Jizzax viloyatining Forish tumanidagi “Uchquloch” polimetall konini kompleks o‘zlashtirish” investitsiyaviy loyihasiga start berildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi, Jizzax viloyati hokimligi, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati, Turkiyaning “Esan Eczacibasi” kompaniyasi rahbar va vakillari, mehnat faxriylari, “Xonbandi” va “Uchquloch” mahalla fuqarolar yig‘inlari faollari, keng jamoatchilik vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
“Uchquloch” koni Forish tumani “Xonbandi” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan. Ushbu loyiha rangli metall (rux, ko‘rg‘oshin)lar qazib olish va konchilik salohiyatidan unumli foydalanish, xom-ashyo va tayyor mahsulot ishlab chiqarib, eksport hajmini oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Tantanali marosimda Jizzax viloyati hokimi Ergash Saliyev, Olmalik kon-metallurgiya kombinati aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Abdulla Xursanov, Turkiyaning “Esan Eczacibasi” kompaniyasi bosh direktori Savash Shaxin, olmaliqlik “O‘zbekiston Qahramoni” Saydali Rahmonov va boshqalar so‘zga chiqdi.
Joriy yilning 10 fevral kuni Davlatimiz rahbari Jizzax viloyatiga tashrifi doirasida viloyat faollari bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda mutasaddilarga Forish tumanidagi “Uchquloch” konini qayta tiklash bo‘yicha aniq vazifalar belgilab bergan edi.
...Forish tumanidagi ushbu “Uchquloch” qo‘rg‘oshin-rux koni sanoat asosida o‘zlashtirish va Olmaliq tog‘-kon metallurgiya kombinatiga ruda yetkazib berishni tashkil etish maqsadida 1979 yildan boshlab keng miqyosdagi qurilish ishlari amalga oshirilgan. Konda rudani maydalash sexi va unda mehnat qiluvchi konchilar uchun qisqa vaqt ichida kichik sanoat shaharchasi barpo etilgan. 1982 yilda ya’ni oradan 3 yil o‘tib, kondan qazib olinib maydalangan rudani Olmaliq shahrida joylashgan tog‘-kon metallurgiya kombinatiga tashib yetkazish maqsadida temir yo‘l tarmog‘i qurilgan. Ushbu “Uchquloch” konidagi qo‘rg‘oshin, ruh rudasi ochiq usulda qazib olinib, vagonlarda Olmaliqdagi kombinatga jo‘natib turilgan. Ammo keyinchalik, sobiq ittifoq davrida olib borilgan noto‘g‘ri boshqaruv tizimi hamda iqtisodiyot tanazzulga yuz tutishi oqibatida va mustaqillikning ilk yillaridagi e’tiborsizlik va o‘zibo‘larchilik tufayli “Uchquloch” koni kabi ko‘plab korxonalar yopilib ketgan va ularda mehnat qilgan fuqarolar ishsiz qolgan.

Tadbirda Prezidentimizning hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivoji bilan yaqindan tanishish maqsadida joriy yilning 10 fevral kuni Jizzax viloyatiga tashrifi chog‘ida viloyatda sanoatni rivojlantirish bo‘yicha mas’ullarga yuklatilgan topshiriqlar ijrosi doirasida xorijiy investorlar bilan hamkorlikda “Uchquloch” konini tiklash va kamida 600 ish o‘rni yaratish vazifasi qo‘yilib, loyihaga 200 million AQSH dollari miqdorida mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan edi.
Aynan bugun joriy yilning 12 aprel kuni Davlatimiz rahbarining Jizzaxga tashrifi davomidagi topshiriqlari ijrosini ta’minlash maqsadida – “Uchquloch” qo‘rg‘oshin-rux konini qayta tiklash loyihasi borasidagi sa’y-harakatlarga start berildi.
O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati hamda Turkiyaning “Esan Eczacibasi” kompaniyasi o‘rtasida mazkur loyihani amalga oshirish bo‘yicha 3 tomonlama shartnoma tuzildi. Shartnomaga ko‘ra, konda razvedka ishlarini olib borish, rudani qazib olish va qayta ishlash amalga oshiriladi. Shu bugungi kunga kelib jahon bozorida 1 tonna qo‘rg‘oshinning narxi 2 ming 128 AQSH dollarini, ruxning 1 tonnasi esa – 2 ming 810 AQSH dollaridan ziyodni tashkil etmoqda.

Ushbu qimmatbaho xomashyo – qo‘rg‘oshindan asosan akkumulyator batareyalari ishlab chiqarishda foydalaniladi. Shuningdek, qo‘rg‘oshin radioaktiv nurlarni yutishi sababli undan radioaktiv moddalar saqlanadigan idishlar, rentgen xonalari uchun qurilmalar tayyorlanadi. Bundan tashqari, korroziyadan va mexanik ta’sirdan himoya qilish uchun ham elektr kabellar qo‘rg‘oshin bilan qoplanadi.
Rux asosidagi qotishmalar avtomobil salonining ichki qismini bezash uchun, eshik tutqichlari, qulflar, nometall va korpuslarini ishlab chiqarishda ishlatiladi. Shuningdek, rux oksidi avtomobil shinalariga qo‘shiladi va bu kauchuk sifatini sezilarli darajada yaxshilashga xizmat qiladi.
– Kondan yiliga ochiq usulda 500 ming tonna polimetall ruda qazib olinib, loyiha doirasida yaqin kelajakda yiliga 500 ming tonna rudani qayta ishlashga mo‘ljallangan zamonaviy boyitish fabrikasi quriladi, – dedi Forish tumanidagi “Uchquloch” koni rahbari Aziz Berkinov. – Fabrikada yiliga 5 ming 400 tonna rux konsentrati hamda 18 ming 400 tonna qo‘rg‘oshin konsentrati olinadi.

Loyiha bo‘yicha mavjud maydalangan rudalar ombori bilan maydalash-ortish uzeli to‘liq ta’mirlanadi. Tashqi muhandislik kommunikatsiyalari barpo etiladi. Avtomobil va temiryo‘llarda rekonstruksiya ishlari olib boriladi. Muhimi, loyiha amalga oshirilishi natijasida kamida 600 ish o‘rni yaratiladi hamda hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi ta’minlanadi.
Tadbirda Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga qarashli “Metallurg” madaniyat saroyi qoshidagi ashula va raqs ansambili tomonidan namoyish etilgan konsert dasturi ishtirokchilarga xush kayfiyat ulashdi.
A.QAYUMOV, J.YORBEKOV (surat), O‘zA