Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prezident topshiriqlari amalda
21:53 / 2023-07-24

Jizzax viloyati Forish tumani markaziy shifoxonasi binosining tashqi fasadiga bazalt to‘qimali plitalar o‘rnatilmoqda.

Prezidentimizning joriy yil 10 fevral kuni Jizzax viloyatiga tashrifi chog‘ida sanoatni rivojlantirish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini ko‘paytirish masalalari bo‘yicha viloyat faollari bilan o‘tkazgan yig‘ilishda yangi sanoat korxonalari barpo qilish uchun so‘nggi olti yilda qariyb 5 milliard AQSH dollarilik investitsiya jalb qilingani, buning natijasida 2 mingga yaqin yangi korxona tashkil qilinib, ishlab chiqarish hajmi qariyb 2 baravarga oshgani ta’kidlangan edi.

Darhaqiqat, avvallari Jizzax viloyatining sanoat mahsuloti asosan paxta tolasi bo‘lgan bo‘lsa, bugunga kelib elektrotexnika, optik tola, avtomobil, murakkab kimyoviy moddalar, energotejamkor materiallar kabi yuqori texnologik mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda va ushbu sohada salkam 60 ming nafar aholi daromadli doimiy ish bilan band.  

Davlatimiz rahbari tashrif chog‘ida Jizzax viloyatining Forish va G‘allaorol tumanlarida 750 Megavatt quvvatga ega quyosh stansiyalari ishga tushirilishi, shuningdek, joriy yilda viloyat sanoatini 14 foizga oshirish imkoniyati borligini ta’kidlagan edi.  

Buning uchun 750 million AQSH dollarilik 10 yirik loyiha va 580 million AQSH dollarilik 110 hududiy sanoat loyihasi bajarilib, ularda 7 ming 500 yangi ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan edi.

Bundan tashqari, Yurtboshimiz tomonidan viloyat mutasaddilari zimmasiga joriy yil qurilish materiallari bo‘yicha 460 million AQSH dollarilik 31 loyihani ishga tushirish vazifasi qo‘yilgan edi.

Davlatimiz rahbarining topshiriqlari ijrosini ta’minlash maqsadida viloyatda bir qator loyihalar amalga oshirilgani tahsinga loyiq. Jizzaxda eng tez o‘sayotgan sanoat tarmog‘i bu – qurilish va energiya tejamkor materiallar ishlab chiqarish. Oxirgi besh yilda bu sohada 180 yangi korxona tashkil etilgan, 900 million AQSH dollarlik 210 ta loyiha ishga tushirilgan. Buning hisobiga qurilish materiallari ishlab chiqarish hajmi 10 baravar oshib, import bo‘layotgan 110 million AQSH dollarilik mahsulotlar mahalliylashtirilgan.

Jizzaxda birgina bazalt zaxirasi 26 million tonna bo‘lib, respublikadagi jami mavjud zaxiraning 25 foizini tashkil etadi. Ayni paytda ushbu mahsulotga talab juda yuqori va undan 7 xil zamonaviy mahsulot ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi va bu Forish tumanida oltita korxonadan iborat yaxlit klasterni barpo etdi.

Forish tumani markaziy shifoxonasi binosining tashqi fasadiga bazalt plitalar o‘rnatilayotgani ushbu topshiriqlar ijrosiga e’tibor qaratilayotganidan dalolat beradi. Jumladan, ayni paytda, bazalt plitalari mahalliy bazalt toshlaridan Forish tumandagi “Egizbuloq” mahalla fuqarolar yig‘inida faoliyat yuritayotgan “BASALT WOOL” mas’uliyati cheklangan jamiyatida ishlab chiqarilayotgani ham yuqoridagi fikrimizning yorqin isbotidir.  

Bazalt ekologik toza material bo‘lib, bir qancha imkoniyatlarga ega. Jumladan, bazalt plitalari qishda 35 daraja sovuqni ichkariga o‘tkazmaydi va mo‘’tadil iliq haroratni saqlab turadi. Yozda esa issiq havoni ichkariga o‘tkazmay, xonalardagi salqinlikni to‘liq ta’minlaydi.  

Buning samarasi yozning jazirama issiq oylarida ayniqsa yaqqol seziladi, chunki havo sovutkich qurilmalariga bo‘lgan ehtiyoj uch baravarga kamayadi. Qurilish-muhandislik sohasi mutaxassislarining fikriga ko‘ra, bazalt plitalari bilan qoplangan uylarda energiya samardorligi o‘rtacha 30-35 foiz tejab qolinishi mumkin ekan. Shuningdek, ushbu qoplama tashqaridagi shovqinni ham ancha pasaytirib, odatdagi 30-40 detsibel shovqinni 15-20 detsibelgacha kamaytirishi tajribada ko‘p bora isbotlangan.

Forish tumani markaziy shifoxonasi binosi fasadlariga bazalt plitalari o‘rnatishga 4 milliard 500 million so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan.  

Bundan tashqari, kelgusi 7 yillik davomida Jizzax viloyatida 85 tibbiyot muassasasi qurilib, ta’mirlanishi rejalashtirilgan bo‘lib, bu ishlarda ham ushbu mahalliy bazalt plitalaridan keng miqyosda foydalanish ko‘zda tutilgan.  

A.QAYUMOV, J.YORBEKOV (surat), O‘zA