujassam. Farzand yutug‘ini ko‘rish — ota-ona uchun eng buyuk baxt. Onasi ham qizining har bir yutug‘ini faxr va shukronalik bilan qarshi olishini, uning ortidagi mehnat va matonatni alohida ta’kidlaydi.
Darhaqiqat, har bir muvaffaqiyat ortida tinimsiz mehnat yotadi. O‘z ustida ishlayman, ilm olaman, yutuqlarga erishaman, degan yoshlar uchun yurtimizda barcha imkoniyatlar yetarli. Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan Milliy gvardiya Jamoat xavfsizligi universitetida ham ana shunday mard va dovyurak 60 nafardan ortiq qizlarimiz Vatan tinchligi va osoyishtaligini saqlashdek sharafli burchni ado etishga bel bog‘lab, sidqidildan tahsil olmoqda.
Prezidentimiz yoshlar bilan muloqot davomida Lobarxon singari qizlarimiz borligidan faxrlanishini bildirib, ularning ota-onalariga o‘z minnatdorligini yetkazishni alohida ta’kidladi. Milliy gvardiya qo‘mondonligi va Qibray tumani hokimligi tomonidan ushbu samimiy minnatdorlik Lobarxonning ota-onasi va yaqinlariga yetkazildi.
Haqiqatdan ham, shunday jasur, bilimli va vatanparvar yoshlar — yurtimiz kelajagining mustahkam poydevori. Ularning har bir yutug‘i Yangi O‘zbekistonning ravnaqi va nufuzini yanada yuksaltiradi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/rmvEQxV_hEU" title="Prezidentimiz faxrlangan qiz" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Nigora Rahmonova, Ulug‘bek To‘xtayev (montaj), O‘zA