Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prezident koronavirus bilan bogʻliq vaziyat boʻyicha xalqqa murojaat qildi
19:35 / 2020-04-03

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 3-aprel kuni koronavirus pandemiyasi keltirib chiqargan inqirozga qarshi kurashish sharoitida tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 3-aprel kuni koronavirus pandemiyasi keltirib chiqargan inqirozga qarshi kurashish sharoitida tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.

Muhokamalarga oʻtishdan oldin davlatimiz rahbari yana bir bor xalqimizga murojaat qildi:

– Bugungi kunda butun dunyo, insoniyat murakkab davrni boshidan kechirmoqda. Mamlakatimizda epidemiologik vaziyatni jilovlash, aholi salomatligini har tomonlama himoya qilish uchun barcha choralar koʻrilmoqda.

Yurtimizga chetdan kirib kelgan koronavirus kasalligiga chalinganlar soni oshib bormoqda. Ming afsuski, koʻrsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan, bemorlardan 2 nafari vafot etdi. Ularning oila aʼzolari va yaqinlariga oʻz nomimdan, butun xalqimiz nomidan chuqur taʼziya bildirib, sabr-toqat va bardamlik tilayman.

Aziz yurtdoshlar!

Bugungi kunda mamlakatimizda 100 ming kishi karantinga olingan. Shuningdek, chet eldan salkam 13 ming fuqaro olib kelinib, ular ham toʻla karantinga olindi. Toshkent viloyatida 10 ming kishini qabul qilishga moʻljallangan karantin zonasi barpo etilmoqda. Uning dastlabki bir qismiga xorijdan kelgan 2 ming 200 dan ortiq fuqarolarimiz joylashtirildi.

Zangiota tumanida 10 ming oʻrinli 2 ta virusologiya shifoxonasi qurilmoqda. Yaqin kunlarda ushbu shifo maskanlaridagi 2 mingta oʻrin ishga tushiriladi. Hozirgi kungacha 245 mingta test, 700 mingga yaqin himoya vositalari olib kelinib, davolash muassasalariga yetkazildi. Bu ishlar yana davom ettirilmoqda.

Diagnostika, davolash, karantin ishlarini Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tavsiyalari hamda ilgʻor xorijiy tajribalarga tayanib amalga oshirmoqdamiz. Shuningdek, Janubiy Koreyadan malakali shifokorlar kelib, bemorlarni davolashda qatnashmoqda. Yaqin kunlarda bir guruh xitoylik mutaxassislar ham yetib kelishi kutilmoqda. Bundan tashqari, vrachlarimiz xorijiy hamkasblari bilan muntazam videomuloqotda boʻlib, kundalik tajriba almashmoqda.

Taʼkidlash kerakki, amalga oshirilayotgan tizimli chora-tadbirlarimiz, albatta, oʻz natijasini bermoqda. Kasallikka chalinganlarning 25 nafari toʻliq sogʻayib, reabilitatsiyaga oʻtkazildi.

Fursatdan foydalanib, bu kurashning oldingi saflarida chinakam jasorat va matonat koʻrsatayotgan jonkuyar va olijanob shifokorlarimizga chuqur minnatdorlik bildiraman.

Yuzaga kelgan vaziyatni toʻgʻri tushunib, bizni faol qoʻllab-quvvatlayotgan xalqimizga, aziz yurtdoshlarimga rahmat aytaman.

Shu bilan birga, qancha ogohlantirish va tushuntirish ishlariga qaramay, joylarda karantin qoidalari buzilayotganini afsus bilan aytish kerak.

Hozirgacha 22 mingdan ziyod ana shunday holat aniqlandi, 330 kishi karantin hududini tashlab ketgan. Karantin vaqtida ayrim masʼuliyatsiz shaxslar 24 ta turli ommaviy marosimlar oʻtkazganini sira oqlab boʻlmaydi. Butun xalqimiz hayotiga xavf solayotgan bunday nomaʼqul ishlarga nisbatan keskin choralar koʻriladi.

Muhtaram vatandoshlar!

