Mamlakatimizda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligini ta’minlash va tadbirkorlik tashabbuslarini rag‘batlantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylangan.
Ko‘ksaroy qarorgohida davlatimiz rahbarining yoshlar bilan muloqotida belgilab berilgan vazifalar ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qilishi bilan birga oliy ta’lim tizimi oldiga mutlaqo yangi talablarni qo‘ymoqda.
Bu talablarning mohiyati shundaki, mamlakatimizdagi mavjud oliy ta’lim muassasalari yoshlarga bakalavr yoki magistr diplomini berish ishlari bilan emas, balki ularni hayotga tayyorlash, o‘z sohasining kerakli mutaxassisi bo‘lib yetishishiga ustuvor ahamiyat berishi lozim.
Uchrashuvda ta’kidlanganidek, yoshlar o‘z sohasini puxta bilishi, yangi ish joyiga borganda qiynalmasligi, barqaror daromad topishi zarurki, bunda oliy ta’lim muassasasi har bir yoshga aniq yo‘llanmaga ega bo‘lishiga zarur shart-sharoit yaratmog‘i kerak bo‘ladi.

Davlatimiz rahbari aytib o‘tganidek, har yili 600 ming yosh mehnat bozoriga kirib kelayotgani, 2030-yili bu ko‘rsatkich 1 millionga yetishi, yoshlarga o‘z imkoniyati va qiziqishiga mos ish topishi uchun sharoit yaratish bugungi kunning eng muhim masalasidir.
“Kelajakka qadam” dasturi doirasida oliy o‘quv yurtlarini bitirayotgan talabalarning kasbiy amaliyotni haq to‘lanadigan va ishga olib boradigan bosqich sifatida o‘tash imkoniyati sanaladi. Amaliyot ish beruvchi, oliy ta’lim muassasasi va talaba o‘rtasidagi kelishuv asosida ochiq va shaffof tarzda tashkil etilishi nazarda tutilmoqda. Bu esa yoshlarni ish qidiruvchi emas, ishga tayyor mutaxassis sifatida shakllantirishga qaratilgani bilan mohiyat kasb etadi.
Aytish lozim, joriy yil aprel-may oylarida mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalarida “Karera kuni” mehnat yarmarkasini yuqori saviyada tashkil etish rejalashtirilgan.
Xususan, Toshkent davlat texnika universitetida joriy o‘quv yilida 2455 nafar bitiruvchini munosib ish bilan ta’minlash bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirish, zarur dasturlarni ishlab chiqish borasida aniq mexanizmlar yaratilmoqda.
Universitet tomonidan ish beruvchi korxona va tashkilotlar kesimida kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj asosida “kadrlar buyurtmalari bazasi” shakllantirilayotgani e’tiborlidir.
Iqtisodiyot tarmoqlari va hududlar kesimida talab va taklif tanqidiy tahlil qilinib, bitiruvchilarni maqsadli yo‘naltirish mexanizmi ishlab chiqildi. Bu orqali har bir yo‘nalish va mutaxassislik bo‘yicha ish o‘rinlariga bo‘lgan real ehtiyojlar aniqlashtirilmoqda.
Shu bilan birga, talabalarni xususiy sektor buyurtmasi asosida tayyorlash amaliyotini yo‘lga qo‘yish borasida zarur chora-tadbirlar amalga oshirilishi bugungi kunning muhim vazifasi sanaladi.
Bu yondashuv yosh mutaxassisni ish izlovchi emas, balki raqobatbardosh mutaxassis, ish yaratuvchi sub’ekt sifatida mehnat bozoriga kirib borishi uchun maydon yaratilishiga olib keladi.
Yoshlar bandligini ta’minlash kasbga to‘g‘ri yo‘naltirishdan boshlanishi kundek ravshan.
Muloqot chog‘ida Prezidentimiz “O‘sish va rivojlanish” loyihasi doirasida bu yil media, dizayn, hunarmandchilik, ishlab chiqarish va innovatsiya yo‘nalishlarida tanlovlar o‘tkazilganligi, eng yaxshi 40 ta startapni moliyalashtirish uchun 2 milliard so‘m ajratilganligi, o‘zini o‘zi band qilgan yoshlar uchun kredit miqdori 100 milliondan 300 million so‘mgacha oshirilishi, innovatsion startap loyihalariga 100 ming dollargacha investitsiya kiritishga ruxsat berilishi aytilganda yangi O‘zbekiston yangi imkoniyatlar mamlakati ekanligi yana bir bor keng quloch olayotganligining amaliy odimi sifatida namoyon bo‘ldi.
Yana bir muhimi jihat, davlatimiz tomonidan yaratilgan imkoniyatlar natijasida yoshlarimiz jahon fan olimpiadalarida 66 ta oltin, 147 ta kumush, 221 ta bronza medalini qo‘lga kiritgani, dunyoning eng nufuzli oliygohlarida tahsil olayotgan talaba yoshlarimiz 500 nafardan, TOP-100 talikdagi oliygohlarda o‘qiyotgan yigit-qizlarimiz 3,5 ming nafardan oshgani, O‘zbekistonning salohiyati yuqori navqiron avlod vakillari yaratgan 63 ta startap loyihasi AQSH, Janubiy Koreya, Buyuk Britaniya va Birlashgan Arab Amirliklari bozorlariga kirib borgani “maqsad — harakat — natija” zanjiriga asoslangan “O‘zbekiston — 2030” strategiyasining muhim yo‘nalishlarini belgilab berdi.
Shu jihatdan “Maktab — universitet — korxona” zanjiri samarali yo‘lga qo‘yilishi yangi davrning yangi mutaxassislarini bugundan tarbiyalashga, kelajak ish o‘rnini oldindan tayyorlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Sanjar Shoqo‘chqorov,
Toshkent davlat texnika universiteti bo‘lim boshlig‘i,
Texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori.