English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prezident – yoshlarga: bugun tarix navbatni sizlarga bermoqda
14:00 / 2025-07-02

Prezident Shavkat Mirziyoyev 30 iyun – Yoshlar kunida yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Mazkur uchrashuvda davlatimiz rahbari yoshlar bilan yaqindan muloqot qilib, ularni qutlug‘ ayyom bilan muborakbod etdi. Shuningdek prezidentimiz islohotlar boshlangan ilk kunlardanoq “ilm – tarbiya – innovatsiya” zanjirini yaratishga kirishilganini, bu harakatlar bugun aniq natijalar berayotganini qayd etdi.

Masalan, o‘tgan yili yurtimiz yoshlari top-500 talik oliygohlarga kirish bo‘yicha Markaziy Osiyoda 1-o‘rinni egalladi. Bilimli yoshlarimiz ilk bor top-5 talikdagi oliygohlarga kirib, tarixiy natija qayd etdi. Albatta mazkur yutuqlar yoshlarimiz uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar samarasi ekanligi, ular bundan unumli foydalanib, yuksak cho‘qqilarni zabt etayotganligi hech birimizga sir emas.

Davlatimiz rahbari mazkur uchrashuvda qadriyatlarimiz va madaniyatimizni o‘zida ifoda etadigan sun’iy intellektning milliy modelini ishlab chiqish boshlanganligini e’lon qildi. Bu esa boy tariximiz va zamonaviy yondashuvlarni o‘zida uyg‘unlashtirib, yoshlarning yangi kreativ g‘oyalarini shakllantirishga xizmat qiladi.

Shu bilan birga yoshlarni aktyorlik, musiqa, kitobxonlikka qiziqishini orttirish uchun “Turon” teatri, “Iqtidor ansambli”, “Jadidlar izidan” kabi tanlovlar o‘tkazilayotganligi, ularda 400 mingga yaqin o‘quvchi ishtirok etganligi ham alohida ta’kidlandi. Ahamiyatga molik jihati, endi tanlovlarda g‘olib bo‘lgan jamoalar chekka hududlardagi maktablarga muntazam borib, o‘z chiqishlari bilan tengdoshlarini madaniyat va san’atga qiziqtirishi belgilab qo‘yildi.

Binobarin, O‘zbekiston BMTning “Yoshlar – 2030” strategiyasini jadal amalga oshirayotgan 10 ta davlat qatoriga kirganligi har birimiz uchun o‘zgacha faxr va iftixor hissini beradi.

Mana shunday shart-sharoitlardan unumli foydalanib kelayotgan, ma’naviyat sohasida faoliyat yuritayotgan yosh olim, mutaxassis sifatida davlatimiz rahbarining yoshlarga qaratilgan quyidagi nutqi men uchun muhim eslatma bo‘ldi hamda xalq manfaati yo‘lida mas’uliyat va javobgarlik hissining yanada ortishiga sabab bo‘ldi:

“Birinchi va Ikkinchi Renessansni buyuk alloma va mutafakkirlarimiz yaratgan bo‘lsa, bugun tarix navbatni sizlarga bermoqda.

Ishonchim komil, sizlar barcha sohalarda mamlakatimiz bayrog‘ini baland ko‘tarishga qodirsiz. Sizlar Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari sifatida yangi tarix yaratadigan oltin avlodsiz!”

Shunday ekan, biz yoshlarning maqsad-rejalarimiz, har bir islohotimiz xalqimiz hayotini yaxshilashga, mamlakatimiz nufuzini jahon miqyosda tarannum etishga qaratilgan bo‘lishi darkor.

 

Jaloliddin Yusufov,

Falsafa fanlari doktori (DCc),

dotsent, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar

jamiyati a’zosi.