Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prezidenti huzuridagi Istiqbolli kadrlarni tayyorlash bo‘yicha "El-yurt umidi" jamg‘armasi etib qayta tashkil etiladi
10:55 / 2025-05-19

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Iqtidorli mutaxassislarning xorijda ta’lim olishini qo‘llab-quvvatlash, ularda kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish va rag‘batlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonga imzo chekdi.

Unga muvofiq, Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish bo‘yicha "El-yurt umidi" jamg‘armasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Istiqbolli kadrlarni tayyorlash bo‘yicha "El-yurt umidi" jamg‘armasi etib qayta tashkil etiladi. 

"El-yurt umidi" jamg‘armasi Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish bo‘yicha "El-yurt umidi" jamg‘armasining huquq va majburiyatlari bo‘yicha uning huquqiy vorisi hisoblanadi. 

Jamg‘armaning asosiy vazifalari:

a) professional, chuqur bilimga ega, zamonaviy fikrlaydigan va vatanparvarlik ruhida tarbiyalangan kadrlarga bo‘lgan talabni o‘rganib borish asosida iqtidorli va istiqbolli mutaxassislarni tizimli ravishda aniqlash, tanlash va ularning xorijdagi davlat va nodavlat muassasalari hamda ilmiy-ta’lim tashkilotlarda ta’lim olishini tashkil etish;

b) vazirlik, idora, iqtisodiyot tarmoqlari strategik korxonalari, shuningdek, yetakchi oliy ta’lim muassasalari, tadqiqot va tahliliy markazlari istiqbolli mutaxassislarining rivojlangan mamlakatlardagi yetakchi universitetlar, ilmiy markazlar, turli kompaniya va tashkilotlarda maqsadli stajirovkasini tashkil etish;

v) nomzodlarni vazirlik, idora va iqtisodiyot tarmoqlarining strategik korxonalari ehtiyojlariga mos holda professional yo‘naltirish chora-tadbirlarini amalga oshirish;

g) vazirlik, idora va iqtisodiyot tarmoqlarining strategik korxonalari tomonidan foydalaniladigan stipendiatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazasini shakllantirib borish;

d) stipendiatlarning O‘zbekistonga qaytgandan so‘ng mehnat faoliyati va ijtimoiy himoyasi uchun munosib shart-sharoitlar yaratish hamda ularni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha takliflar kiritish; 

ye) mamlakatimizning xalqaro maydondagi ijobiy imijini yanada oshirish uchun stipendiatlar salohiyatidan samarali foydalanish; 

j) davlat tilining xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini oshirish, unib-o‘sib kelayotgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy an’ana va qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalash, xorijda o‘zbek tili va O‘zbekiston tarixini o‘rganish uchun shart-sharoitlar yaratish va bu bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirishga ko‘maklashish;

z) xorijiy universitetlar, ilmiy markazlar, turli kompaniya va tashkilotlar  bilan ta’lim, tadqiqot va boshqa sohalarda hamkorlik aloqalarini o‘rnatish; 

i) Tashqi ishlar vazirligi bilan hamkorlikda xorijdagi nufuzli ilmiy-tadqiqot ta’lim va tibbiyot muassasalari, iqtisodiyotning istiqbolli tarmoqlarida faoliyat yuritayotgan, qimmatli ilmiy va amaliy tajribaga ega vatandoshlarimiz bilan aloqalar o‘rnatish hamda ularni O‘zbekistonda faoliyat yuritish uchun jalb qilishga ko‘maklashish;

k) oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda xorijiy mamlakatlarda faoliyat yuritayotgan, Scopus tizimida "Xirsh" indeksi (h-indeks) yuqori bo‘lgan olim, professor-o‘qituvchi va tadqiqotchilarni o‘quv kurs va fanlarni o‘qitish hamda tadqiqotlar olib borish uchun jalb etishga ko‘maklashish; 

l) oliy ta’lim muassasalarining asoslantirilgan takliflari bo‘yicha QS (Quacquarelli Symonds) hamda THE (The Times Higher Education) xalqaro reyting tashkilotlarining global reytingida birinchi 300 talikka kiritilgan xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan qo‘shma ta’lim dasturlarini amalga oshirish, ularning O‘zbekiston hududidagi filiallarini ochish bo‘yicha xarajatlarini hamda xorijiy mamlakatlar yoshlarini milliy oliy ta’lim muassasalarida o‘qishini moliyalashtirishga ko‘maklashishdan iborat bo‘ladi. 

Qarorga muvofiq, "El-yurt umidi" jamg‘armasi faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish va muvofiqlashtirish maqsadida "El-yurt umidi" jamg‘armasining Boshqaruv kengashi tuzildi va uning tarkibi tasdiqlandi.

O‘zA