Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prezident topshirig‘i amalda: ta’lim tizimidagi islohotlar davom etmoqda
10:09 / 2023-08-04

Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova xizmat safari davomida Buxoro viloyati hokimi va sektor rahbarlari, shahar, tuman hokimlari hamda maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshliqlari bilan uchrashdi.

Jarayonda viloyatda ta’lim sifati ko‘rsatkichlarini yanada oshirish, ta’lim muassasalarida o‘quvchilarning sifatli bilim olishlari uchun muhim sharoitlar yaratish, yangi o‘quv yili va kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rish masalalari muhokama qilindi.

– Buxoro ta’limi respublikamizda o‘ziga xos yuksak mavqega ega ekanligi barchamizga ma’lum, lekin tan olishimiz kerak hali yechimini kutayotgan kamchiliklar, muammolar ham ko‘p, – deydi Hilola Umarova viloyat hokimi va shahar va tuman hokimlariga murojaat qilib. – Biz ularni hal etishda, viloyat hokimligi, mahalliy hokimliklarning qo‘llab-quvvatlashi va ko‘magiga tayanamiz.

Uchrashuvda har bir shahar va tuman kesimida mavjud muammolar tahlil qilindi. Ularni tezkorlik bilan bartaraf etish choralari belgilab olindi.

Uchrashuvda Prezidentimizning 2022 yil 3 fevraldagi “Maktab ta’limi tizimini isloh qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi farmoyishi ijrosini ta’minlash hamda maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlarining moddiy-texnika bazasi, jihozlanishi va infratuzilmasini yaxshilash, o‘quvchilarga yetarli sharoitlar yaratish, mas’ul tashkilot va idoralar, mahalliy hokimliklarning bu boradagi faoliyatini muvofiqlashtirib borish maqsadida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Buxoro viloyati hokimligining qo‘shma qarori imzolandi.

Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova Buxoro viloyatiga tashrifi doirasida tizim mas’ullari bilan ham yaqindan muloqotda bo‘ldi.

Viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi rahbar mutasaddilari, maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshliqlari, viloyat pedagoglarni yangi metodikalarga o‘rgatish milliy markazi, “Barkamol avlod” bolalar maktabi hamda Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tarkibidagi ixtisoslashtirilgan maktablar direktorlari ishtirok etgan ochiq muloqot jarayonida tizim rahbarlari oldida turgan eng muhim vazifalar, ular zimmasidagi mas’uliyat va burch xususida alohida to‘xtalib o‘tildi.

– Tizimda shaffoflikni, adolatni va yuqori ta’lim sifatini ta’minlash uchun – barchamiz bir jamoa bo‘lishimiz kerak, – dedi vazir. – Maqsadimiz yagona – farzandlarimizni har tomonlama yetuk, hech kimdan kam bo‘lmagan insonlar qilib tarbiyalash. Demakki, maqsadga eltadigan yo‘limiz ham bir bo‘lishi kerak. Bu yo‘lda har biringizdan qat’iy talab etiladigan shart – halollik, fidoyilik va intizom.  

Muloqot jarayonida ta’lim sifatini yuksaltirish, pedagoglar salohiyatini oshirish borasida taklif va fikrlar tinglandi. Bu borada kelgusida amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar belgilab olindi.

 

Zarif Komilov,  

O‘zA