Prezidentimiz raisligida joriy yilning 7-noyabr kuni oʻtkazilgan mahalliy sanoatni yanada rivojlantirish borasida mavjud imkoniyatlar va yangi zaxiralarni safarbar etish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi videoselektor yigʻilishida berilgan topshiriqlar ijrosi doirasida Jizzax viloyatida bir qator ishlar amalga oshirildi.
Viloyatda 4 ming 454 ta sanoat korxonasi mavjud. Ayni paytda ulardan 4 ming 19 tasi yoki 90,2 foizi faoliyat ko‘rsatmoqda. Shundan, yirik sanoat korxonalari soni 30 tani, kichik sanoat korxonalari esa 3 ming 989 tani tashkil etmoqda.
Viloyatda yengil sanoat va to‘qimachilik, mashinasozlik, qurilish materiallari, oziq-ovqat, elektrotexnika, metallurgiya, tog‘-kon, mebel, qog‘oz, kimyo va boshqa turdagi sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. So‘ngi besh yil mobaynida viloyatda yangi turdagi sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilganligini alohida ta’kidlash joiz.
Jumladan, yillik ishlab chiqarish quvvati 25 ming dona yengil avtomobillar, 5 ming tonna qandolat mahsulotlari, 2 million tonna portlandsement, 520 tonna sellyuloza, 500 tonna sendvich panellar, 222 ming tonna bazalt armaturalari va bazalt mahsulotlari, 3 ming 500 tonna samorezlar va 10 ming tonna steklovata mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.
Yurtboshimiz raisligi o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Jizzax viloyatidagi ishlab chiqarish hajmini kamaytirgan 2 ta yirik hududiy sanoat korxonasining hajmini oshirish ko‘rsatilgan edi.
Darhaqiqat, joriy yilning o‘tgan 9 oyi davomida ushbu 2 ta yirik hududiy sanoat korxonasida 9 milliard 400 million so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi kamaygan. Jumladan, Yog‘-moy mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Bo‘ston olami” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan “O‘zmilliybank” aksiyadorlik jamiyatidan olingan kreditdan 25 milliard so‘mlik qarzdorlik shakllanganligi sababli, korxona aylanma mablag‘lari tanqisligi vujudga kelgan. Natijada joriy yil davomida 0,5 milliard so‘mlik o‘simlik yog‘i va ozuqa yem mahsulotlari ishlab chiqarilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan (13,4 foiz) 3 milliard 200 million so‘m kam hajm qayd etilgan.
bugungi kunda, ko‘rsatilgan amaliy yordamlarga qaramasdan korxona ta’sischilari tomonidan mavjud kredit qarzdorligi so‘ndirilmasdan kelgan va korxona bankrot deb topilib, kredit garov ta’minotidagi mol-mulklar bank balansiga olingan.
Ishlab chiqarish hajmini kamaytirgan yana bir hududiy sanoat korxonalaridan biri “Jizzax suv ta’minoti” MCHJ tomonidan iste’molchilarning yangi suv hisoblagichlar hamda suvni tejovchi uskunalar bilan jihozlanishi, hududda suv sarfi tejalishi natijasida hisobot davrida tarmoqlar va aholi xonadonlariga 46 milliard 300 million (o‘tgan yili 52 milliard 500 million) so‘mlik ichimlik suvi yetkazib berilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan (88,1 foiz) 6 milliard 300 million so‘m kam hajm qayd etilgan.
Mazkur kamaytirilgan hajmlar viloyatda amalga oshirilgan yirik investitsiya loyihalari tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar hisobidan to‘liq qoplandi. Jumladan, joriy yilning o‘tgan 10 oyi davomida Jizzax shahrida faoliyat yuritayotgan yirik hududiy korxona “Master Bilding Products” MCHJ tomonidan qo‘shimcha 44 milliard so‘mlik, G‘allaorol tumanidagi “ADM Jizzakh” MCHJ tomonidan qo‘shimcha 709 milliard 600 million so‘mlik, Paxtakor tumanida faoliyat yuritayotgan “Jizzakh Agritrade” MCHJ tomonidan qo‘shimcha 64 milliard 800 million so‘mlik, umumiy qiymatda 814 milliard 800 million so‘mlik qo‘shimcha hajmlar ishlab chiqarildi.
