Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prezident topshirig‘i amalda: oziq-ovqat mahsulotlari mo‘l bo‘ladi
17:56 / 2022-09-22

Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash mamlakatda ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy barqarorlikni ta’minlash garovi hisoblanadi. Yer yuzida iqlim o‘zgarishi natijasida yuz berayotgan tabiiy ofatlar, suv tanqisligi, qurg‘oqchilik kabi vaziyatlar oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishni tobora qiyinlashtirmoqda. Oqibatda dunyo oziq-ovqat bozorlarida taqchillik yuzaga kelib, narx-navo oshayotir.

Mamlakatimizda mazkur yo‘nalishda olib borilayotgan islohotlar o‘z samarasini bermoqda. Buni Buxoro viloyatida amalga oshirilayotgan ishlar misolida ham ko‘rish mumkin.

Viloyatda qishloq xo‘jaligi, jumladan, chorvachilikni rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor ijobiy natijalar bermoqda. Prezidentimizning joriy yil 8 fevraldagi “Chorvachilikni yanada rivojlantirish va ozuqa bazasini mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi hamda Vazirlar Mahkamasining 31 martdagi “Oziq-ovqat xavfsizligi va ichki bozorda narxlar barqarorligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarorlari bu boradagi ishlar samaradorligini yanada oshirdi.

Imtiyozli kreditlar, lizing va subsidiyalar hisobidan bu yo‘nalishda faoliyat olib borayotgan fermerlar va tadbirkorlik sub’ektlari yanada ko‘proq natijadorlikka erishayotir.

– Davlat rahbarining qabul qilgan qarorlari asosida yangidan tashkil etilgan chorvachilik loyihalari tadbirkorlar uchun katta imkoniyatlarni yaratib berdi, –deydi Buxoro viloyati “Chorvanasl” markazi direktori Nosir Rahmatov. – Yaratilgan imkoniyat va imtiyozlardan foydalanib tadbirkor va fermerlarimiz o‘zi xohlagan xorijiy davlatga borib nasldor mollar olib kelmoqda.

[gallery-8882]

Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda viloyatda 1 million 300 ming boshga yaqin qoramol mavjud. Ular sonini yanada oshirish va naslini yaxshilash borasida samarali loyihalar amalga oshirilmoqda. O‘tgan yili viloyatda 242,2 ming tonna go‘sht ishlab chiqarilgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkichni 315 ming tonnaga yetkazish rejalashtirilgan. Sut mahsulotlari 1,2 million tonnaga yetkaziladi. Bunday deyishga asoslar yetarli. Sababi, so‘nggi 3 yilda viloyatdagi 104 ta zamonaviy, 300-500 boshga mo‘ljallangan chorvachilik komplekslari yangidan qurilib, foydalanishga topshirilgan. Ayni chog‘da ular sonini 120 taga yetkazish rejalashtirilgan. Hozirda xorijdan keltirilgan naslli qoramollar soni 50 ming boshdan oshdi va ularning har biridan 25-30 litrgacha sut sog‘ib olinmoqda. Bo‘rdoqichilik yo‘nalishida 1,5-1,8 kilogrammgacha vazn olishga erishilmoqda.

– Avstriya davlatidan olib kelingan 140 bosh Semental zotli qoramollar hisobiga xo‘jaligimiz faoliyatini yanada kengaytirdi, – deydi Vobkent tumanidagi “Zahro yulduzi” fermer xo‘jaligi rahbari Anvar Kenjayev. – Hozirda bu yerdagi naslli sigirlar soni 160 boshga yetdi. Yil oxiriga qadar Fransiya va Germaniya davlatlaridan yana 200 boshga yaqin qoramol olib kelish bo‘yicha shartnomalar imzolangan.

Parrandachilik yo‘nalishi ham bugun viloyatning drayver sohalaridan biriga aylangan. 80 sotix yer maydonida barpo etilgan “Umid OIL Vobkent parranda” mas’uliyati cheklangan jamiyatining tovuqxonasida bugun 16 ming bosh broyler jo‘jalari parvarishlanmoqda. Uy sharoitida ishni boshlagan Mirshod O‘rinov bugun faoliyatini yanada kengaytirdi. Qo‘ychilik sohasida ham jamiyatda yangi loyihaga start berildi. Moldova davlatidan olib kelingan 77 bosh naslli qo‘chqorlar sifatli go‘sht va teri olish imkonini bermoqda. Avvaliga teri yetishtirishda Buxoro iqlim sharoitiga mos keladigan sufolk zotli qo‘chqorlar olib kelingan bo‘lsa, endilikda Yevropa bozorida go‘shti xaridorgir bo‘lgan dopler qo‘ylari ko‘paytirilmoqda.

So‘nggi yillarda viloyatda baliqchilik tarmog‘i ham rivojlandi. Vobkent tumanidagi “Ulug‘bek Hikmatovich” mas’uliyati cheklangan jamiyatida Rossiya tajribasi asosida baliq yetishtirilmoqda. Dastlabki natijalar zog‘ora baliqdan yuqori hosil olishda o‘z samarasini bera boshladi. Viloyatda qariyb 50 ming gektar maydonda chorva ozuqalari yetishtirilyapti. Bu borada ham fermer xo‘jaliklari uchun taqdim qilingan imtiyozlar chorvachilik rivoji yo‘lida muhim omil bo‘lmoqda. Har bir xo‘jalikning yaxshigina daromad topishi hisobidan bozorlarda oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanmoqda. Aholining go‘sht va sut mahsulotlariga bo‘lgan talabi to‘liq qondirilayotir. Eng muhimi, har bir fermada 30-40 ta yangi ish o‘rni yaratilib, yurtdoshlarimizning farovon yashashi uchun mustahkam asos hozirlanmoqda.

Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA