Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasining yig‘ilishida dastlab Prezidentimiz raisligida qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati sohalarida investitsiyalar jalb qilish hamda eksportni ko‘paytirish masalalari muhokamasi bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan ustuvor vazifalardan kelib chiquvchi partiya va uning fraksiyasi oldida turgan ustuvor vazifalar muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, qishloq xo‘jaligini isloh qilish, aholining oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar natijasida birgina o‘tgan yili yurtimizda 23 million tonna meva-sabzavot yetishtirilib, oziq-ovqat sanoatida 86 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan.
Har yili qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini qo‘llab-quvvatlashga 700 milliard so‘m, ishlab chiqarishni ko‘paytirishga 1 trillion so‘m yo‘naltirilmoqda. Lekin natija shunga yarasha emasligi videoselektorda aytib o‘tildi. Shuningdek, videoselektor yig‘ilishida bu yil qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat eksportini jadal oshirish uchun barcha sharoitlar yaratilishi, inflyatsiyani jilovlash va valyuta barqarorligini ta’minlash eksport bilan chambarchas bog‘liqligi, ko‘p mahsulot yetishtirish bilan birga eksportga qulayliklarni kengaytirmasa, natija kutilgandek bo‘lmasligi ta’kidlandi.
Fraksiya a’zolari munozaralar davomida davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan muhim vazifalar ijrosini ta’minlash O‘zLiDeP va uning deputatlik korpusi zimmasiga katta mas’uliyat yuklashini alohida qayd etdi. Mazkur topshiriqlardan kelib chiqadigan partiya va uning parlamentdagi fraksiyasi oldida turgan vazifalar belgilab olindi.
Shundan so‘ng yig‘ilishda shaharsozlik faoliyati sohasida ko‘payib borayotgan noqonuniy qurilishlarning oldini olish, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan bir qator qonun loyihalari ko‘rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA