Davlatimiz rahbari joriy yil 27 iyul kuni Farg‘ona viloyatiga tashrifi chog‘ida oltiariqlik bog‘bonlarning uzumchilik sohasidagi tajribalarini yuqori baholab, respublikamiz tumanlarida ommaviylashtirish bo‘yicha ko‘rsatma bergan edi. Uzumchilik sohasidagi ushbu yo‘nalishlarni Sirdaryo viloyatida keng joriy etish maqsadida Sirdaryo tumanida amaliy seminar tashkil etildi.
Sirdaryo tumanining “Haqiqat” hududida fermerlik qilib kelayotgan Bahodir Isayev joriy yilda 20 gektar yerda uzumzor tashkil etdi. Ushbu dala maydoni avvallari suv chiqishi qiyin bo‘lib, hosildorligi tushib ketgan, zaxira yerlar edi.
– Mart oyida uzumning “kish-mish” navini ekib, nihol oralariga may oyida piyoz ko‘chatlarini joylashtirdim, – deydi fermer Bahodir Isayev. – Dalani sug‘orish uchun 120 metr chuqurlikdan artezian suv chiqardim, 600 million so‘mga zamonaviy tomchilatib sug‘orish texnologiyasini o‘rnatdim. Uzumzor “Oltiariq” uslubida ekilgan va keyinchalik piyozdan olingan daromadga ishkom qilaman.
Muhimi bu orqali chekka hududda 10 doimiy va 50 mavsumiy ish o‘rni yaratildi. Albatta, fermer o‘z o‘zidan bunday natijaga erishgani yo‘q. G‘oyasini moliyalashtirishga Respublika qishloq xo‘jaligida xizmatlar ko‘rsatish agentligi tomonidan 400 million so‘m mablag‘ ajratildi. Ko‘rinib turibdiki, yerning yaxshi yomoni bo‘lmaydi. Har qanday sharoitda ham omilkorlik va innovatsiya asosida qilingan mehnat o‘z samarasini beradi.
Xususan, 2018 yilda tashkil etilgan “Agro eko technology” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli maydonlar ham unumdorligi past, zaxira yerlar edi. Ikki yil avval ekilgan uzum ko‘chatlari bu yilgi qahraton qishning sovuqlariga dosh berdi. Italiya usulida parvarish qilinayotgan mazkur uzum navi har qanday iqlim sharoitiga chidamli, bozori chaqqon va sanoatbopligi bilan alohida ajralib turadi. Ushbu maydonlarda ham barcha ekinlar tomchilatib sug‘orish texnologiyasi asosida sug‘oriladi.
Xo‘jaliklarda uzumchilik tarmog‘ida to‘plangan tajribalarni ommaviylashtirish maqsadida ushbu xo‘jalik dalasida seminar tashkil etildi. Unga respublikadan taniqli olimlar, soha mutaxassislari, barcha tumanlardan qishloq va suv xo‘jaligi bo‘limlari vakillari, fermer va klaster rahbarlari taklif etilib, uzumchilikda “Oltiariq tajribasi” o‘rganildi.
Ta’kidlandiki, bugun jahon bozorida danaksiz uzum mevasiga bo‘lgan talab tobora ortib bormoqda. Shu boisdan uzumning oddiy xo‘raki navlaridan ko‘ra, dunyo bozorida xaridorgir bo‘lgan yangi, sanoatbop navlarni ko‘paytirish, sohaga ilm-fan yutuqlarini keng joriy etish davr talabidir. Endilikda Sirdaryo viloyatida 12 ming gektarda tokzorlar barpo qilinadi. Shundan birgina Sirdaryo tumanida 600 gektar ekiladi, yana 3000 gektar zaxira yerlar, dala chetlariga, rashalar va xonadonlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Bundan tashqari, tashabbuskorlarning loyihalari ham qo‘llab- quvvatlanadi. Buning uchun Qishloq xo‘jaligida xizmatlar ko‘rsatish agentligining mablag‘lari jalb qilinadi.
– Har bir tumanda “Oltiariq” usulida uzum yetishtirish imkoni bor. Bugungi seminarda olimlardan juda ko‘p ma’lumotlar oldik, – deydi Oqoltin tumani irrigatsiya bo‘limi mutaxassisi G‘iyosxo‘ja Hamzayev. – Ayniqsa, tokzorlarni sug‘orish tartibi, tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini qo‘llash va moliyaviy manbaalar hususida juda zarur bilimga ega bo‘ldik.
Seminar davomida soha olimlari qaysi navni qayerga joylashtirish, sug‘orish texnologiyasi, yerni tanlash va ekish, ko‘chat tanlash, qaysi mavsumda nihol o‘tqazish samarali, zararkunandalarga qarshi kurashishning zamonaviy usullari hususida ishtirokchilarga batafsil ma’lumot berildi. Savol-javoblar ruhida o‘tgan tadbirda uzumchilikni tashkil etish bilan bog‘liq barcha masalalar muhokama etildi.
Shuhrat Suyarov,
O‘zA muxbiri