Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yilning 11 aprel kuni yoshlar siyosati sohasidagi ishlar natijadorligini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida yoshlar bandligini ta’minlash, sifatli ta’lim bilan qamrab olish va bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etib, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hamda sog‘lom fikrlashlariga zamin yaratish yuzasidan tegishli vazifalar belgilab berilgan edi.
Buning uchun e’tiborga muhtoj 50 nafardan yosh har bir vazir, vazir o‘rinbosarlari, viloyat, tuman va shahar hokimlari, sektor rahbarlari, oliy ta’lim muassasalari rektorlari, Milliy gvardiya va harbiy qism komandirlariga nomma-nom biriktirilib, ular bilan manzilli, aniq mezonlar asosida ish tashkil etish topshirig‘i berildi.
Surxondaryo viloyatida ham bu borada sezilarli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Termiz davlat universiteti rektori Avazjon Marahimovga Denov tumanidan 50 nafar “qizil” toifadagi imkoniyati cheklangan yosh biriktirilgach, rektor va ishchi guruhi har bir xonadonga borib, ularni o‘rgandi. “Qizil” toifadagi yoshlar va ota-onalari bilan ochiq muloqot qilib, muammolarini tingladi. Shu kunning o‘zida 3 nafar yosh bepul tayyorlov kursiga joylashtirildi. 6 nafariga tikuv mashinasi, 1 nafariga qandolatchilik pechi, 2 nafariga elektr payvandlash uskunasi xonadonlariga yetkazib berildi. Qolganlarining ham muammolari “yo‘l xaritasi” ga kiritilib, yechimi bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda.
Davlatimiz rahbari topshiriqlarining ijrosini ta’minlash uchun viloyat hokimi U.Qosimov Termiz shahridagi “qizil toifa” ga kiruvchi yoshlar bilan uchrashganda ular bilan ishlash bo‘yicha Termiz shahri tajribasini yaratish taklifini o‘rtaga tashladi. Termiz davlat universiteti rektori A.Marahimov viloyat markazidagi “qizil toifa” dagi yoshlarning qiziqish va istaklariga ko‘ra, xorijiy tillar, IT sohasi, sport to‘garaklari va umumkasbiy fanlardan bepul o‘quv kurslarini tashkil etib berish, hududlarda yoshlar bilan ishlashga ko‘maklashish uchun talabalardan iborat volontyorlar guruhini shakllantirish g‘oyasini ilgari surdi.
Bu tashabbus viloyat hokimi tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Mazkur g‘oyaga muvofiq Termiz davlat universiteti rektori A.Marahimov viloyat markazida yashaydigan “qizil toifa”dagi 350 ga yaqin yigit-qiz va ularning ota-onalari bilan uchrashib, dildan suhbat qurdi. Taklif va istaklarini tingladi. Xorijiy tillar, IT sohasi, sport to‘garaklari, istalgan yo‘nalishlari bo‘yicha bepul o‘quv kurslari tashkil etib berish, ularga malakali professor-o‘qituvchilarni biriktirish uchun oliy ta’lim muassasasida barcha sharoit mavjudligini ma’lum qildi.
–Ta’lim muassasamiz eshigi ertayu-kech barcha yoshlar uchun ochiq, –dedi A.Marahimov. – bugungi yoshlar bizning ertangi porloq kelajagimiz. Bilim olaman, ilmiy izlanish olib boraman, ma’nan yoki jismonan toblanaman, deydigan o‘g‘il-qizlarni biz hamisha ochiq chehra bilan kutib olamiz. Oliy ta’lim olib, Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shaman, degan shijoatli yoshlar uchun o‘quv kurslarimizda sifatli ta’lim berishni, sport bilan shug‘ullanib, mamlakatimiz bayrog‘ini jahon musobaqalarida baland ko‘taraman, degan yigit-qizlarning o‘z salohiyatini keng namoyon etishiga ko‘maklashishni sharaf, deb bilamiz.
Samimiy ruhda o‘tgan ochiq muloqot yakunida yoshlar qiziqishlari bo‘yicha bepul o‘quv kurslari va sport to‘garaklariga yo‘naltirilib, malakali professor-o‘qituvchilar biriktirildi. Uchrashuvda, shuningdek, mahallalarda “qizil toifa” ga kirmagan yoshlar uchun ham xuddi shunday o‘quv kursi va sport to‘garaklari tashkil etish taklifi berildi. Rektor bu taklifni ham qo‘llab-quvvatladi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA