Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prezident tuhfasi bilimga mehr uyg‘otguvchi omil hamdir
10:27 / 2025-08-13

Sirdaryo viloyatida 2025–2026-o‘quv yili arafasida 1-sinfga qadam qo‘yayotgan bolajonlar uchun quvonchli xabar — ularga mo‘ljallangan “Prezident sovg‘asi” to‘plamlari maktablarga yetkazila boshladi.

Joriy yilda viloyat bo‘yicha 16 ming 935 nafar bola ilk bor maktab ostonasini bosib o‘tadi. Davlatimiz rahbarining yosh avlodni qo‘llab-quvvatlash, ularning ta’lim-tarbiyasi va intellektual rivojiga qaratilgan doimiy g‘amxo‘rligining yorqin ifodasi sifatida har bir 1-sinf o‘quvchisiga 12 nomdagi o‘quv va ijodiy jihozlardan iborat maxsus to‘plam taqdim etiladi.

To‘plam tarkibidan “Alifbe” darsligi, yozuv daftarlari, rangli qog‘ozlar, rasm daftari, rangli qalamlar, yelim, jild va boshqa zarur o‘quv qurollari o‘rin olgan. Ushbu sovg‘alar nafaqat o‘qish jarayonida yordamchi vosita, balki bolalarda bilim olishga qiziqish va mehr uyg‘otuvchi muhim omil hamdir.

Ma’lumki, mamlakatimizda so‘nggi yillarda ta’lim tizimini rivojlantirish, maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim bosqichlarini qamrab olish, o‘quvchilar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. “Prezident sovg‘asi” tashabbusi ana shu sa’y-harakatlarning mantiqiy davomi sifatida har bir bolaning maktab hayotini yorqin va samarali boshlashiga xizmat qiladi.

Yangi o‘quv yili boshlangunga qadar to‘plamlar bosqichma-bosqich barcha maktablarga yetkazilib, 2 sentyabr kuni — birinchi qo‘ng‘iroq marosimida o‘quvchilarga tantanali ravishda topshiriladi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri