English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prezident topshirig‘idagi masalalar deputat so‘rovida aks etdi
14:26 / 2025-10-15

Chilonzor tumanidagi Do‘mbirobod va Gavhar mahallalarida joylashgan bolalar maydonchalari, o‘yingohlar ta’mirtalab ahvolda. Ularning aksariyati 20-30 yildan buyon ta’mirlanmagan. Sport va sog‘lomlashtirish jihozlarining metall qismlari zanglagan, o‘yin maydonchalarining qoplamalari yaroqsiz holga kelib qolgan. Bu esa bolalar uchun jiddiy xavf tug‘diradi. Futbol, voleybol, basketbol uchun mo‘ljallangan mini-stadionning ahvoli ham yaroqsiz holatda.

Ushbu muammolar Xalq demokratik partiyasi Toshkent shahar kengashi tashabbusi bilan Chilonzor tumanidagi Do‘mbirobod, Gavhar, Cho‘ponota va 3-Charx Kamolon mahallalarida o‘tkazilgan o‘rganishlarda ma’lum bo‘ldi. Unda partiya vakillari va deputatlar bolalar o‘yingohlari, sport inshootlari hamda nuroniylar uchun mo‘ljallangan sog‘lomlashtirish maskanlarining bugungi holatini yaqindan o‘rgandilar.

O‘rganishlar jarayonida aholining real ehtiyojlari, bolalar o‘yingohlarining texnik va xavfsizlik holati, sport inshootlarining foydalanish darajasi hamda keksalar uchun sog‘lomlashtirish maskanlarining sharoitlari atroflicha tahlil qilindi.

Hududda aniqlangan masalalar yuzasidan xalq deputatlari Chilonzor tuman Kengashi deputati Donoxon Mahmudova tuman hokimining qurilish, to‘siqlarsiz muhit yaratish, kommunikatsiyalarni rivojlantirish, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari K.Hamroyevga deputatlik so‘rovi yubordi.

So‘rovda bolalar maydonchasi va mini-stadionni tubdan ta’mirlab, zamonaviy holatga keltirish, yangi o‘yin uskunalari, sun’iy qoplama, yoritish tizimi va zarur to‘siqlarni o‘rnatish va amalga oshirilgan ishlar haqida yozma ma’lumot taqdim etish so‘ralgan.

Ta’kidlash lozimki, kuni kecha Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan mahalla tizimini yanada takomillashtirish va joylarda ishlarni samarali tashkil etish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishida mahallalarning ozodaligiga alohida e’tibor qaratilib, ayrim mahallalar, ko‘chalar, qurilishlar atrofi, ariqlar, xiyobonlarda ozodalik talablariga rioya etilmayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Obodonlashtirishga mas’ul hokim o‘rinbosarlariga 24 soat ishlaydigan brigadalar tashkil qilib, ko‘cha, xonadon, ko‘p qavatli uy, ijtimoiy ob’ektlar atrofini tozalash topshirildi.  

Darhaqiqat, Prezident topshirig‘idagi bu kabi masalalar deputatning so‘rovida o‘z aksini topdi. Mahallalar hududlarining ozodaligini saqlash, bolalar uchun mo‘ljallangan o‘yingoh va maydonchalarni xavfsiz, sanitar jihatdan talabga javob beradigan holatga keltirish shu hududda istiqomat qilayotgan aholining turmushiga, kayfiyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi, bolalar xavfsizligiga xizmat qiladi.  

Muhtarama Komilova,

O‘zA