Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prezident topshirig‘i amalda: Samarqand shahrida yangi avtobuslar yuradi
14:02 / 2023-02-06

Aholining jamoat transportiga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, tizimni tubdan isloh qilish davr talabi bo‘lib turibdi. Sohaga berilayotgan imkoniyatdan oqilona foydalanish, yo‘lovchi tashish tizimini yangi bosqichga olib chiqish kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalardan biri. Joriy yilning 31 yanvar kuni Prezidentimiz huzurida Toshkent shahri va viloyat markazlarida jamoat transportini moliyalashtirishning yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda davlatimiz rahbari sohada muammolar to‘planib qolgani, ularni hal etish uchun transport boshqarmalari va avtobus parklarida hozirgi ish tizimini o‘zgartirish zarurligini qayd etib, moliyalashtirish, avtobus yo‘nalishlarini tashkil etish, avtoparkni yangilash va infratuzilmani takomillashtirish bo‘yicha yangi tizim joriy qilish chora-tadbirlarini belgilab berdi.

– Jamoat transporti aholiga qulay, tadbirkorlarga jozibador bo‘lishi kerak, – deydi Samarqand viloyati transport boshqarmasi boshlig‘i Akobir Ashurov. – Transport parkini izchil yangilab borish ham muhim. Yig‘ilishda buni rag‘batlantirish bo‘yicha takliflar bildirildi. Jumladan, endi jamoat transporti yo‘nalishlari bo‘yicha ochiq tenderda avtobuslarning yangilik darajasi asosiy mezon etib belgilanadi. Tashuvchilarga to‘lanadigan mablag‘larni shakllantirishda har yili avtobuslarning 20 foizini yangilab borish xarajatlari ko‘zda tutiladi. Bundan tashqari, tadbirkorlar olib kelgan yangi avtobuslar uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ini bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi. Avtobuslar sotib olish uchun 10 yilgacha muddatga imtiyozli kredit ajratiladi. Bu albatta, aholining jamoat transportiga bo‘lgan talabini qondirish barobarida sohaga berilayotgan e’tibordan dalolatdir.  

Samarqand shahrida jamoat transporti tizimini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, xizmat sifatini yaxshilash borasida dastlabki qadamlar tashlandi. Birinchi navbatda, yo‘lovchi tashish tizimining jozibadorligini oshirish maqsadida transport “master rejasi” ishlab chiqildi. Aynan mazkur rejaga asosan bugungi kunga qadar bo‘lgan barcha yo‘nalishlar qayta ko‘rib chiqildi. Takrorlanuvchi yo‘nalishlarga barham berish maqsadida yangi yo‘nalishlar tarmog‘i shakllantirildi. Bunda albatta, yo‘lovchilar oqimi hisobga olindi. Endilikda oldimizda turgan vazifalardan biri mazkur “master reja” ni amaliyotga tatbiq etishdan iborat. Bu borada ham dastlabki qadamlar tashlandi. Samarqand shahar infratuzilmasini rivojlantirish xamda “Simetra” xorijiy kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan rejada keltirilgan yo‘nalishlardan 41 ta yangi avtobus yo‘nalishlari, jumladan 8 ta magistral va 33 ta yetkazib beruvchi yo‘nalishlarni tashkil etish yuzasidan viloyatda ochilishi rejalashtirilayotgan yo‘nalishlarning harakat xavfsizligi talablariga muvofiqligini aniqlash bo‘yicha komissiya xulosasi tasdiqlandi.  

Harakat tarkibini barcha qulayliklarga ega bo‘lgan zamonaviy katta va o‘rta sig‘imli avtobuslar bilan yangilash maqsadida “Maroqand Trans 777” MCHJ tomonidan Xitoy Xalq Respublikasidan 100 dona avtobus olib kelish uchun shartnomaga muvofiq pul mablag‘lari o‘tkazib berildi. bugungi kunda dastlabki 28 ta avtobus olib kelindi. Qolgan avtobuslar ham tez orada keltirilib, yo‘nalishlarga chiqariladi. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Samarqand viloyat hokimligi hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki o‘rtasida umumiy qiymati 95 million dollarlik “Samarqand shahar jamoat transporti uchun 350 ta elektrobus harid qilish hamda ular bilan bevosita bog‘liq infratuzilmani yaratish” loyihasini amalga oshirish bo‘yicha “Mandat maktubi” imzolandi.  

Viloyat transport boshqaramasi muassisligidagi “Samarqand yo‘lovchi trans” davlat korxonasiga Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki tomonidan ajratiladigan kredit mablag‘lari hisobidan 350 dona elektrobusni olib kelish yuzasidan amaliy ishlar olib borilmoqda. Jumladan, dastlabki 100 dona elektrobuslarni xarid qilish yuzasidan xalqaro tender jarayonlari bo‘lib o‘tmoqda. Jamoat transportida shaharning bir nuqtasidan ikkinchisiga eng uzun yo‘nalish bo‘yicha uzog‘i bilan 30 daqiqada yetib borish tizimini yo‘lga qo‘yish maqsadida Samarqand shahrining Bo‘stonsaroy va Ibn Sino nomli ko‘chalarida 5,5 kilometr masofada jamoat transporti uchun alohida yo‘lak tashkil etilmoqda. Soha mutaxassislari bu yil Samarqand shahri jamoat transportida tub o‘zgarishlar yili bo‘lishini ta’kidlamoqda.  

 

G‘.HASANOV,  

O‘zA.