Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prezident topshirig‘i amalda: Qorako‘lda dala chetlari, tomorqadan samarali foydalanilmoqda
19:30 / 2023-05-05

Buxoro viloyati Qorako‘l tumanidagi mahallalarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishni ixtisoslashtirish jarayoni o‘tgan yillardan boshlangan. Jumladan, 2022 yilda hududdagi 20 ta o‘zini o‘zi boshqarish organi xuddi shu jabhada mahsulot yetishtirishga yo‘naltirilgan. Ulardagi 13 mingdan ortiq xonadon o‘zining 736 gektar ekin yerida muayyan bir mahsulotni yetishtirish tajribasini o‘zlashtirmoqda.

Joriy yilda bu boradagi ishlar davom ettirildi. Tumandagi ixtisoslashtirilgan mahalla sonini 25 taga yetkazish va bunda qariyb 17 ming xonadon tasarrufidagi  ming gektardan ziyod yerda belgilangan sabzavot-poliz mahsulotlarini yetishtirish agrotexnikasi puxta egallanishi ko‘zda tutilgan. Chunonchi, hududda 18 ta mahallada aholi qiziqishlari, ko‘p yillik tomorqachilik madaniyatidan kelib chiqqan holda pomidor, bodring, piyoz, sabzi, lavlagi, karam, bulg‘or qalampiri, sholg‘om kabi sabzavot mahsulotlari yetishtirishni ko‘paytirish rejalashtirilgan. Natijada mavjud 872 gektar ekin yeridan unumli foydalanish, bir mahallaning 75 gektar aholi tomorqasida kartoshka yetishtirish, 622 ta xonadoniga ega boshqa bir mahallada 38 gektar yerda qovun, tarvuz, oshqovoq kabi poliz mahsulotlari yetishtirish belgilangan. Bog‘-tokzorini kengaytirib har yili meva hamda uzumdan barakali hosil olinayotgan 3 ta mahallada jami 2 ming 143 ta xonadonning o‘z tasarrufidagi 77 gektar ekin yerida bog‘dorchilikni rivojlantirishga doir manzilli ishlar amalga oshirilmoqda. Shu qatorda qishloq joylarida chorvachilik, parrandachilik, asalarichilik, quyonchilik va boshqa tarmoqlarni rivojlantirishga doir amaliy chora-tadbirlar boshlangan.  

Bugunga kelib Abdulla Avloniy, Abdulla Qodiriy hamda Muqimiy ko‘chalariga bo‘lingan “Jig‘achi” mahalla fuqarolar yig‘inida 564 ta xonadon, 890 ta oila va ularda jami 3 mingdan ziyod aholi umrguzaronlik qilmoqda.  

– Bizda qishloq xo‘jaligi, dehqonchilik, asosan tomorqachilik ancha rivojlangan bo‘lib, aholi tomorqa yeri 76 gektarni tashkil etadi, – deydi mazkur mahalla raisi Alijon Qilichev. – Shundan qariyb 5 gektarda qishloqdoshlarimiz issiqxona barpo etib, sabzavot-poliz mahsulotlarini yetishtirib kelishadi. Birgina 2022 yil mahallamiz mirishkorlari peshona teri bilan aynan tomorqada yetishtirilgan hosilni olsak, 210 tonna atrofida pomidor, 160 tona bodring, yana shuncha piyoz, 525 tonna atrofida oshqovoq, 570 tonnadan ortiq kartoshka elimiz dasturxoniga yetkazilgan. Ammo bizda karamning bir necha turini yetishtirish ommalashgan, ya’ni mahalliy navga mansub bosh karam, shuningdek, salatbop gulkaram va yana brokolli, koreys karamini ekib yetishtirish xo‘jaliklarga yaxshigina daromad keltirmoqda.  

Kuni kecha Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari viloyat kengashi ishchi guruhi tomonidan Qorako‘l tumanidagi o‘rganishlar davomida aholi tomorqalaridan foydalanishning ahvoli, sabzavot-poliz mahsulotlari yetishtirishda tomorqachilar duch kelayotgan tashvish va muammolar bilan birga, fermer xo‘jaliklari dala chetlarini obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, konturlar atrofida ozuqabop ekinlar yetishtirish ishlariga e’tibor qaratildi.  

Bu borada “Qorako‘l” hududidagi femer xo‘jaliklari faoliyati misolida umumiy ahvolga baho berildi. Ayni kunda bu hududda 15 ta fermer xo‘jaligi o‘z tasarrufidagi 555 gektar yer maydonida paxta va 661 gektar yerda g‘alla yetishtirib kelmoqda. Mavjud 110 ta konturda dehqonchilik qilib kelayotgan fermer xo‘jaliklarining 13 tasi hosil yetkazib berishga doir buyurtmachi tomoni “Qorako‘l kumush kalava” MCHJ bilan shartnoma imzolagan. Ikki fermer xo‘jalik esa “Merganteks” ko‘p tarmoqli agroklaster bilan paxta-g‘alla hosili yetkazib berishga doir shartnoma tuzgan.  

–Dala chetlarini ko‘kalamzorlashtirish va unumli foydalanish doirasida bu xo‘jaliklarning jami 81,5 gektarida kartoshka, piyoz, oshqovoq, qovun, tarvuz kabi sabzavot va poliz mahsulotlari, qolaversa, kungaboqar, loviya, mosh kabi dukkakli va moyli ekinlar yetishtirish ishlari davom ettirilmoqda, – deydi viloyat fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi Xurshid Boltayev. – Ishchi guruhi o‘rganishida ayon bo‘lishicha, bugunga kelib bu agrotexnik tadbir 71 foizga ado etilmoqda, xolos. Asosiy maydonlarda sabzavot, poliz va boshqa masulotlar yetishtirish salmog‘ini oshirish taqozo etilmoqda. Shu bois, Do‘rman qishlog‘idagi “Jonibek Abdusalom o‘g‘li”, shuningdek, hududdagi “Fazliddin Qilichbek”, “Ulug‘bobo”, “Olim Vali fayz”, “Farmonbobo Xursand” kabi fermer xo‘jaliklarida g‘o‘za va g‘alla parvarishi bilan bog‘liq agrotexnik tadbirlar qatorida dala chetlarida erta bahordan tut va tok ko‘chatlarini o‘tqazib parvarishlash, shuningdek, yetishtiriladigan mahsulotlarni sug‘orish maqsadida yer chetlaridan o‘qariq olib, dehqonchilik ishlarini jonlantirishda qator nuqson va kamchiliklar aniqlanib, yer egalariga ahvolni o‘nglashga doir tavsiya va topshiriqlar berildi.  

Zarif Komilov, O‘zA