Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prezident topshirig‘i amalda: otaliqqa olingan yoshlar e’tiborda
10:04 / 2023-06-04

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yilning 11 aprel kuni yoshlar siyosati sohasidagi ishlar natijadorligini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan vazifalar ijrosi doirasida Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i, 3-sektor rahbari A. Ismoilovga Muzrabot tumanidan 50 nafar e’tiborga muhtoj yigit-qiz biriktirilgan.

Ayni paytda yoshlar muammolari atroflicha o‘rganilib, ular bilan aniq mezonlar asosida manzilli ish olib borilmoqda. Jumladan, sektor rahbari dastlab yoshlar bilan uchrashib, yaqindan tanishdi. Muammolarini tinglab, ularning yechimini topish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi. 

Ochiq muloqot chog‘ida ma’lum bo‘ldiki, nomma-nom biriktirilgan yigit-qizlarning 40 nafarini 1 va 2-guruh nogironligi bo‘lgan yoshlar tashkil etadi. 3 nafari profilaktik hisobda, 4 nafari probatsiya nazoratida turadi. Bir nafari oilaviy ajrim yoqasiga kelib qolgan. Bir nafar o‘smir ta’lim muassasasida uzluksiz dars qoldirishga odatlangan bo‘lsa, bir nafar yigit chetga chiqib ketgan. Ularning muammolari o‘rganilganda 40 nafari tibbiy yordamga muhtojligini aytdi. 4 nafari probatsiya nazoratidan ozod etishni, ikki nafari kontrakt-to‘lovga yordam qilishni, bir nafari ishga joylashishga, ikki nafari takroriy ekin ekish uchun g‘alladan bo‘shagan maydondan yer ajratishga ko‘maklashishni so‘radi.

Yoshlarning salomatligini tiklashga ko‘maklashish uchun har biri chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Shunga muvofiq mutaxassislar ularning 19 nafari ambulator davolanish, 6 nafari tuman tibbiyot birlashmasida statsionar, 6 nafari viloyat shifoxonalarida statsionar davolanish va 2 nafariga sanatoriy hamda reabilitatsiya markazlarida davolanishi uchun tavsiyalar berildi. Zarur birlamchi dori-darmon vositalari bilan ta’minlandi.
–Qalbimizga quloq tutib, muammolarimizni hal etish yo‘llari izlanayotganidan juda minnatdormiz,– deydi Mehnatobod mahallasida yashovchi Sayid Suyunov.– Endilikda biz o‘zimizni sog‘ligimiz qayta tiklangandek his etayapmiz. Ko‘rsatilayotgan mehr–muruvvat, ijtimoiy ko‘mak va qadrimiz ulug‘lanayotgani tanamizga kuch bag‘ishlamoqda. Bo‘sh vaqtimizni mazmunli o‘tkazish uchun turli tadbirlar tashkil etilayotgani ham bir olam quvonch ulashayotir. 

Uchrashuvlarda otaliqqa olingan yoshlarning har bir taklifi inobatga olinib, ular uchun qiziqarli tadbirlar uyushtirish ham yo‘lga qo‘yildi. Masalan, bir guruh yoshlar sektor rahbaridan viloyatdagi tarixiy obidalar va diqqatga sazovor joylarga sayohat tashkil etishni so‘radi. Yigit-qizlarning bu orzu-istagi ruyobga chiqarilib, ular uchun Termiz tumanidagi Hakim at–Termiziy majmuasi va Termiz shahridagi muzeylarga qiziqarli sayohat tashkil etildi. 

Yoshlar bilan manzilli ishlash jarayonida ularni o‘zlari istagan kasbga qiziqtirish va shu orqali bandligini ta’minlash yo‘llari ko‘rilmoqda. Shu maqsadda sektor rahbari yigit-qizlarni qo‘shni Angor tumanidagi zamonaviy “Ishga marhamat” monomarkaziga taklif etib, bu yerda 22 ta yunalish bo‘yicha kasb o‘rgatayotgan o‘qituvchi va murabiylar bilan ochiq muloqot uyushtirdi. Shu kuni yoshlar monomarkazda yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirib, uning faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Malakali o‘qituvchi va ustalar yigit-qizlarga bepul kasb-kor o‘rganish istagini bildirdi. 

Sayohat ham, monomarkaz bilan tanishuv ham yoshlarda boy taassurot o‘yg‘otdi.

Muzrabotda otaliqqa olingan yoshlar bilan manzilli ish olib borilayotgani ularni baxtli kamolga yetkazishga, ma’naviy-axloqiy qadriyatlarimiz ruhida tarbiyalashga xizmat qilib, yurtimizda yoshu-keksa qadrini ulug‘lash davlatimiz belgilab olgan siyosatning ustuvor yo‘nalishiga aylanganini keng namoyon etayotgani bilan ham ahamiyatli bo‘lmoqda.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA