Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi Chiqindilarni boshqarish va sirklyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi tomonidan respublika bo‘yicha mahallalar va ko‘chalarni toza-ozoda saqlash yo‘lida fidokorona mehnat qilib kelayotgan 100 nafar “Tabiat uyg‘unligi himoyachilari”ning oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan farzandlari uchun jami 916 million 718 ming so‘m miqdorida kontrakt to‘lovlari qoplab berildi.
Shu munosabat bilan joriy yilning 30 dekabr kuni Toshkent shahrida tanlov g‘oliblarining xonadonlariga tashrif buyurilib, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi maslahatchisi Lola Rahmonbayeva hamda agentlik direktori Sharifbek Hasanov ishtirokida farzandlarining kontrakt to‘lovlari qoplangani haqidagi maxsus sertifikatlar tantanali ravishda topshirildi.

Avval xabar qilinganidek, sanitar tozalash korxonalari hamda obodonlashtirish boshqarmalarida faoliyat yuritayotgan tozalik posbonlarini moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Tabiat uyg‘unligi himoyachisi” tanlovi o‘tkazildi.
Tanlovda sanitar tozalash korxonalarining chiqindilarni yuklash, tashish, joylashtirish va saralash ishlarida, shuningdek, obodonlashtirish boshqarmalarida ko‘p yillar davomida sidqidildan mehnat qilib kelayotgan xodimlar ishtirok etdi. Tanlovda qatnashish uchun agentlikka elektron pochta orqali hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlardagi hududiy boshqarmalar orqali jami 182 ta ariza kelib tushdi.
Arizalar Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi (Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri)ning tegishli buyrug‘i asosida tashkil etilgan komissiya tomonidan nizom talablariga muvofiq shaffof va adolatli tarzda ko‘rib chiqilib, 100 nafar eng munosib nomzod saralab olindi. Yangi yil bayrami arafasida g‘oliblarning davlat oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan farzandlari uchun agentlikning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan kontrakt to‘lovlari to‘lab berildi.

Hududlar kesimida qoplab berilgan mablag‘lar quyidagicha taqsimlandi:
Qoraqalpog‘iston Respublikasidan 19 nafar xodimga — 157 mln 493 ming so‘m;
Andijon viloyatidan 6 nafar xodimga — 61 mln 951 ming so‘m;
Buxoro viloyatidan 7 nafar xodimga — 65 mln 809 ming so‘m;
Jizzax viloyatidan 8 nafar xodimga — 77 mln 603 ming so‘m;
Qashqadaryo viloyatidan 8 nafar xodimga — 73 mln 828,5 ming so‘m;
Navoiy viloyatidan 9 nafar xodimga — 81 mln 912,5 ming so‘m;
Namangan viloyatidan 5 nafar xodimga — 44 mln 750 ming so‘m;
Samarqand viloyatidan 2 nafar xodimga — 20 mln 983 ming so‘m;
Sirdaryo viloyatidan 1 nafar xodimga — 8 mln 623 ming so‘m;
Surxondaryo viloyatidan 3 nafar xodimga — 23 mln 910 ming so‘m;
Toshkent viloyatidan 5 nafar xodimga — 39 mln 946 ming so‘m;
Farg‘ona viloyatidan 3 nafar xodimga — 24 mln 173 ming so‘m;
Xorazm viloyatidan 2 nafar xodimga — 20 mln 888,4 ming so‘m;
Toshkent shahridan 22 nafar xodimga — 215 mln 347,4 ming so‘m.
Ushbu tanlovdan ko‘zlangan asosiy maqsad — inson qadrini ulug‘lash, uzoq yillar davomida tozalik va obodonchilik yo‘lida fidokorona xizmat qilib kelayotgan soha xodimlarini e’zozlashdir. Shuningdek, ularning farzandlari uchun ta’lim olishda qulay sharoitlar yaratish orqali kelajakda Vatan ravnaqiga munosib hissa qo‘sha oladigan bilimli va yetuk kadrlarni tarbiyalashga zamin yaratish, “ijtimoiy lift” tamoyilini amalda qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA