Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prezident topshirig‘i amalda: toza ichimlik suv muammosi hal bo‘ldi
16:07 / 2023-08-27

Mustaqilligimizning o‘ttiz ikki yillik bayrami arafasida Termiz tumanidagi Uchqizil qo‘rg‘oni va Yangi hayot mahallasida istiqomat qilayotgan 9 ming 400 dan ortiq aholining bir umrlik orzusi ruyobga chiqib, biologik toza, sifatli ichimlik suvidan bahramand bo‘la boshladi. Bir yo‘la “Surxondaryo suv ta’minoti” mas’uliyati cheklangan jamiyatining Termiz tumani bo‘limi uchun qurilgan zamonaviy bino ham foydalanishga topshirildi.

Prezidentimiz 2021 yil 1-2 iyun kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida Termiz tumanidagi Sabzipoya mahallasida mavjud sifatli yerosti suv manbasidan samarali foydalanib, Termiz shahri va Termiz tumanida toza ichimlik suvidan aziyat chekayotgan aholini uzluksiz obi hayot bilan ta’minlash yuzasidan tegishli vazifalarni belgilab berdi.

Shunga muvofiq, Termiz tumanidagi Sabzipoya mahallasi hududida Termiz tumani va Termiz shahrining 15 ming 500 xonadonida yashaydigan 62 ming kishini uzluksiz toza ichimlik suvi bilan ta’minlaydigan yangi loyiha amalga oshirilmoqda. Uning birinchi bosqichida toza ichimlik suvi ta’minoti nisbatan og‘ir bo‘lgan Termiz tumanidagi Uchqizil qo‘rg‘oni va Yangi hayot mahallasi aholisi sifatli obi-hayot bilan ta’minlandi. 

Yirik loyihani tez, sifatli bajarish uchun uning smeta hujjatlari ishlab chiqilib, shaharsozlik ekspertiza xulosasi olindi. Ikki bosqichda amalga oshirish chora-tadbirlari belgilandi. Qiymati 81 milliard so‘mlik qurilish ishini amalga oshirish chog‘ida hududda 15 ta suv qudug‘i burg‘ilash, qariyb 30 kilometr masofaga magistral suv tarmoqlarini tortish, ikki ming kvadrat-metr sig‘imga ega to‘rtta suv saqlash inshooti, labaratoriya, nasos stansiyasi, 1000 kVtli transformator punkti, nazorat maskanini bunyod etish rejalashtirildi. 
Surxondaryo viloyatida yerosti suv zaxiralarining kamayishi, artezian quduqlarining eskirishi voha markazi va Termiz tumanidagi o‘nga yaqin mahallada toza ichimlik suvi muammosini ko‘ndalang qo‘ydi. Artezian quduq suvlari sifati talabga javob bermay, sho‘rlanib qoldi.

Ayrim hududlar aholisi suv quvurlari o‘rnatilmaganidan aziyat cheka boshladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, shu paytgacha tuman aholisining 64 foizi toza ichimlik suvi bilan ta’minlangan. Yangi loyihaning to‘liq ishga tushirilishi aholini biologik toza suv bilan ta’minlash darajasini tubdan oshirib, ichimlik suv muammosini bartaraf etadi. 

– Sabzipoyadagi yerosti suvi minerallarga boy,– deydi “Surxondaryo suv ta’minoti” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori Hasan Safoyev.

– Biologik juda toza. Salomatlik uchun foydali obi–hayot. Yangi loyihaning dastlabki bosqichi ishga tushirilgani iste’molchilarning ko‘p yillik aziyatlariga chek qo‘ydi. Loyiha to‘liq foydalanishga topshirilgach, nafaqat sifati talabga javob bermay qolgan mahallalarni toza suvi bilan ta’minlaydi balki, shu paytgacha ichimlik suvi yetib bormagan qator hududlar aholisining ichimlik suvi masalasini to‘liq hal etadi. 

Mutaxassislarning aytishicha, yerosti ichimlik suvlarining me’yoridan ortiq sho‘rlanishi va ariq suvlarini iste’mol qilish ayrim ichki organlar kasalliklarini keltirib chiqaradi. Sabzipoyada aniqlangan suv zaxirasi mikroelmentlarga boyligi bilan iste’molchilarning toza ichimlik suviga bo‘lgan ehtiyojini qondiradi. Buyrak, jigar, oshqozan-ichak kabi ichki organizmlar kasallikka chalinishining oldini oladi.

Aholi salomatligini saqlab, yosh avlodning unib o‘sishiga, qadri ulug‘lanib, kamolga yetishiga xizmat qiladi. 

–Xonadonlarimizga yetib kelgan bu suvning tavsifini yaxshi bilamiz, – deydi uchqizillik mehnat faxriysi O‘rol Rahimov. – Qishlog‘imizda istiqlolning o‘ttiz ikki yilligi qo‘shaloq bayramga aylandi. Ko‘p yillik orzuimiz ushalib, hayotimiz manbai bo‘lgan sifatli, shirin suv keldi.

Undan bir piyola simirsak, bahri dilimiz yayramoqda. Jumrakdan oqayotgan zilol suvni ko‘rib, xotin–qizlarimiz, farzandlarimiz, nevaralarimiz juda suyunmoqda. Endilikda hech kim sho‘rlangan suv iste’molidan kelib chiqadigan kasalliklardan aziyat chekmaydi.

Avlodlarimiz yanada sog‘lom ulg‘ayadi. Bizga shunday g‘amxo‘rlik ko‘rsatib, qadrimizni ulug‘layotgan davlatimizdan minnatdormiz.

Davlatimiz rahbari g‘oyasi bilan hududga yangi suv quvurlarining tortilishi Uchqizil qo‘rg‘onidagi 851 xonadonda yashayotgan 4 ming 159, Yangi hayot mahallasidagi 1 ming 100 xonadonda istiqomat qilayotgan 5 ming 333 iste’molchining toza ichimlik suviga bo‘lgan ehtiyojini qondirib, ularga bir olam quvonch ulashdi. Mustaqillik imkoniyatlari va so‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga ishonch tuyg‘usini yanada mustahkamladi.

–Ko‘chib kelganimizga o‘ttiz yil bo‘ldi,–deydi Yangiobod mahallasida yashaydigan Matluba Siddiqova.– Suv sho‘rligidan jiddiy qiynaldik. Keyinchalik suv qaynatadigan ariston o‘rnatdik. Lekin, suv sho‘rligidan ariston ham ikki-uch yilda chirib, teshilib qolaverdi. Bir kuni Termiz shahriga yo‘lga chiqsam, atrofda montaj qilinayotgan quvurlarga ko‘zim tushdi. Ular nega tortilayotganini so‘rasam, kimdir “suv quvurlari ekan, bizning mahallaga ham toza suv kelar emish”, dedi. Avvaliga ishonmadim. Mana, bugun xonadonimizga o‘rnatilgan jumrakdan muzdekkina suv keldi. Ichib ko‘rib, uning boldek shirinligidan behad suyundim. Ilohim, zamonimiz tinch, yurtimiz to‘kin, mahallamiz yanada obod bo‘laversin!

Loyihaning dastlabki bosqichi ishga turilishi va yangi binoning ochilishiga bag‘ishlangan tantanali marosimda Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov ishtirok etdi.

Tadbir ishtirokchilari yangi binoda yaratilgan sharoitlar, laboratoriyaga o‘rnatilgan zamonaviy jihozlar bilan tanishdi. Nuroniylar mustaqilligimiz abadiy, amalga oshirilayotgan bu kabi ezgu ishlar bardavom, yurtimiz obod, mamlakatimiz tinch bo‘lishini tilab, duoga qo‘l ochdi. 

Viloyat rahbari Yangi hayot mahallasida xonadon sohiblari bilan suhbatlashib, toza ichimlik suvining yetkazib berilishini ko‘zdan kechirdi. Dunyoda dolzarb muammoga aylanayotgan obi - hayotning qadriga yetish, uni tejab sarflash, yosh avlodga ham bu fazilatlarni chuqur singdirish yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi. 

Loyihaning navbatdagi bosqichida qurilish–montaj ishlari qizg‘in davom etmoqda.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA