Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prezident topshirig‘i amalda: Surxondaryoda Vetnam tajribasi asosida tut va oziq-ovqat ekinlari parvarishlanadi
10:58 / 2023-03-25

Surxondaryo viloyatida aholi yashash joylariga yaqin 10 ming gektar lalmi va yaylov maydonda pilla klasteri tashkil etilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 23 mart kuni oziq-ovqat mahsulotlarini ko‘paytirish, bahorgi ekin mavsumini samarali tashkil etish chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida aholi yashash joylariga yaqin lalmi va yaylov maydonlarini o‘zlashtirib, pilla klasterlarini tashkil etish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi. Shunga muvofiq viloyatning Oltinsoy va Sho‘rchi tumanlarida 10 ming gektardan lalmi va yaylov maydonda ana shu sohaga ixtisoslashgan klasterlar faoliyat yuritadi.  

Surxondaryo lalmi va yaylov yerlari serob viloyatlardan biri. Tog‘oldi va cho‘l hududlarida o‘zlashtirib, bog‘ yaratish, turli oziq-ovqat ekinlari parvarishlash uchun yetarli imkoniyat mavjud. Endilikda yangi o‘zlashtiriladigan lalmi va yaylov maydonlarida Vetnam tajribasi asosida aholiga 1-2 gektardan ham tut, ham oziq-ovqat ekish uchun yer ajratib beriladi. Bu hududning pillachilik va junchilik salohiyatidan samarali foydalanib, sohani yanada rivojlantirish va eksport salohiyatini oshirishga, jahonda oziq-ovqat mahsulotlari taqchillashib borayotgan bir paytda ichki bozorlarda tabiiy oziq-ovqat mahsulotlari narxini barqaror ushlab turishga xizmat qiladi. Aholi bandligini ta’minlashga ko‘maklashadi.  

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlaridan salmoqli hosil olishda boy tajribaga ega vohada bahorning har bir kunidan unumli foydalanish va mazkur vazifani tezkor, sifatli bajarish yuzasidan tegishli chora-tadbir belgilanib, uning ijrosini ta’minlashga kirishildi.  

Viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov Sho‘rchi tumanida bo‘lib, soha mutasaddilari va mahalliy oqsoqollar bilan “Bobotog‘” massivi yonbag‘irlaridagi yaylovlar va lalmi yerlarni ko‘zdan kechirdi. Vetnamliklar tajribasi asosida tut plantatsiyalari barpo etish va oziq-ovqat ekinlari parvarishlash uchun qulay bo‘lgan lalmi yerlarni o‘rgandi. Taklif etilgan loyiha bilan tanishib, tutzorlar orasida yetishtiriladigan oziq-ovqat mahsulotlari bilan qiziqdi. Massivda 3 ming gektar yer maydoni tanlab olinib, pillachilik klasteri tashkil etishga dastlabki qadamlar tashlandi.  

Ajratilgan maydonni tezkorlik bilan Vetnam tajribasi asosida ko‘chat ekishga tayyorlash, bahorgi ko‘chatlarni kechiktirmay keltirib ekish, qator oralariga hudud iqlimiga mos oziq-ovqat ekinlari, poliz mahsulotlari yetishtirishni yo‘lga qo‘yish yuzasidan tegishli vazifalar belgilab berildi.  

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA