French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prezident yoshlarning ma’naviy tarbiyasi masalasiga ham to‘xtaldi
22:07 / 2021-06-30

Davlatimiz rahbari bugungi yoshlar va talabalar forumida yoshlarning odob-axloqi, yurish-turishi, madaniy saviyasi haqida ham alohida to‘xtaldi.

– Bugun sizlar bilan jamoatchilikni bezovta qilayotgan ayrim muammolar yechimi bo‘yicha ham, fikrlashib olishimiz zarur.

Yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik, giyohvandlik, ichkilikbozlik, oilaviy ajralishlar, buzg‘unchi va radikal oqimlar ta’siriga tushish holatlari davom etayotgani, Davlat rahbari sifatida shaxsan meni jiddiy tashvishga solmoqda.

O‘tgan 5 oyda 7 mingdan ziyod yoshlar jinoyat sodir etgani, hozirgi vaqtda qariyb 40 ming nafar yosh profilaktik hisobda turgani xavotirimiz bejiz emasligini ko‘rsatmoqda.

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda ko‘rsatilgan xunuk voqealar, ya’ni joylardagi Alisher Navoiy, Amir Temur, Motamsaro ona haykallari yonida ayrim tarbiyasiz yoshlar tomonidan sodir etilgan noma’qul harakatlar meni nihoyatda ranjitdi.

Bu bolalarning ota-onasi, bobo-momolari, o‘qituvchi va muallimlari¸ qolaversa, mahalla-ko‘y, yoshlar bilan ishlaydigan mas’ul mutasaddilar qayerga qarayapti?

Vatanimiz yoshlariga mutlaqo yarashmaydigan, barchamizga isnod keltiradigan bunday salbiy ko‘rinishlarga, jamiyatimizda mutlaqo o‘rin bo‘lmasligi zarur.

Kerak bo‘lsa, biz xalqimizning muqaddas qadriyatlari, timsollari va tabarruk qadamjolariga bepisand munosabatda bo‘ladigan kimsalarga nisbatan, jazo choralarini yanada kuchaytiramiz.

Bunday buzg‘unchi ishlarning oldini bugun olmasak, ertaga kech bo‘ladi.

Bu borada meni bir narsa chuqur o‘ylantiradi. Nima uchun yoshlar tarbiyasiga bevosita mas’ul va javobgar bo‘lgan tashkilotlar, ota-onalar, pedagogik jamoalar bu masala bo‘yicha tezkor va prinsipial munosabat bildirmayapti?

Hozirgi g‘oyat murakkab davrning keskin talabi shundayki, har qanday imkoniyat va minbardan foydalanib, islohotlarimizga xalaqit berayotgan barcha muammo va kamchiliklarni birgalikda, ochiq va oshkora muhokama qilishimiz lozim.

Chunki bu ishlarni o‘zimiz qilmasak, chetdan kelib hech kim biz uchun qilib bermaydi, – dedi Prezident.

O‘zA