Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prezident topshirig‘i amalda: Surxondaryoda 20 ming gektar yangi yer o‘zlashtirilmoqda
11:18 / 2023-03-15

Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 13 mart kuni Surxondaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida voha adirliklaridan yangi yerlar o‘zlashtirib, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish va eksport hajmini oshirish, aholi farovonligini ta’minlash, yangi ish o‘rinlari yaratish yuzasidan ham qator vazifalarni belgilab berdi.

Viloyatda mazkur topshiriqlar ijrosini ta’minlash uchun Qumqo‘rg‘on va Jarqo‘rg‘on tumanlaridagi adirliklardan 20 ming gektar yerni o‘zlashtirishga kirishildi. Yangi loyiha doirasida "Pomir Surxon Agro klaster" mas’uliyati cheklangan jamiyati Qumqo‘rg‘on tumanidagi “Sayxon” massivida 12,5 ming gektar, Jarqo‘rg‘on tumanidagi “Oqtepa” massivida 7,5 ming gektar bo‘z yerni o‘zlashtirib, foydalanishga kiritadi. Ekinlarni obi-hayot bilan kafolatli ta’minlash uchun o‘zlashtirilayotgan maydonlarga yaqin Jarqo‘rg‘on tumanidagi “Oqtepa” suv omboridan quvur orqali suv yetkazib beriladi.  

Viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov yangi o‘zlashtirilayotgan ekin maydonlarida bo‘lib, "Pomir Surxon Agro klaster" mas’uliyati cheklangan jamiyatining loyihasi bilan tanishdi. Mas’ul mutaxassislar ishtirokida  yangi yerlarni o‘zlashtirish, foydalanishga kiritish bo‘yicha amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlarni muhokama qildi.  

Loyiha tashabbuskorlari suv taqchil bo‘lgan adirlikni o‘zlashtirib, atrofiga manzarali va mevali daraxt ko‘chatlarini ekishni mo‘ljallamoqda. Shu yerning iqlimiga mos poliz mahsulotlari, yeryong‘oq, kartoshka kabi oziq-ovqat ekinlarini yetishtirib, mo‘l hosil olishni rejalashtirayotir. Buning uchun dastlab adirlik tekislanib, ekin ekishga tayyorlanadi. Yerlarni bir maromda suv bilan ta’minlash yo‘lga qo‘yilib, mahalliy va mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantiriladi.  

Mutaxassislarning fikricha, viloyatda foydalanishga kiritilayotgan yangi yer maydonlari hudud aholisini ish bilan ta’minlash, vohada oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish ko‘lamini kengaytirib, eksport hajmini oshirishga ko‘maklashadi.

Viloyat rahbari loyihani yanada takomillashtirib, ishlarni tezroq boshlash yuzasidan tegishli taklif va tavsiyalarini bildirdi.  

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,  

O‘zA muxbiri