2022 yilda Jizzax viloyatida investitsiya va eksport sohasida o‘tgan 2021 yilda 307 million 800 ming AQSH dollari miqdoridagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya va kreditlar o‘zlashtirilgan. Prezidentimizning 2021 yil 30 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining 2022 – 2026 yillarga mo‘ljallangan investitsiya dasturini tasdiqlash hamda investitsiya loyihalarini boshqarishning yangi yondashuv va mexanizmlarini joriy etish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 2022 yilda 394 million 600 ming AQSH dollari to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya va kreditlar o‘zlashtirilishi belgilangan.
Yanvar-oktyabr oylari yakuni bilan 322 million 400 ming AQSH dollari miqdorida xorijiy investitsiya va kreditlar o‘zlashtirildi. Yil yakuni bilan 431 million 500 ming AQSH dollari miqdorida xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilishi kutilmoqda.
2023 yilda 451 million 300 ming AQSH dollarilik to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya va kreditlarni o‘zlashtirish bo‘yicha prognoz belgilangan bo‘lib, bu 2021 yilga nisbatan 147 foizni, 2022 yil prognoziga nisbatan 114 foizni tashkil etadi.
Jizzax viloyati bo‘yicha 2022 yilda 260 million AQSH dollari miqdorida eksport prognozi belgilangan. Shundan 215 million AQSH dollari sanoat mahsulotlari va 45 million AQSH dollari qishloq ho‘jaligi mahsulotlari eksportini tashkil etadi. Shundan, joriy yilning yanvar-noyabr oylari davomida 188 million 600 ming AQSH dollari miqdorida eksport amalga oshirildi. bugungi kunda viloyat bo‘yicha 23 turdagi – jumladan, ip-kalava, meva-sabzavot, tayyor to‘qimachilik, oziq-ovqat, mineral o‘g‘itlar, kimyo sanoati kabi mahsulotlar eksporti amalga oshirilmoqda.
Viloyatning eksport salohiyati ortmoqda. Jumladan, eksportga yo‘naltirilgan mahsulotlar turi va hajmi ortdi. Eksportyor korxonalar soni 23 taga ko‘paydi. Eng asosiysi, eksport jug‘rofiyasi kengaydi. Bolgariya, Makedoniya, Peru, Ruminiya, Chili, Yaponiya va boshqa yangi xorijiy bozorlar o‘zlashtirilishi natijasida xorijiy davlatlar soni 41 taga yetdi.
Viloyatda 2022 yilda 4 trillion 900 milliard so‘mlik 417 ta hududiy investitsiya loyihalari ishga tushirilishi va 6 ming 729 ta yangi ish o‘rni yaratilishi belgilangan. Bu boradagi ishlar tizimli amalga oshirilmoqda. Investitsiya loyihalari asosida ko‘plab yangi ish o‘rinlari yaratilmoqda. Barcha ichki imkoniyatlardan kelib chiqqan holda joriy yil yakuni bilan 10 trillion 338 milliard so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilib prognoz ko‘rsatkichlari to‘liq bajarilishi ta’minlanadi.
Prezidentimizning 2021 yil 30 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining 2022 – 2026 yillarga mo‘ljallangan investitsiya dasturini tasdiqlash hamda investitsiya loyihalarini boshqarishning yangi yondashuv va mexanizmlarini joriy etish to‘g‘risida”gi qarori hamda videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlar ijrosi Jizzax viloyati hokimligining doimiy nazoratiga olingan.
Abduvali Mustanov,
Jizzax viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot
va kambag‘allikni qisqartirish masalalari
bo‘yicha birinchi o‘rinbosari
O‘zA