Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prezident topshiriqlarini amalga oshirishda yangi bosqich
12:06 / 2025-12-12

Joriy yil 2 dekabr kuni davlatimiz rahbarining Jizzax viloyatiga tashrifi chog‘ida xalqaro, mahalliy va ichki yo‘llar infrastrukturasini yaxshilash bo‘yicha bir qator aniq vazifalar belgilab berilgan edi. Ushbu topshiriqlar ijrosini ta’minlash viloyat hududlarida izchil amalga oshirilmoqda.

Jizzax viloyati hokimligi tomonidan Jizzax shahar va tumanlar obodonlashtirish boshqarmalariga so‘nggi rusumdagi zamonaviy frezerlash maxsus texnikalarining topshirilishi mazkur yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini yanada oshiradi. Bu jarayon shaharsozlik siyosatida belgilangan maqsadlarning amaliy ijrosi sifatida muhim ahamiyatga ega.

Mazkur tashabbus O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 12 sentyabrda qabul qilingan qarori hamda davlat rahbarining viloyatga  tashrifi chog‘ida berilgan ko‘rsatmalarini amalga oshirish doirasida tashkil etilmoqda.  

Qaror va topshiriqlarda yo‘lsozlik hamda kommunal infratuzilmani modernizatsiya qilish, zamonaviy texnika va mexanizmlar bilan jihozlash orqali qurilish-ta’mirlash ishlarining sifati va samaradorligini oshirish asosiy ustuvor vazifa sifatida belgilangan.

Shu asosda viloyat uchun umumiy qiymati 18 milliard 600 million so‘mlik, “Shantui” brendida ishlab chiqarilgan 13 dona yo‘l frezerlash mashinalari xarid qilindi. Har birining qiymati 1 milliard 434 million so‘mni tashkil etib, ushbu mashinalar “Yevro Osiyo maxsus texnikalari” MCHJ tomonidan yetkazib berildi va belgilangan tartibda shahar va tumanlarga taqsimlandi.

Yo‘l qoplamasini frezerlash uskunalari jahon amaliyotida eski asfaltni qayta ishlash, yo‘l yuzasini tekislash va yangi qoplama uchun zarur poydevor tayyorlashda eng samarali texnologiyalardan biri sifatida e’tirof etiladi. Bunday texnikalarning joriy etilishi viloyat hududida yo‘l va piyodalar yo‘laklarini ta’mirlash ishlarini jadallashtiradi, resurslardan tejamkor foydalanish imkonini yaratadi hamda ta’mir sifati va qoplamalarning xizmat muddatini oshiradi.

Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri