Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prezident topshiriqlari amalda: IT – iqtisodiy taraqqiyot tayanchi
12:16 / 2022-08-15

Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida barcha sohalar kabi axborot texnologiyalari ham jadal rivojlanmoqda.

Prezidentimizning bir qator farmon va qarorlari, Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasida raqamli iqtisodiyotni “drayver” sohaga aylantirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilanganligi soha rivojida muhim ahamiyat kasb etdi. 

Prezidentimiz raisligida 2022 yil 14 aprel kuni axborot texnologiyalari va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish borasidagi islohotlar natijadorligi hamda sohada 2022 yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda  soha rivoji bo‘yicha muhim taklif va fikrlar bildirildi. 

Jumladan, Prezidentimiz ta’kidlaganidek, ushbu soha rivojlanmasa, boshqa biror bir tarmoq oldinga yurmaydi. Bu mazkur soha bo‘yicha amalga oshirilishi zarur bo‘lgan loyihalar nechog‘lik katta ahamiyatga ega ekanligidan dalolatdir. 

Mamlakatimizda raqamli iqtisodiyotning rivojlanishi axborot texnologiyalari, umuman, elektron hujjatlar aylanmasi sohasida yangi yo‘nalishlarni ochib berdi. Bunda, internet tarmog‘i, aloqa, telekommunikatsiya tarmog‘i, “Elektron hukumat” tizimlari rivojlandi.  

Raqamli iqtisodiyot, axborot va elektron hukumat tizimlari tatbiq qilishda asosiy vositadir. Bu hech shubhasiz sifatli aloqa, yuqori tezlikdagi ma’lumotlar uzatish tarmog‘i hisoblanadi. Buxoro viloyatida joriy yilning o‘tgan davrida telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida 1,441 ming kilometr optik tolali aloqa liniyalari qurildi. Umumiy uzunligi 13,165 ming kilometrga, keng polosali portlar soni 30,864 mingtaga oshdi. Umumiy sig‘im 322,8 mingtaga yetkazildi. Buning natijasida viloyatdagi aholi punktlari 70 foiz optik tolali aloqa tarmoqlari orqali yuqori tezlikdagi internet xizmati bilan ta’minlandi. 1 Gbit/s. tezlikdagi internet tarmog‘iga ulanish imkoniyati yaratildi. 

Viloyatda mobil aloqa qamrovini kengaytirish va sifatini yaxshilash maqsadida 106 ta, shundan 25 ta yangi stansiya o‘rnatildi. 81 ta mavjud baza stansiyalarda modernizatsiya ishlari amalga oshirildi. Magistral tarmoq o‘tkazuvchanligi viloyat markazi darajasida 400 Gbit/s. (4 barobar)ga, tumanlar darajasida 40 Gbit/s. (4 barobar)ga oshirildi. Viloyatda aholi yashash maskanlari raqamli televideniye signallari bilan 100 foiz qamrab olindi. 

Ma’lumki axborot texnologiyalari sohasida malakali kadrlarni tarbiyalash, ushbu sohada yangi korxona va tashkilotlarning soni oshishida, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois yurtimizda axborot texnologiyalari sohasiga qiziquvchi yoshlarning kelajagiga alohida e’tibor qaratilib, bilim olishi, iste’dodini namoyon etishi uchun barcha sharoit yaratilmoqda.  

IT-Parkning Buxoro filiali uchun viloyat markazidan 1000 kvadrat metr joy ajratildi. Zarur sharoitlar yaratildi. Bundan tashqari, “Bukhara City” hududidan 1,5 gektar yer maydoni ajratildi. Ayni paytda to‘qqiz qavatli zamonaviy binolar qurilishi davom etmoqda. Mazkur binoning 4000 kv.m qismi IT-Parkning Buxoro filiali uchun ajratiladi. “IT-Park” Buxoro filiali tashkil etilganligidan buyon bugungi kunga qadar uning rezidentlari tomonidan ko‘rsatilgan dasturiy mahsulotlar ichki aylanmasi 8,4 milliard so‘mni tashkil etdi. Viloyatning shahar va tumanlarida tashkil etilgan o‘quv markazlari hamda  12 ta IT-Park rezidentlari tomonidan 15 ming 300 nafarga yaqin tinglovchilar  “Kompyuter savodxonligi”, “Veb dasturlash”, “Mobil dasturlash”, “Grafik dizayn”, “Robototexnika”, “Kibersport”, SMM va “IT-Yenglish” kabi turdosh yo‘nalishlar bo‘yicha tahsil olib, tegishli sertifikatlarga ega bo‘ldi. Yil yakuniga qadar ushbu ko‘rsatkichni 20 ming nafarga yetkazish ko‘zda tutilgan. 

O‘quv markazlarini tamomlagan yoshlarni yuqori maoshli kasb egasi bo‘lishini ta’minlash maqsadida, IT sohasida o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘ygan tajribali tadbirkorlar, Amerika Qo‘shma Shtatlarining nufuzli IT tashkilotlarida faoliyat yurituvchi mutaxassislarni jalb qilgan holda Buxoroda tajriba almashish mexanizmi yo‘lga qo‘yildi. 

Jumladan, EPAM Systems kompaniyasi dasturchisi Bahrom Sa’dullayev buxorolik dasturchilarni birlashtirishga mo‘ljallangan texnologik poligon tashkil qildi. Shaxrillo To‘xsanov va Furqat Vohidovlar yoshlarni dasturlash bo‘yicha masofadan turib yuqori daromad olish, frilanserlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha Buxoro maktabini yaratmoqda.  

Prezidentimizning 2022 yil 23-24 fevral kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi davomida 25 fevral kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida “Masofaviy xizmatlar eksporti markazlari”ni tashkil etish yuzasidan bergan topshirig‘i ijrosi yuzasidan viloyatda yosh tadbirkor Sardor Safarov AQSH kompaniyasi bilan hamkorlikda “Masofaviy xizmatlar eksporti markazi” faoliyatini yo‘lga qo‘ydi. Markaz tashkil etilishi bilan 50 nafar yoshlar ish bilan ta’minlandi. bugungi kunda markazning oylik eksport hajmi 35 ming dollarni tashkil etmoqda. Joriy yil yakuniga qadar “Masofaviy xizmatlar eksporti markazi” faoliyatini rivojlantirish maqsadida “O‘zbektelekom” AK Buxoro filialiga tegishli bino ta’mirlanib, mazkur tadbirkorga berilishi ko‘zda tutilgan. “Masofaviy xizmatlar eksporti markazi” orqali 150 nafar yoshlar yuqori maoshli kasb egalari bo‘lishi, yiliga 1 million dollar miqdorida IT xizmatlarini eksport qilishi rejalashtirilgan. 

Alijon Yaxshiyev, 

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi

Buxoro viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i. 

O‘zA