Ishontirib aytamanki, koronavirus tarqab ketmasligi uchun davlat barcha choralarni koʻradi. Ammo shu sinovli damlarda har bir oʻzbekistonlik, har bir idora, jamoatchilik vakillari bir musht boʻlib harakat qilishimiz kerak. Kasallikni mahallamizga, uyimizga, oilamizga olib kirmaslik uchun eng avvalo oʻzimiz masʼulmiz.

Ayrim davlatlarda yuqori gigiyenaga asoslangan kundalik turmush tarzi, milliy urf-odatlar bu kasallikni yengishda juda muhim omil boʻlmoqda.

Jumladan, aholisi zich, qoʻshnilari bilan savdo aloqalari oʻta rivojlangan boʻlishiga qaramasdan, Yaponiya virusning keng tarqalashiga yoʻl qoʻymadi.

Mutaxassislar “yapon fenomeni”ni ulardagi oʻziga xos salomlashish, shaxsiy masofani saqlash, tez-tez kiyim almashtirish, yuz-qoʻlni yuvish, toʻla yuvinish, toʻgʻri ovqatlanish, faol turmush tarzi va sport kabi 13 ta qoida va urf-odatlar saqlanib qolgani bilan asoslamoqdalar.

Bu esa bizda ham azal-azaldan mavjud – qoʻlini koʻksiga qoʻyib salomlashish, uyga mehmon kelganda qoʻlga suv quyish, jamoat joylarida masofani ushlash, meva-sabzavotlarni koʻp isteʼmol qilish kabi urflarimizni yana-da mustahkamlashni taqozo etadi.

Shuningdek, jamoat joylarida, mahalla va xonadonlarda dezinfeksiya ishlarini muntazam davom ettirish lozim. Barcha korxona va tashkilotlar har haftada oʻz xodimlarini tizimli ravishda tibbiy koʻrikdan oʻtkazib turishi zarur.

Hurmatli doʻstlar!

Har qanday qiyinchilikka qaramasdan, oʻz xizmat burchini vijdonan bajarayotgan aka-ukalarimiz, opa-singillarimiz, oʻgʻil-qizlarimiz fidoyiligini yuksak qadrlaymiz.

Aholi oʻrtasida vahima va sarosima gaplar tarqalishiga aslo yoʻl qoʻymaslik lozim.

Nuroniy otalarimiz, munis onalarimiz oʻz jonkuyarligi, sabr-bardoshi, ezgu duolari bilan barchaga ibrat boʻladilar, deb ishonaman.

Men bugungi kunda uy sharoitida tahsil olayotgan talaba va oʻquvchi yoshlarimizga murojaat qilmoqchiman:

Aziz farzandlarim, uyda vaqtingizni bekor oʻtkazmang! Onlayn darslarni qunt bilan oʻzlashtiring. Kitob oʻqing, bilimingizni oshiring, badantarbiya va jismoniy mashqlarni bir kun ham qoldirmang.

Qadrli yurtdoshlar!

Mana, bahorning issiq kunlari ham boshlandi. Mavjud qiyinchilikka qaramasdan, hayot davom etmoqda.

Fermer va dehqonlarimiz, tadbirkorlarimiz oldida oʻta muhim vazifalar turibdi.

Albatta, har birimiz kundalik yumushlarimizni xavfsizlik va sanitariya qoidalariga toʻla amal qilgan holda davom ettirishimiz zarur. Chunki bugun yoʻqotgan imkoniyatlarimizni ertaga tiklash qiyin boʻladi, vaqtni esa orqaga qaytarib boʻlmaydi.

Pandemiyani toʻxtatish uchun butun dunyo xalqlari qatori biz ham jiddiy izlanishdamiz. Odamlarimiz daromadlari kamayib ketmasligi uchun, korxonalarimiz barqaror ishlashi uchun barcha rejalarni koʻrayapmiz.

19-mart kuni pandemiyaning iqtisodiyotimizga salbiy taʼsirini yumshatish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida farmon qabul qilgan edim. Hukumat va mahalliy hokimliklar joylarda bu chora-tadbirlarning ijrosini taʼminlamoqda.

Men bugun mana shunday qiyin vaziyatda iqtisodiyotimizni, tadbirkorlarni faol qoʻllab-quvvatlash uchun yana bir muhim farmonga imzo chekdim. Qanchalik murakkab boʻlmasin, byudjetdan katta xarajatlarni talab etmasin, qoʻshimcha choralarni koʻrishga qaror qildim.

Ushbu farmonga koʻra:

birinchidan, turistik va mehmonxona faoliyati bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlar shu yil yakuniga qadar yer va mol-mulk soliqlarini toʻlashdan ozod etiladi. Ularga ijtimoiy soliq stavkasi hozirgi 12 foizdan 1 foizga tushiriladi. Ushbu imtiyozdan sohada xizmat koʻrsatayotgan mingdan ortiq subyektlar foydalanish imkoniyatiga ega boʻladi.

Ikkinchidan, karantin davrida oʻz faoliyatini toʻxtatishga majbur boʻlgan yakka tartibdagi tadbirkorlarga daromad soligʻi va ijtimoiy soliqni hisoblash toʻxtatiladi. Ushbu imtiyoz qariyb 150 ming yakka tartibdagi tadbirkorga katta koʻmak boʻladi.

Uchinchidan, tushumi oʻtgan oydagiga nisbatan 50 foizga kamaygan kichik biznes subyektlariga aylanmadan olinadigan soliq, yer soligʻi, mulk soligʻi, ijtimoiy soliq va suv soligʻini toʻlash muddati shu yil 1-oktyabrga qadar kechiktiriladi. Tadbirkorlar bu imtiyozlardan soliq idorasini uydan turib xabardor qilishi mumkin.

Toʻrtinchidan, joriy yil 1-apreldan boshlab yuridik shaxslarning tabiiy gaz va elektr energiyasi uchun oldindan toʻlov majburiyati amaldagi 100 foizdan 30 foizga tushiriladi.

Beshinchidan, Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi tomonidan yordam berish koʻlami yana-da kengaytiriladi.

Hozirgi kunda tadbirkor olgan kredit stavkasi 24 foizgacha boʻlganda uning 8 foizini jamgʻarma qoplab berar edi. Endi kredit stavkasi 28 foizgacha boʻlganda ham uning 12 foizini davlat qoplaydi.

Buning uchun tadbirkorlarning 3 trillion soʻmlik kreditlari foizini qoplashga jamgʻarmadan qoʻshimcha 400 milliard soʻm yoʻnaltiriladi. Jamgʻarma bir tadbirkorning faqatgina bitta loyihasiga kafillik berishi boʻyicha cheklov ham endi bekor qilinadi.

Intizomli va ishonchli tadbirkorlarga kreditning 75 foiziga jamgʻarma kafillik beradi (bugungi kunda 50 foiz). Kafillik summasining yuqori chegarasi ham 8 milliard soʻmdan 10 milliard soʻmga oshiriladi.

Oltinchidan, qiyin ahvoldagi korxonalar, yakka tartibdagi tadbirkorlar va aholining 12 trillion soʻmlik kredit majburiyati muddati uzaytiriladi.

Shuningdek, bugun qishloqlarda koʻp ish joylarini tashkil etib, endi oyoqqa turayotgan paxta-toʻqimachilik klasterlarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha ham alohida qarorga imzo chekdim. Ularning 2019-yilda paxta yetishtirish uchun olgan kreditlarini qaytarish muddati 1-oktyabrgacha uzaytiriladi.

Yettinchidan, aholini, ayniqsa, uning ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qator choralar belgilanmoqda.

Jumladan, shu yil yakuniga qadar un, oʻsimlik yogʻi, goʻsht va sut mahsulotlari, shakar, gigiyena vositalari kabi asosiy isteʼmol tovarlarini import qilishda bojxona boji va aksiz soligʻi undirilmaydi.

Shuningdek, joriy yil mart-iyun oylarida muddati tugaydigan bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishlash nafaqasi va moddiy yordamlarni toʻlash uchun qoʻshimcha murojaat va hujjatlar talab etilmaydi. Ular avtomatik tarzda 6 oydan 1 yilgacha uzaytiriladi. Ushbu davrda boshqa muhtoj oilalarga ham shunday nafaqalar tayinlash davom ettiriladi.

Bu choralar orqali yana 120 mingdan ziyod kam taʼminlangan oilalarni qamrab olamiz (hozirda 600 mingta).

Karantin davrida yolgʻiz keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarga 18 turdagi asosiy oziq-ovqat va gigiyena tovarlari bepul yetkazib beriladi.

Sakkizinchidan, karantin davrida uy sharoitida rivojlantirish mumkin boʻlgan faoliyat turlarini yana-da qoʻllab-quvvatlaymiz.

Misol uchun, mamlakatimizda 28 mingdan ziyod hunarmand faoliyat koʻrsatmoqda. Ularga oʻtgan yili 50 million dollar mablagʻ ajratildi, 12,5 mingta loyiha doirasida hunarmandlar 75 mingdan ortiq yangi shogirdlarni tayyorladi.

Ushbu soha uchun bu yil yana 50 million dollar mablagʻ yoʻnaltirilmoqda. Yaratilayotgan bunday shart-sharoitlar hunarmandlar uchun katta imkoniyatdir.

Hurmatli hunarmandlar! Sizlarning mehnatingiz, yangi-yangi tashabbuslaringiz hozirgi vaqtda aholi bandligini taʼminlashga, albatta, munosib hissa qoʻshadi.

Tadbirkorlar, hunarmand va fermerlarimiz, korxonalar rahbarlari berilgan bu imtiyozlardan samarali foydalanishlari kerak.

Eng asosiysi, joylarda nostandart yechimlarni izlab, ishlab chiqarish hajmlari va ish joylarini saqlab qolish, korxonalar faoliyatini davom ettirish zarur.

Ushbu mezon asosida viloyat, tuman (shahar) sektor rahbarlari, iqtisodiy kompleks idoralari oʻz ish rejalari va ishlash uslublarini qayta tuzib olishlari darkor.

Yaʼni, har bir rahbar korxonalar, tadbirkorlarning muammosiga alohida yondashib, ularni hal qilishda “bevosita boshqaruv” rejimiga oʻtishi kerak.

Aziz vatandoshlar, nuroniy otaxon va munis onaxonlar, qadrli farzandlarim!

Koʻpga kelgan va jahon ahli aziyat chekayotgan bu qiyin kunlar, albatta, oʻtadi.

Bizning buyuk va tanti xalqimiz koʻp asrlik tarixida ne-ne balo-qazolarni, urushlar va ocharchiliklarni mardonavor yengib oʻtgan. Bu sinovdan ham munosib oʻtib olishimizga qatʼiy ishonaman.

Hammamiz yana-da jipslashib, sabr-matonatli boʻlsak, shifokorlar tavsiyalariga toʻliq amal qilsak, albatta, bu kasallikni tezroq yengib oʻtamiz!

Bu kurashda tibbiy choralar bilan birga yuksak tafakkur, qatʼiy intizom, sabr-toqat va ulkan masʼuliyat koʻrsatishimiz lozim. Bu sifatlar bizning eng asosiy va eng taʼsirchan qurolimizga aylanishi shart.

Xalqimiz oʻz tarixida qanday ogʻir tabiiy ofatlarni koʻrgan boʻlmasin, Qodir Ollohning marhamati bilan, oʻzining kuch-qudrati, vazminligi va donishmandligi orqali ularning barchasini yengib oʻtgan.

Men ana shunday mard va matonatli, mehr-oqibatli xalqimizning aql-zakovatiga, uning metin irodasi va qatʼiyatiga toʻla ishonaman.

Oʻzbekistonda hech bir inson, hech bir oila davlatimiz va jamiyatimiz eʼtibori va gʻamxoʻrligidan chetda qolmaydi!

Yaratganning oʻzi xalqimizni va butun insoniyatni bu ofatdan tezroq ozod qilsin, barchamizni oʻz panohida asrasin!